1

Abdulla Qahhor. Anor (hikoya)

Mutolaa 21.01.2024, 23:03
Abdulla Qahhor. Anor (hikoya)

Uylar to`la non, och-nahorim bolam,

Ariqlar to`la suv, tashnai zorim bolam.

O`tmishdan

Turobjon eshikdan hovliqib kirar ekan, qalami yaktagining engi zulfinga ilinib tirsakkacha yirtildi. Uning shashti qaytdi. Jo`xori tuyayotgan xotini uning qo`lidagi tugunchani ko`rib, kelisopni kelining ustiga qo`ya chopdi. Keli lapanglab ag`anadi, chala tuyilgan jo`xori erga to`kildi.

Turobjon tugunchani orqasiga bekitib, tegishdi:

— Akajon, degin!

— Akajon! Jo-on aka!..

— Nima berasan?

— Umrimning yarmini beraman!..

Turobjon tugunchani berdi. Xotini shu erning o`zida, eshik oldida o`tirib tugunchani ochdi-da, birdan bo`shashib ketdi va sekin boshini ko`tarib eriga qaradi. O`z qilmishiga gerdayib turgan Turobjon uning ko`zini jiqqa yosh ko`rib:

— Nima ekanini bildingmi?—dedi.— Asalarining uyasi! Turgan-bitgani asal! Mana, mana, siqsang asal oqadi. Bunisi oq mum, harom emas — shimsa ham bo`ladi, chaynasa ham bo`ladi.

Xotin engini tishlab bir nuqtaga qaraganicha qoldi.

— Yo, qudratingdan, ishonmaydi-ya!—dedi Turobjon

keltirgan matoini titkilab. — Mana, chaynab ko`r! Ko`rgin, bo`lmasa innaykeyin degin…

Turobjon qizardi. U bir zamon betob o`rtog`ini yo`qlab eltgan tarvuzini, bemaza chiqqan bo`lsa kerak, sigirning oxurida ko`rib shunday xijolat bo`lgan edi.

Hovli yuzida aylanib yurgan oqsoq mushuk to`kilgan jo`xorini iskab ko`rdi, ma`qul bo`lmadi shekilli, Turobjonga qarab shikoyagomuz «myau» dedi.

— Tur, jo`xoringga qara! Uni ko`r, mushuk tegdi.

Xotin turayotib baralla yig`lab yubordi.

— Bu er yutkur qanday balo ekan!.. Odamlarday

gulutaga, tuzga, kesakka boshqorong`i bo`lsam-chi!

Turobjon do`ppisini boshidan oldi va qoqmoqchi bo`lganida ko`zi yirtiq engiga tushdi, yuragi achidi: endi uch-to`rt suv yuvilgan yangigina yaktak edi!

— Axir, boshqorong`i bo`l, evida bo`l-da!—dedi do`ppisini qoqmasdan boshiga kiyib. — Anor, anor… Bir qadoq anor falon pul bo`lsa! Saharimardondan suv tashib, o`tin yorib, o`t yoqib bir oyda oladiganim o`n sakkiz tanga pul. Akam bo`lmasa, ukam bo`lmasa…

Er-xotin tek qolishdi. Xotin jo`xorini tuyib bo`ldi, uni kelidan togorachaga solayotib to`ng`illadi:

— Havasga anor eydi deysiz, shekilli…

— Bilaman… Axir, nima qilay? Xo`jayinimni o`ldirib pulini olaymi, o`zimni hindiga garov qo`yaymi? G`alatimisan o`zing?

Xotin ovqatga unnadi, erining «boshqorong`i bo`l, evida bo`l-da», degani unga juda alam qildi, xo`rligi keldi, o`pkasi to`ldi.

Ovqat pishdi. Qozonning zangi chiqib qoraygan go`jaga qatiq ham rang kirgizolmadi. Turobjon ikki kosa ichdi, xotini esa hanuz bir kosani yarimlatolmas edi. Uning imillashini ko`rib Turobjonning ko`ziga negadir oqsoq mushuk ko`rindi. Mushuk yirtilgan engini esiga tushirdi, avzoyi buzildi. Uning avzoyidan «esiz jo`xori, qatiq, o`tin» degan ma`noni anglab xotin, ko`ngli tortmasligiga qaramasdan, kosani bo`shatdi, ammo darhol tom orqasiga o`tib ko`zlari qizargan, chakka tomirlari chiqqan holda qaytdi.

— Hali tug`ilmagan bolani er yutkur deding-a, — dedi Turobjon borgan sayin tutaqib.

Xotin indamay dasturxonni yig`ishtirib oldi, qozonga suv quyayotib, eshitilar-eshitilmas dedi:

— O`sha asalning puliga anor ham berar edi.

— Berar edi! — dedi Turobjon zaharxanda qilib. — Anor olmay asal oldim!

— Albatta berar edi! Albatta anor olmay, asal olgansiz!

Mana shunday vaqtlarda til qotib og`izda aylanmay qoladi, mabodo aylansa, mushtning xizmatini qiladi.

— Ajab qildim, — dedi Turobjon titrab, — jigarlaring ezilib ketsin!

Bu so`z unga qanday ta`sir qilganini faqat boshqorong`i xotingina biladi. Turobjon bu gapni aytdi-yu, xotinining ahvolini ko`rib achchig`idan tushdi, agar izzat-nafs qo`ysa hozir borib uning boshini silar va: «Qo`y, xafa bo`lma, jahl ustida aytdim», der edi.

— Kishining yuragini qon qilib yuborasan, — dedi anchadan keyin. — Nainki men asal olsam! Asal otliqqa yo`q, hali biz piyoda-ku! Xo`jayinga bir oshnasi sovg`a qilib kelgan ekan, bildirmasdan… o`zidan so`rab oz-rog`ini oldim… O`zi berdi. Tansiq narsa, xursand bo`larmikansan debman. Yo tansiq emasmi? Umringda necha marta asal egansan? O`zim umrimda bir marta eganman: Shokirxo`ja qandolatchi asal qiyom qildirayotganda qozoniga ammamning jo`jasi tushib ketgandi, shu jo`jani yalaganman…

Turobjonning bu so`zlari xotinining qulog`iga notayin bir g`uldirash bo`lib kirar edi. Uning Turobjon bilan uy qilganiga uch yil bo`lib kelayotir, nazarida, bu odam shu uch yildan beri g`uldirab kelgan, hozirgisi shuning davomiday edi. Ittifoqo, bu kun, nima bo`ldi-yu, uch so`zni ravshanroq aytdi: «Jigarlaring ezilib ketsin», dedi. Olamda uning suyangani eri, birdan bir orzusi — anor edi, birdaniga har ikkisi ham yo`qqa chiqdi.

Xotin uyga kirib ketdi. Anchadan keyin darchadan xira shu`la tushdi. Turobjon ham kirdi. Xotin darcha yonida, bir tizzasiga boshini qo`ygan, qoramtir — kul-rang osmonga qarab o`tirar edi. Turobjon tikka turib qoldi. Tokchadagi beshinchi chiroq pixillab yonar, uning atrofida katta bir parvona aylanar edi. Turobjon ham darcha yoniga o`tirdi. Shiftning qaeridir «qirs» etdi, qaerdadir kaltakesak chirqilladi, Turobjonning qulog`i jing`illadi. U ham osmonga — xira yulduzlarga qaradi. Masjiddagi keksa baqaterak orqasidan ko`tarilgan qizg`ish o`t ko`kka olovli iz qoldirib juda yuqoriladi va go`yo osmonga urilganday chilparchin bo`lib, «po`p» etdi.

— Mushak, — dedi Turobjon, — Mullajon qozining bog`ida. Mullajon qozi beshik to`yi qilgan.

Xotin indamadi.

— Shahardan to`ralar ham chiqqan, — dedi Turobjon yana.

Xotin yana indamadi. U Mullajon qozining bog`ini ko`rgan emas, ammo ta`rifini eshitgan. Bu bog`ni ko`z oldiga keltirib ko`rdi: bog` emas, anorzor… Anor daraxtlarida anor shig`il, choynakday-choynakday bo`lib bo`lib osilib yotipti.

— Bitta mushak uch miri,— dedi Turobjon, — yuzta mushak otilsa… bittangadan yuz tanga. Bir miridan kam — etmish besh tanga bo`ladi.

Er-xotin uzoq jim qolishdi. Turobjon og`zini katta ochib ham esnadi, ham uf tortdi.

— Ma, buni tik,— dedi u yaktagini echib, — ma!

Xotin yaktakni olib yoniga qo`ydi, aftidan, hozir tikmoqchi emas edi.

— Bo`l,— dedi Turobjon, birpasdan keyin, — ol… Senga aytyapman!..

— Ha, muncha!.. Turtmasdap gapira bering… Tikib qo`yarman, muncha qistov…

Turobjonning tepa sochi tikka bo`ldi.

— Hay, sening dimog`-firog`ing kimga! Xo`sh, nima deysan?

— Men sizga bir narsa deyapmanmi? Tikib qo`yarman.

— Har narsaga ro`zg`or achchiq bo`la bersa… qiyinroq bo`lar,— dedi Turobjon yaktagini kiyayotib, — kambag`alchilik…

— Kambag`alchilik o`lsin!

Xotin bu gapni shikoyat tarzida aytdi, ammo Turobjop buni ta`na deb tushundi.

— Nima, men seni olganimda kambag`alligimni yashirganmidim? Erkaboyga o`xshab chimildiqqa birovning to`ni, kavush-mahsisini kiyib kirganmidim? Bunday armoning bo`lsa hali ham serpulroq odamga teg.

— Ikkita anor uchun xotiniigizni serpul odamga oshirgani uyaling!

Bu gap Turobjonning hamiyatiga tegdi. «Jigarlaring ezilib ketsin» degani xotiniga qancha alam qilgan bo`lsa, bu gap Turobjonga shuncha alam qildi.

— E, hoy, anor olib bermadimmi? — dedi Turobjon mayin tovush bilan, ammo bu mayin tovushdan qo`rqqulik edi, — sira anor olib kelmadimmi?

— Yo`q! — dedi xotini birdan boshini burib.

Turobjonnipg boshi g`ovlab, ko`zi tindi.

— O`tgan bozor kuni egan anoringni o`ynashing olib kelganmidi?!

— O`ynashim olib kelgan edi!

Turobjon bilolmay qoldi: xotinining elkasiga tepib, so`ngra o`rnidan turdimi, yo turib keyin tepdimi; o`zini obrezning oldida ko`rdi. Xotin, rangi oppoq, ko`zlarini katta-katta ochib unga vahimali nazar bilan qarar va boshini chayqab pichirlar edi:

— Qo`ying… Qo`ying…

Turobjon uydan chiqib ketdi. Birpasdan keyin ko`cha eshigi ochilib-yopildi.

Xotin uzoq yig`ladi, eriga qattiq gapirganiga pushaymon bo`ldi, o`zini qarg`adi, o`lim tiladi; yig`idan tolib tashqariga chiqdi. Qorong`i, uzoq-yaqinda itlar hurar edi.

Ko`cha eshigini ochib u yoq-bu yoqqa qaradi — jimjit. Guzar tomonda faqat bitta chiroq miltillar edi. Samovarlar yotgan. Qaytib uyga kirdi.

Tom orqasida xo`roz qanot qoqib qichqirdi. Ko`cha eshigi ochildi. Xotin to burilib qaraguncha Turobjon katta bir tugunni orqalab kirib keldi. U tugunni uyning o`rtasiga tashladi. Bir choyshab anor har tomonga yumalab ketdi, bir nechasi obrezga tushdi. Turobjon xotiniga qaradi. Uning rangini ko`rib xotin qo`rqib ketdi — bu qadar oqargan! Turobjon o`tirib peshonasini ushladi. Xotini yugurib oldiga keldi va elkasiga qo`lini qo`ydi.

— Qayoqqa bordingiz? — dedi entikib. — Nima qildingiz?

Turobjon javob bermadi. Uning vujudi titrar edi.


 

1936

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1