Bu aka-ukalar Angliyaning Oldkesl shahrida istiqomat qilishardi. Jon 52, Robert 49 yoshda bo`lsa-da, ular hanuzgacha bo`ydoqlar safidaydi. Qizig`i, tug`ilgandan buyon birga yashab, birga ovqatlanishadi-yu, biroq necha yildirki, gaplashmaydilar…
Bunga 10 yil burun sodir bo`lgan bir mojaro sabab. Shundan buyon ular bir og`iz ham so`zlashmadilar. Agar muloqotga kirishish zaruriyati tug`ilib qolsa, faqat qog`oz-qalam orqaligina buni amalga oshirardilar.
Bir kuni kechki ovqatdan so`ng odatdagidek birga o`tirishgandi. Ularning ikkalasi ham qora libosda edilar, boisi singillari Mari to`satdan vafot etgandi. Jon qog`oz oldi-da, yozdi: «Janob Liverseyj biznikiga tashrif buyurar ekan». Liverseyj ularning advokati edi. «Nega?» javob yozdi Robert. «Bilmayman. U qo`ng`iroq qildi va bizni ko`rmoqchi ekanligini aytdi».
Shu payt eshik qo`ng`irog`i jiringladi. Bu Pavel Liverseyj edi. U Jon va Pavel bilan ham maktabdosh, ham qalin do`st, shuningdek, aka-uka singari u ham hali uylanmagandi.
- Qalaysan, Pavel? –so`radi Jon.
- Juda yaxshi, -javob qaytardi advokat. –Men sizlarga singlingizning vasiyatnomasi haqida aytmoqchi edim. Bundan xabaringiz bordir?
- Yo`q, -javob berishdi ular birdaniga. –U bizga biror nima qoldiribdimi?
- 12 ming evro. Lekin avval vasiyatnomani o`qishga imkon bersangiz…
Advokat yon cho`ntagidan qog`oz chiqardi va o`qishni boshladi:
«Akalarim Jon va Robertga!
Sizlar o`zingizni yosh boladek tutasizlar. Men haliyam Anni Emeri tufayli janjallashib qolganliklaring sababini tushunmayman. Sizlar bechora Anniga nisbatan beshafqatlik qildinglar. U 10 yildan buyon biringizni kutadi axir. Qisqasi, vasiyatim shuki, ikkingizdan qay biringiz Anniga uylansangiz, men pullarimni o`shanga qoldiraman. Ikkingiz ham uylanmasangiz, u holda pullar Anniga qoladi.
Sevimli singlingiz Mari».
Aka-uka bu haqda bir necha kun o`yladilar. 10 yil oldin Anni 27 yoshligida ikkalasi uni sevib qolgandilar. Shu tufayli ular ko`p janjallashdi. Oxirgi dilxiralikdan so`ng gaplashmay qo`ydilar. Ammo ular bir-birini Anniga uylanish fikridan qaytganliklarini bilmasdilar…
Nihoyat, vasiyatnoma o`qilgandan keyin 5-6 kun o`tib Jon gap boshladi:
- Balki Anni uchun tanga tashlarmiz. Chikkami yo pukka?
- Pukka, - dedi Robert.
Tanga chikkani ko`rsatib tushdi. Ertasiga Jon Annining uyi tomon yo`l oldi. U etib borganda Liverseyj u erdan chiqayotgan ekan…
Xullas, aka ham, uka ham Anniga uylanolmadi. Ular haliyam buydoqlar safida, ammo bir-biri bilan gaplashishadi. Anni-chi? U yaqinda Liverseyjga turmushga chiqdi va Mari qoldirgan pullar ularning qo`lida qoldi.
Ingliz tilidan Nodira Ibrohimova tarjimasi