Urgutda adir tepasidagi Navro`z bayrami o`tkaziladigan yalanglikka chiqadigan tik so`qmoq yonboshida bir qabr bor. Andak to`xtab, unga e`tibor bering. Bu jangchi, qahramon otning qabri. U frontda yaralangan egasini olib ketayotgan sanitar vagoni orqasidan yugurib, poezd tezlab ketganda etolmay, yo`lda qolib ketgan. Necha oylab tog`-toshlardan, daryolardan o`tib, cho`llarda sargardon bo`lib, oxiri Urgutni topib kelgan. Bu vafodor ot egasini ko`rish ilinjida oylab Samarqand vokzalidagi poezdlarni boshdan-oyoq aylanib chiqadi. O`ziga tanish sanitar vagonni topolmay, kelgusi poezdni kutadi. Urgut bilan Samarqand oralig`ida qatnayverib, tuyoqlari emirilib, yurishga imkon bermay qo`yadi. U oxiri qadrdon chavandozga ilhaq bo`lib jon beradi.
1960 yilda konchilar to`g`risida biron nima yozish niyatida Ohangaronga bordim. Yuz metrcha chuqurlikdagi shaxtaga tushganimda g`aroyib voqeaga duch keldim. Bu voqea meni hali-hali larzaga soladi. Ilgari boshimga qora kunlar yog`ilganda Jezqo`rg`on mis konlari shaxtalarida ishlaganman. Er qa`ridagi bunaqa hayot menga tanish edi. Boya aytganim ā meni larzaga solgan narsa ā ko`mir konida 17 yildan beri yorug`lik ko`rmay, toza havodan nafas olmay yashayotgan ot edi.
Bu ot qirq birinchi yili frontga jo`natiladi, ikki yil jang qiladi. Yaralangan otlar qatori Ā«brakĀ» qilinib, ko`mir konlari boshqarmasi ixtiyoriga yuboriladi. Shu tariqa u frontdosh do`stlari bilan Ohangaronga kelib qoladi. O`sha paytlarda elektr quvvatining etishmasligi tufayli texnikani ishlatib bo`lmasdi. Elektr quvvati faqat shaxta ichini yoritish va havoni tozalovchi ventilyatorni aylantirishga zo`rg`a etardi. Otlar er tagiga tushirildi. Ko`mir ortilgan vagonchalarni tortish shular zimmasiga tushdi. Yarasi bitib, asil holiga kelgan ot isyon ko`tarib, yuk tortmay qo`ydi. Shunda er ustidan bir yahudiy mol do`xtiri tushib, uni axta qilib qo`ydi. Ana shundan keyin u yuvvosh tortib, itoatli bo`lib qoldi. Ko`p otlar havo etishmasligidan, og`ir mehnatdan birin-ketin o`la boshladilar. Yuqori quvvatli elektr liniyalari tortib keltirilgandan keyin otlar kerak bo`lmay qoldi. Ular ishdan ozod qilinib, er betiga chiqazildi. Ammo, yorug`likka chiqqach, qorachiqlari kengayib ketgandan kuchli yorug`likka chidamay, hammasi ko`r bo`lib, badbo`y iflos havoga o`rgangan o`pkalari toza havoga dosh berolmay qoldi. Shaxtada qolgan uch-to`rt ot ham o`lib ketdi. Faqat shu birgina ot hamon er qa`rida yashayapti.
Boshimdagi kaska chirog`ini otga tushiraman. U jimgina turaveradi. U axta qilinganidan buyon ana shunaqa befarq, loqayd bo`lib qolgan ekan.
Menga hamroh bo`lgan kon muhandisiga qarayman.
ā Buni nima qilmoqchisizlar? Yuqoriga chiqazilsa ko`r bo`lib, o`lib ketadi. Bechora shu erda yashayveradimi?
ā Boshqa iloj yo`q. Xudo qancha umr bergan bo`lsa shu erda poyoniga etkazadi.
O`z o`limini sokin, itoat bilan, isyonsiz kutayotgan baxtsiz jonivorga qarab yuraklarim zirqirab ketdi. Qanchalar rahmsiz bo`lib ketganmiz-a, deyman o`zimga o`zim. Dinga qarshi tinimsiz tashviqotlar o`z ishini qilmayotganmikin? Dilimizdan imon ko`tarilmayotganmikin? Nahotki, Xudoni unutayozdik? Yo`qsa, bu shafqatsizlik bizga qaydan ilashadi?
Qamoq lagerlarida umrini o`tkazayotgan mahbuslar uyini, bola-chaqalarini sog`inib mushuk boqishardi. O`zlari to`ymagan ovqatdan yulib mushuklarga berishardi. Lager siyosiy rahbari shu mushuklarni qopga solib, olov gurillab yonayotgan novvoyxona pechiga tashlaganini ko`rganman. U alangada jizg`anak bo`lib yonayotgan mushuklarni zavq bilan tomosha qilgandi. Bu shafqatsiz odam ibodat qilayotgan nasroniylarni, namoz o`qiyotgan musulmonlarni ayamasdan kaltaklardi. Bu xil shafqatsizliklar o`shanaqa imonsizlardan o`tmaganmikan?
Shunday iztirobli xayollar bilan otdan uzoqlashdim.
Goh emaklab, goh bukilib, vagonchalarga, elektr simlarga tegib ketishdan qo`rqib, ming bir xavotir bilan shaxta yo`llarini aylanib chiqdim. Tepamda kim bilsin, necha million tonnali er qatlami. U tinimsiz qisirlaydi. Har biri uydek-uydek keladigan ko`mir xarsanglarining darzidan qurum to`kiladi. Vagonchalarning taraqa-turuq tovushlari, tepadan yomg`irdek quyilayotgan suvlarning shovqini, suv tortayotgan nasoslarning tinimsiz guvillashi, parmalarniig pulemyot tovushini eslatuvchi ovozi, ular ko`chirgan ko`mir xarsanglarining pastga qarsillab tushishidan hosil bo`lgan momoqaldiroqdek vahimali tovushi meni dovdiratib qo`ydi, quloqlarim bitib, chiqish joyiga keldim. Hamrohim yuqoriga chiqib ketgan ekan. Liftchi chol ahvolimni ko`rib, temir kursini men tomon surib qo`ydi.
ā Birpas dam oling. Ancha urinib qopsiz. Shaxtaga birinchi tushgan odam shunaqa esankirab qoladi.
O`tirdim. Ikki ko`zim otda. Uning badani harakatsiz edi. Er betidagi otlar tanasiga qo`ngan pashshalarni dumi bilan haydaydi. Dumi etmagan joylariga qo`nganlarini terisini dirillatib uchirib yuboradi. Bu joyda na pashsha, na chivin bor. U otning o`zi emas, go`yo haykali edi.
Ot ham o`ylarmikan, deyman o`zimga o`zim. Ko`rgan kunlarini eslarmikin? Tolstoy ham, Aytmatov ham ot o`ylash, eslash qobiliyatiga ega jonivor, degan. Shunday bo`lsa, bu ot ham bolaligini eslay oladi. Shataloq otib yayragan yashil yaylovini, onasining to`lib, tirsillab turgan elinini boshi bilan turtib-turtib iydirganlarini, iliq, xo`shbo`y ona sutini miriqib emganlarini eslayotgandir. Chaqmoq chaqib, momoqaldiroq gumburlab, yomg`ir quyganda onasining issiq pinjiga suqilganlarini xayolidan o`tkazayotgandir. Avji g`unon bo`lgan paytida raqiblarini dog`da qoldirib, ko`ngli xushlagan suluv biyani ergashtirib, uyur orasidan g`olibona olib o`tgan paytlarini nahotki eslamasa!
Ot xo`rsinsa, ko`zidan yosh oqsa bir falokat yuz beradi, egasi o`ladi, deyishadi. Xo`rsingan otni albatta so`yib yuborishadi.
1952 yili shu otning ko`zidan mo`lt-mo`lt yosh oqqandi. Nim qorong`i shaxtada buni hech kim sezmagandi.
O`sha yili olis Jezqozg`on konida mis harsanglarini ko`chiradigan mahbuslar orasida bir mahbus, sobiq qahramon, otliq askar Ermat chavandoz olamdan o`tdi. Mis to`zonlari uning o`pkasini chiritgan edi. Ermat chavandoz umrini vatan xoini degan Ā«unvonĀ» bilan yakunladi.
Ot o`z chavandozining olamdan o`tganini sezdimikin? Uning xo`rsinishi, ko`zida mo`ltiragan yosh balki shundandir? U jonvorlik hissiyoti bilan fojiani olisdan turib sezgan bo`lishi mumkin.
Bu ruhiy holat, bu erk sog`inchi menga tanish.
Yigit yoshim barq urgan, uylanib, hayot nash`asini surayotgan, yonib ijod qilayotgan paytimda meni zindonga tashladilar. Yorug` tushmaydigan, tashqaridan tiq etgan tovush kelmaydigan yakka zimiston xonada (odinochkada) yotganimda xuddi shu otga o`xshab ko`rgan-kechirganlarimni eslab o`tirardim. Qiziq, negadir faqat bahor paytlarini eslardim. O`rik gullagan, shabboda shaftoli gullarini to`zg`itardi. Majnuntollarning uzun yashil sochlari yangi uyg`ongan maysalarning boshlarini silardi. Jannatga bermagulik o`zbek bog`larida bahor bir necha haftalik mehmon edi.
Yigitlik ham ana shunday mehmon. Shu g`animat, keyin hech qachon qaytib kelmas damlarni qorong`u zindonda o`tkazish naqadar ayanchli, naqadar armonliā¦
Shu topda, er tagida ot o`ylayapti, men o`ylayapman.
Ot yashil yaylovlarni ko`ryapti. Ona bag`rida yayraganlarini eslayapti. Men birinchi kitobim chiqqan, quvonchim olamga sig`mas baxtiyor damlarni ko`z yumib xotiramda jonlantiryapman.
Beixtiyor otga qarayman. U hamon bosh ekkancha loqayd turardi.
ā E, birodar, ne gunohing bor ediki, seni shu alpozga solishadi?
Ot tilga kirgandek bo`ldi:
ā Menda qanday gunoh bo`lsin. Bir bezabon jonivorman. Odamlarning yukini engil qildim, uzog`ini yaqin qildim. O`zimni insonning do`sti degandimā¦ Hayronman. Olis yurtlarda janglarga kirdim. Odamlar menga o`q uzdilar. Yaralanib, uzoq yurtlardan vatan deb bilgan manzilga etib keldim. Mana, ko`rib turibsan, o`sha sog`inib kelgan vatanda oftob ko`rmay turibmanā¦
ā Bilaman, bilaman, jonivor. Xalqlar otasi xo`lu quruqni barobar yondirgan edi. Sendan biron zurriyot qolmadimi? ā deb so`rayman undan. U bosh chayqaydi.
ā Meni bunday baxtdan mosuvo qilganlar.
Ko`ksimda bir dunyo g`am bilan er betiga chiqib ketdim.
Osmon ko`m-ko`k, ukpardek oppoq bulutlar beozor suzadi.
Ot pastda, quyoshsiz, oysiz, yulduzsiz makonda mung to`la ko`zlarini yumganicha qora taqdirini poyoniga etkazish uchun zimistonda qoldi. O`ttiz etti yildirki, uni eslayman. Ba`zan u tushlarimga kiradi. Biron erda ot ko`rsam shu g`arib, baxti chopmagan jonivor esimga keladi. Shunday paytlarda doxiy Ā«padari buzrukvorimizgaĀ» qarata: Ā«Zulmingni, jabringni tortmagan kim qoldi? Odamlarga qilgan zulming kammidi, jonivorlarni ham baxti qora qilding-ku!Ā» degan bir nido ich-ichimdan otilib chiqadi.
O`tgan yili vodiyga mashinada ketayotganimda yomg`ir quyib yubordi. Olmaliq yo`lidan Ohangaron tomon burilishda hassaga tayangan bir keksa odam yomg`irda ivib, o`tgan-ketgan mashinalarga qo`l ko`tarib, olib ketishlaridan umid qilib turardi. Uning yonginasiga kelib, mashinani to`xtatdim. U eshikni ochib, Angrengacha olib ketishimni so`radi. Olib ketdim. U menga ikki-uch marta qarab olgach:
ā Sizni taniyman, birodar, ā dedi. ā Esingizda bormi, o`ttiz etti yil oldin sizni shaxtaga olib tushgandim.
Tasodifni qarang, shuncha yildan beri xayolimni band qilgan odamni topdim. Undan shoshib so`radim. Ā«Esingizdami, hu, shaxtadagi ot? U nima bo`ldi?Ā» dedim. U ichki bir iztirob bilan, past ovozda: Ā«O`ldiĀ», dedi.
ā Siz kelib ketganingizdan biron yil o`tib, jonivor qazo qildi. Jasadini Jigaristondagi frontchi do`stlari dafn qilingan joyga ko`mdik. Juda bahavo joy. Baland adir poyida. Kon veteranlari maslahatlashib, shu otlarga yodgorlik o`rnatmoqchi bo`ldik. Biroq o`zingiz bilasiz, Jigariston voqeasini butun dunyo bilib ketdi. Bemahal kelgan yomg`ir selga aylanib ko`priklarni buzdi. Daraxtlarni qo`pordi. Adirning tagi nam tortib, surila boshladi. Oxiri o`pirilib, odamlarning uylarini bosdi. Eh-he, qancha odam tuproq tagida qoldi. O`shanda otlarning mozori ham tuproq tagida qolib ketdi.
Bu gapdan ingrab yubordim.
Taqdirni qarang, bu baxti qora otning o`n etti yil er tagida yashagani, er tagida jon bergani kamlik qilgandek, qabri ham er tagida qolib ketibdi. O`zi aytgandek, Ā«vatanini topibdiĀ».
Hamrohimni Angrenda qoldirib, tog` tomon ketdim. Yomg`ir tingan, lekin tog` boshida bulutlar g`ujg`on o`ynardi.
Dovonga ko`tarilaman. Yonbag`irlarda uyur-uyur yilqilar o`tlab yurishibdi. Ular orasida men bilgan otning zurriyoti yo`q. U dunyodan nom-nishonsiz ketganā¦
Ā«Ot kishnagan oqshomĀ» qissasining so`nggi satrlarini yoddan o`qiyman: Ā«Ayo Tarlon, sen mening akamsan. Uka desa degulik mendayin ukang borā¦ Ayo Tarlon, sen mening qiyomatlik birodarimsan, qiyomatlikā¦Ā»
Bu so`zlar insonning eng yaqin do`sti, vafoli jo`rasi ā ot sha`niga aytilgan madhu taronadir.
1997 yil.