Ochig`ini aytsam, quyi Birmaning Mulmein shaharchasida ko`pchilik mendan nafratlanardi, men esa va ba`zan g`ururlanib yurardim, chunki o`sha paytlari hayotimda bir marta bo`lsa ham odamlar e`tiborida bo`lgandim-da.
Men polisiya zobiti edim, mamlakatda aksilevropa qarashlar ancha ildiz otgan paytlar edi. To`g`ri, qurol ko`tarib, qo`zg`olon uyushtirishga hech kimning haddi sig`masdi, biroq biror evropalik xonimcha yolg`iz o`zi bozor oralab yurgan bo`lsa, ko`ylagi nordon palma sharbati bilan bejab qo`yilardi. Shu bois, polisiya xodimi sifatida hammaning ko`z o`ngida edim va pichingu kesatishlardan, tabiiyki, bebahra qolmasdim. Biror mug`ombir birmalik meni futbol maydonida chalib yiqitsa va birmalik hakam bunga e`tibor qilmasa, olomon ustimdan kulib, shovqin solardi.
Bu holat bir necha marta sodir bo`ldi. Oxir-oqibat, meni ta`qib qiluvchi va mazax qiluvchi sarg`ish yuzlaru ortimdan aytiladigan haqoratlar asabimga tega boshladi. Eng ko`p haddidan oshadiganlari yosh buddaviy ruhoniylar edi. Shaharchada ularning soni bir necha mingdan oshar, ko`cha burchaklarida turib, evropaliklarni masxara qilishdan boshqa ishlari yo`q edi.
Bularning barchasi, oxir-oqibat sabr-kosamni to`ldirdi. O`sha paytda imperializm deganlarining haqiqiy basharasini anglab etgandim, shu sababli ham tezroq xizmatimni yakunlashni o`ylardim. Nazariy jihatdan (yashirin, albatta) birmaliklarning yonini olib, ularga zug`um qiluvchi inglizlarga qarshi edim. Qilayotgan ishimga kelsak, uni siz tasavvur qilganingizdan ko`ra ko`proq yomon ko`rardim. Shunga o`xshash ishda ishlab ko`rsangiz, imperiyaning iflos ishlariga yaqqol guvoh bo`lasiz. Badbo`y qafaslarda jon saqlab turgan uzoq muddatga hukm qilingan mahbuslarning tushkun qiyofalari, bambuk bilan savalanaverib momataloq bo`lib ketgan dumbalari – bularning barchasi meni aybdorlik hissiga asir qilib qo`ygandi. Biror narsaning o`zgarishiga umid qilmasdim, chunki yosh va chalasavod edim, o`zimni qiynayotgan muammolar haqida, Sharqda har bir ingliz ongiga majburan singdirilganidek, jimgina xayol surardim. Hattoki, Britaniya imperiyasi zavolga yuz tutayotganiga, uning o`rnini egallash ishtiyoqidagi yosh imperiyachalar inglizlardan yaxshiroq ekaniga ham aqlim etmasdi. Biladiganim shu ediki, o`zim xizmat qilayotgan imperiyaga nisbatan nafratim va ishimni yanada mushkullashtirayotgan badjahl mitti maxluqlarga qarshi g`azabim arosatida qovurilardim. Goh Britaniya rojaligi ko`zimga mazlum xalqni abadiy qo`rquv ostida tutib turadigan zolim hokimiyatdek ko`rinar, gohida esa men uchun buddaviy ruhoniylar qorniga pichoq tirashdan ortiq quvonch yo`qdek edi.
Bu kabi o`ylar imperializmning qo`shimcha mahsulotidir, buni ingliz-hind rasmiylaridan so`rab ishonch hosil qilishingiz mumkin, agar ularni ishdan bo`sh payti uchratsangiz, albatta.
Bir kuni ozgina bo`lsa ham o`ylarimni ravshanlashtiradigan bir voqea yuz berdi. Kichik voqea bo`lishiga qaramasdan, imperializmning asl mohiyatini to`la oshkor etib, mustabid hokimiyatga doir ishlariga guvoh bo`lishimga imkon berdi. Bir kuni erta tongda shaharning narigi chekkasidagi polisiya bo`limining uchastka inspektori qo`ng`iroq qilib, bitta fil bozorning tit-pitini chiqarayotganini aytdi. “Iltimos, kelib biron-bir narsa qiling” emish, men nima ham qila olardim? Lekin nima bo`layotganini o`z ko`zim bilan ko`rish istagida otimga minib darrov yo`lga tushdim. Yo`l-yo`lakay filni otish uchun ancha kichiklik qiladigan, ammo shovqini hech qursa uni qo`rqitib qo`yar degan o`yda qirq to`rt kalibrli eski Vinchester miltig`imni olvoldim. Yo`lda ketayotganimda birmaliklar to`xtatib, filning qilmishlari haqida kuyib-yonib gapirib berishdi. U, albatta, yovvoyi emas, aksincha, qo`lga o`rgatilgan mast fil ekan. Quturgan payti zanjirlab qo`yishgan ekanu, lekin o`tgan kecha zanjirni uzib qochib ketibdi. Shahar aholisi fil qarshisida qurolsiz va ojiz edilar. Ta`qibdagi fil esa allaqachon birovlarning bambuk kulbasini vayron qilishga, sigirini bosib ketishga va meva do`konlariga bostirib kirib, mahsulotlarni paqqos tushirishga ulguribdi; bular ham etmagandek, oldidan shaharchaning axlat tashish mashinasi chiqib qolib, filning oyoqlari ostida erparchin bo`libdi.
Inspektor o`rinbosari va bir nechta hind mirshablari meni filni ko`rgan joylarida kutib turishgan ekan. U er shaharchaning juda g`arib qismi bo`lib, tikka tog` yonbag`ridan pastga qarab ketgan, tomi palma barglari bilan yopilgan bambuk kulbalardan iborat ekan. Yomg`irlar mavsumi boshlanishidan darak berayotgan bulutli bo`g`iq tonglardan biri edi. Yo`lda uchragan odamlardan filning qay tomonga ketganligini surishtirib, har galgidek, jo`yali javob ololmadik. Sharqda doim shunday: biron-bir voqea dastlab eshitgan paytingiz hammasi ravshandek tuyuladi, biroq voqea mohiyatiga yaqinlashganingiz sari u mavhum bo`lib boraveradi. Ba`zilar fil bu yoqqa qarab ketdi desa, boshqalari u yoqqa ketdi, deb qo`llarini bigiz qilib yo`l ko`rsatishadi, yana bir toifa odamlar esa fil haqida mutlaqo eshitishmaganini uqtirishdi. Sal nariroqdagi baqir-chaqirni eshitib qolmagunimizcha fil to`g`risidagi hikoya g`irt uydirma, degan qarorga kelayozgandik. Bitta qari kampir “Yo`qollaring bu erdan zudlik bilan, hoy bolalar!”, deya baqirgancha qo`lidagi qamchi bilan kulbasidan chiqib kelib, bir to`da yarim-yalang`och bolalarni hayday boshladi. Xuddi o`sha erda yosh bolalar ko`rishi mumkin bo`lmagan nimadir bordek, bir necha ayol kampirga qo`shildi. Kulbani aylanib o`tib, loyga chapishib yotgan qip-yalang`och bir kishining murdasini ko`rdim. U janubiy hindistonlik qora ishchi ekan, o`lganiga uncha ko`p vaqt bo`lmagan. Atrofdagilarning aytishi bo`yicha, fil kulba yonida marhumning oldidan chiqib qolib, uni xartumi bilan o`rab erga urgan. Ayni yomg`ir mavsumi bo`lgani uchun er ancha yumshab qolgandi, murdaning yuzi ariqqa botib ketgandi. U bag`rini erga berib yotar, boshi bir tomonga qayrilgan, ko`zlari ochiqligicha qotib qolgandi. Aytgancha, menga hech qachon marhumlar go`zallashib qoladi demang. Men ko`rgan jasadlarning ko`piga qarab bo`lmasdi. Bahaybat hayvonning oyog`i ishchining terisini xuddi quyon terisiday shilib ketgandi.
O`lgan odamni ko`rishim bilan fil otadigan miltiq olib kelish uchun yaqin atrofdagi bir do`stimning uyiga askar jo`natdim. Otimni esa allaqachon qaytarib yuborgan edim, chunki u filning hidini olsa cho`chib ketishi va meni uloqtirib yuborishi turgan gap edi.
Bir necha daqiqadan so`ng askar miltiq va beshta patron bilan qaytib keldi, bu orada mahalliy birmaliklar kelib, fil bir necha yuz yard naridagi sholi dalalarida yurganini aytishdi. Yo`lga tushishim bilan kvartalning deyarli barcha aholisi uylaridan chiqib, ortimdan ergashishdi. Ular miltiqni ko`rib, meni filni otishga chog`lanyapti, deb o`ylab hayajondan baqirishardi. Fil ularning uylarini buzib tashlayotganida ham bunchalik junbushga kelishmagan xalq endi uning otilishi arafasida o`zlarini butunlay boshqacha tutayotgan edilar. Bo`lajak hodisa ingliz olomonini qiziqtirgani kabi ular uchun ham qiziqarli edi: fil otilsa, hammalari ancha-muncha go`sht olishlari mumkin edi-da. Bu meni noqulay ahvolga solib qo`ydi, chunki filni otish niyatim yo`q edi – o`zimni himoya qilmoqchi edim, xolos.
Elkamda miltiq, buning ustiga, meni oldinga undayotgan sanoqsiz xalq lashkari oldida o`zimni xuddi ahmoqdek his qilib tepalikdan tushdim. Pastda – kulbalardan biroz yiroqdan asfalt yo`l o`tgan bo`lib, undan quyiroqda hali shudgor qilinmagan bo`lsa-da, birinchi yomg`irdan so`ng ivigan maysa bilan qoplangan, minglab yardlarga cho`zilgan bo`m-bo`sh sholi dalalari bor edi. Yo`ldan sakkiz yard narida fil chap tomonini bizga qaratib turardi. U o`tlarni yulib, tizzasiga urib tozalab, og`ziga solish bilan band, olomon yaqinlashayotganini esa payqamasdi.
Yo`l o`rtasida daf`atan turib qoldim, chunki filni ko`rishim bilan uni otmasligim kerakligini his qildim. Harakatlanayotgan filni otish qiyin, bu – qimmatbaho texnikani pachoqlab yo`q qilish bilan barobar edi. Iloji boricha oldi olingani ma`qul. Buni sezganda, fil tinchgina. kavsh qaytarayotgan sigirdek, hech kimga xavf tug`dirmay o`tlardi. O`shanda va hozir ham filning mastligi allaqachon yozilganiga amin edim; toki mahavati kelib, uni tutib olib ketmaguncha shunchaki tentirab yursayam bo`laverardi…
Shunday deb o`yladimu, ortimdan ergashib keluvchilarga qaradim. Kamida ikki mingtacha odam yig`ilgan bo`lib, bu miqdor daqiqa sayin ko`payib borar, yo`lning ikkala tomoni to`silib qolgandi. Filning otib tashlanishidan shodlanib, tomoshani intiqlik ila kutayotgan yaltir-yultur kiyimlarga chulg`angan sarg`ish basharalar dengiziga hayratomuz boqdim. Ular hiylakor ko`zboylog`ichni tomosha qilganday, meni diqqat bilan kuzatib turishardi. Olomon meni yoqtirmasa-da, qo`limdagi miltiq sharofati bilan tomosha qilishlariga arzirdim. Shunda filni baribir otishim kerakligini angladim. Bu fikr xayolimga to`satdan keldi. Odamlar mendan shuni kutishardi va uni amalga oshirishim lozim edi; ikki ming xohish meni rad etib bo`lmas kuch bilan oldinga siljitardi. Shu daqiqada, qo`limda miltiq bilan turgan holimda, oq tanlilarning sharqdagi hukmronligi naqadar bo`sh va samarasiz ekanligini birinchi marta idrok etdim – tashqaridan qaraganda qurol-aslahasiz mahalliy aholi oldida qurollangan oq tanli sifatida bosh rolni ijro etayotgan aktyor bo`lib ko`rinsam-da, aslida, o`sha menga ergashib kelayotgan sarg`ish basharalarning irodasi bilan dam u yoqqa, dam bu yoqqa turtilayotgan bema`ni bir qo`g`irchoq edim, xolos.
Shu lahzada yana anglab etdimki, oq tanli odam zolim bo`lsa, bu bilan o`z erkini yo`qqa chiqaradi. U “sohib”ning ichi bo`sh, sirti yaltiroq, ichi qaltiroq nusxasiga aylanib qoladi. Hukmronligining sharti o`laroq, u umrini tubjoy aholiga ta`sir o`tkazishga sarflashi va har bir inqiroz holatida mahalliy aholi kutgan ishni bajarishi kerak. U niqob kiyadi va yuzini shu niqobga moslashtirib oladi.
Filni otishim lozim, buni miltiq olib kelishni buyurganimda zimmamga olib bo`lganman. Sohib sohibday yo`l tutishi joiz; u qat`iyatli ko`rinishi, fikrida qat`iy turishi va aniq harakat qilishi lozim. Shu bois ham qo`lda miltiq, orqamda ikki ming odam bo`laturib, hech narsa qilmasdan serrayib turaverish mutlaqo imkonsiz edi. Olomon ustimdan kulardi…
Ammo filni otishni istamasdim. Uning bir tutam maysani fillarga xos parishonxotirlik bilan tizzalariga urishini tomosha qilib turdim. Uni otish xuddi qotillik sodir etishdek bo`lib tuyuldi. O`sha paytda hayvonlarni o`ldirishdan unchalik ta`sirlanmasdim, lekin hech qachon fil otib ko`rmagandim va otishni istamaganman ham (Ulkan hayvonni o`ldirish doim biroz noxush voqea). Bundan tashqari, maxluqning egasi nima derkin, axir fil tirikligida kamida yuz funtga baholansa, o`lik holatida, ehtimol, tishlari uchungina besh funtga arzir.
Tezda biror nima qilmasam bo`lmasdi. Biz etib borganimizda shu atrofda turgan, ko`rinishidan tajribali birmaliklarga murojaat qilib, filning o`zini qanday tutayotganini so`radim. Ularning barchasi bitta gapni aytishdi: agar uni yolg`iz qoldirsangiz, siz bilan ishi bo`lmaydi, juda yaqin kelsangiz, tashlanishi mumkin.
Nima qilishim kerakligini tushunib etdim. Men undan, aytaylik, yigirma besh yard beriroqda turib, fe`l-atvorini aniqlashim kerak. Tashlanadigan bo`lsa, otib tashlayman; agar meni payqamasa, mahavati qaytib kelguncha undan nariroqda bo`lish xavfsizroq. Biroq bunday qilmasligimni tushunib turardim. Men bamisoli qo`lida miltiq tutgan no`noq bir o`t ochuvchi edim, zamin esa yumshoq loyga aylangan, har qadamda botib ketish hech gap emasdi. Agar fil tashlanib qolsa-yu, qulay paytni boy bersam, u holda asfalt tekislovchi mashina ostiga tushib qolgan baqada tirik qolish imkoni qancha bo`lsa, menda ham shuncha imkon qolar edi. Shunga qaramay, o`zimni emas, orqamda turgan sarg`ish yuzlarning taqdirini o`ylardim, chunki o`sha paytda olomon meni jiddiy kuzatib turardi, agar yolg`iz bo`lganimda qo`rquvni umuman his qilmasmidim. Oq tanlilar mahalliy aholi oldida qo`rqmasligi kerak. Xayolimga kelgan yagona o`y – agar biron noxushlik yuz bersa, ikki ming birmalik oyoq osti bo`lganimni, tepalikda qolgan hind singari yanchilib, jilmaygan jasadga aylanishimni ko`rishlari aniq edi. Mabodo shunday voqea sodir bo`lsa, ularning ba`zilari ustimdan kulishlari aniq. Bunday voqea yuz bermasligi kerak. Ha, hech qachon yuz bermaydi. Oldimda yakka-yu yagona yo`l qolgandi.
Patronlarni stvolga joylab, yaxshiroq g`oya o`ylab topish uchun yo`lga yotib oldim. Olomon sukutga cho`mdi, va nihoyat teatr sahnasidagi parda ko`tarilganini ko`rgan tomoshabinlar singari son-sanoqsiz tomoqlardan chuqur xo`rsiniqlar eshitildi. Ular orasida tomoqlari xursand tovush chiqarayotganlar ham bor edi.
Qo`limda optik mo`ljalli nemis miltig`i. O`shanda filning ikkala qulog`ini bir yo`la mo`ljallab otish kerakligini bilmasdim. Shu bois, fil yonlamasiga turgani uchun, uning quloq teshigini mo`ljalga olishim lozim edi, biroq miya sal oldinroqda deb o`ylab, qulog`idan bir necha dyuym beriroq joyni nishonga olibman.
Tepkini bosganimda, na o`q ovozini eshitdim va na zarbani his qildim – o`q aniq nishonga tekkanda shunaqa bo`ladi, lekin olomon orasida xursand baqir-chaqir ko`tarilganini eshitdim. O`qqa duchor bo`lgan filda g`aroyib va dahshatli o`zgarish yuz berdi. U qimirlamadi yiqilmadi ham, lekin tanasi titrab ketdi. O`q zarbidan qotib qolganday edi. Juda qari ko`rina boshladi. Nihoyat, juda uzoq tuyulgan besh soniyadan so`ng, fil tiz cho`kib egilib qoldi. Og`zidan so`lak oqdi. Qarilik butun tanasiga o`z hukmini shunchalik kuchli o`tkazgandiki, uni bemalol ming yoshlarda deb tasavvur qilish mumkin edi.
Men yana o`sha nishonni mo`ljallab o`q uzdim. Ikkinchi zarbada ham yiqilmadi, ammo umidsiz va zaif ahvolda – oyoqlari chalkashib, boshini quyi solgancha, zo`rg`a turardi. Uchinchi o`qdan keyin yiqildi. Qattiq og`riq butun vujudini larzaga keltirib, oyoqlari so`nggi madordan ayrilganiga guvoh bo`ldim. Yiqilayotganida tanasi xiyol ko`tarildi, orqa oyoqlari ustiga o`tirib qolgani uchun gavdasi ulkan qoya singari, xartumi esa daraxt kabi osmonga ko`tarilganday bo`ldi. U so`nggi marta na`ra tortdi. Keyin qornini men tomonga qaratib gursillab shunday yiqildiki, go`yo yotgan joyim qimirlab ketganday bo`ldi.
O`rnimdan turdim. Birmaliklar allaqachon loy kechib yonimdan yugurib o`tib ketishdi. Endi hech qachon o`rnidan turolmasligi ravshan bo`lsa-da, fil hamon tirik edi. U og`riqdan ingragancha bir maromda nafas olar, ochiq og`zidan hiqildog`ining och pushtirang chuqurchasi ko`rinib turardi.
Filning o`lishini uzoq kutdim, lekin nafas olishi zaiflashmasdi. Nihoyat, qolgan ikkita o`qni yuragini tusmollab otdim. Qizil duxobadek quyuq qoni otilib ketsa ham fil baribir jon bermadi. Otgan paytimda tanasi hatto qimirlamadi ham, azobli nafas olishda to`xtovsiz davom etaverdi. U juda sekin, azob chekib o`layotgandi, lekin endi mendan, odamlardan ancha olisga – o`q azob bermaydigan joyga ketayotgandi. Bu azobga nuqta qo`yishim kerakligini angladim. Qimirlay olmaydigan, o`lishga ham ojiz ulkan maxluqni o`ldira olmaslik juda ayanchli edi. Uydan kichikroq miltig`imni oldirib, uning yuragi va tomog`iga qarata otaverdim. Bu o`qlar unga ta`sir qilmayotganday tuyuldi – fil hansirashda davom etaverdi.
Oxir-oqibat, bu mudhish manzaraga dosh berolmay u erdan ketdim. Keyinchalik eshitishim bo`yicha, fil naq yarim soat o`lim bilan olishibdi. Ketishimdan oldin birmaliklar uylaridan xanjar va savat olib kelishayotganini ko`ruvdim, tushgacha qolmay filning suyaklarigacha ship-shiydam qilib ketishibdi.
Albatta, o`shandan so`ng filning otilishi bo`yicha nihoyasiz munozaralar bo`lib o`tdi. Egasi g`azablandi, lekin u bor-yo`g`i faqat bitta hind edi va tabiiyki, qo`lidan hech narsa kelmasdi. Bundan tashqari, men qonunan to`g`ri ish qilgandim, chunki mast fil, agar egasi boshqara olmasa, quturgan it kabi o`ldirilishi kerak edi-da. Bu borada evropaliklar ikki xil fikr bildirishdi: kattalar mening haqligimni ta`kidlashsa, yoshlar qora ishchini o`ldirgani uchun filni otishni sharmandalik deb baholashdi, chunki bitta fil janublik yalangoyoqdan qimmat turardi. So`ngra esa o`sha ishchining o`lganidan juda ham xursand bo`ldim, chunki uning halokati meni qonuniy ravishda oqlab, filni otish uchun ishonarli asos vazifasini bajardi.
Ancha vaqt o`sha fojiada hozir bo`lganlar men bu ishni odamlarning ko`ziga qo`rqoq bo`lib ko`rinmaslik uchungina qilganimni sezib qolishgan bo`lsa-ya, deb hadiksirab yurdim.
Ingliz tilidan Sojida SAMANDAROVA tarjimasi