Marta Meham xonim ko`cha muyulishidagi kichik novvoyxona egasi edi (uchta zinapoyadan ko`tarilib chiqqach, eshikni ochib kirishingiz bilan kelganingizdan xabar berib qo`ng`iroq jaranglardi).
Qirq yoshni qoralab qolgan, ikkita yasama tishi bilan jilmaygan payti o`zgacha bir chiroyli bo`lib ketadigan bu mehribon dil egasi bankda ikki ming dollar miqdorida daromadga ega edi. Vaholanki, shunday qila olishi mumkin bo`lgan boshqa oilalilarning imkoniyati Marta xonimnikiga qaraganda ancha past edi.
Haftada ikki-uch marta do`konga kelib turadigan bir xaridor Marta xonimni juda qiziqtirib qo`ygandi. U ko`zoynakli, soqoli tartibli qirtishlangan o`rta yoshlardagi kishi edi. Nemischa talaffuz bilan ingliz tilida so`zlayotgan bu janobning kiyimlari ancha uniqib qolgan, ba`zi joylari yamalgan, yig`irilgan va o`ziga halpillab turgan bo`lsa-da, xonimga u juda pokiza va juda yaxshi fe`l atvor egasi bo`lib ko`ringandi. U har doim ikkita qotgan non xarid qilardi. Chunki besh sentlik yangi non puliga qotgan bo`lsa-da, ikki non sotib olish mumkin edi va janob ana shu qotgan nondan bo`lak hech qachon hech narsa olmasdi. Bir safar Marta xonim uning qo`llarida qizil va jigarrang rangdagi bo`yoq dog`larini ko`rib qoldi va shunda bildiki, u rassom, ammo juda kambag`al. Uning chordoqda yashashi, u erda bebaho suratlar chizishi, qotgan non bilan bechorahol kun kechirishi va shuningdek, Marta xonimning do`konidan eydigan boshqa yaxshiroq narsalar haqida xayol surishiga shubha yo`q edi. Marta xonim har gal qiyma, yumshoqqina bulochka yoki choy va murabboli stolda o`tirganda tez-tez xo`rsinib qo`yar, elvizak o`tib turadigan chordoqda nozik tabiatli rassom bilan o`zining totli taomlarini baham ko`rishni xohlab yuragi achishardi. Chunki qahramonimiz boya aytganimizdek, juda mehribon va ko`ngilchan edi-da! Bir kuni u janobning haqiqatda rassom yoki yo`qligini tekshirib ko`rish uchun xonasidan qachonlardir arzongina narxda sotib olgan suratni olib chiqib, non rastasining orqasidagi tokchalarga qarama-qarshi qilib osib qo`ydi. U Venesiya manzarasi edi. Suratning old qismida, xuddi suv ustida turgan kabi, marmardan qoyilmaqom qilib ishlangan katta uy tasvirlangan bo`lsa, qolgan qismi suv ichida qo`lini suvga botirgan ko`yi xayolga cho`mgan qiz o`tirgan qayiq, bulutlar, osmon va o`zaro uyg`unlashib ketgan ranglar jilosidan iborat edi.
Ikki kun o`tgach do`konga o`sha xaridor kirib keldi.
– Marhamat qilib, menga ikkita qotgan non bersangiz, iltimos. Nonlarni o`rayotganida esa suratga ko`zi tushdi va:
– Suratingiz juda ajoyib ekan, xonim, – dedi.
– Ha, – dedi Mis Marta o`zining ayyorligidan zavqlanib, – men san`at shaydosiman va yana… suratlarning ham. (Rassomlarning ham demoqchi edi-yu, suratlarning deb to`g`irlab qo`ydi).
– Siz uni yaxshi surat deb o`ylaysizmi?
– Unda manzara yo`q. Chizish uslubi noto`g`ri. Yaxshi qoling, xonim.
U nonlarni oldi-yu, shoshib chiqib ketdi. Ha, u aniq rassom. Endi Marta xonimning bunga aslo shubhasi yo`q edi. Suratni xonasiga qayta kirgizib qo`yar ekan, xayollari yana o`sha sirli xaridor tomon tortdi. Ko`zoynaklari ostida chaqnab turgan ko`zlari qanday mungli va mehribon! Keng peshonasi o`ziga juda yarashgan. Bir qarashdayoq suratga baho bera olish va qotgan non bilan kun kechirish! Bu dahshat! Biroq ko`p hollarda qobiliyatni yuzaga chiqarish uchun kurashishga to`g`ri keladi. Agar bankdagi ikki ming dollar, novvoyxona va mehribon yurak evaziga uni yuzaga chiqara olganida, bu faqat san`at va surat uchun bo`lgan bo`lardi.Biroq bularning bari xomxayoldan o`zga narsa emas edi.
Xaridor tez-tez non olishga kelganda biroz muddatga rasta yonida xonim bilan suhbatlashishga odatlanib qolgandi. Go`yoki u Mis Martaning shodlikka to`la so`zlariga tashnadek tuyulardi. Ammo xaridor tort, pirog yoki Marta xonimning shirin Salli Lunlaridan birini emas, qotgan non sotib olaverardi. U Marta xonimga kundan kunga ozib, kuchsizlanib borayotgandek ko`rinar, shuning uchun xaridorning odmigina xaridiga eyish uchun yaxshiroq nimadir qo`shib qo`yishni juda xohlardi. Biroq jur`ati etmasdi.
Rassomlarning g`ururini yaxshi bilgani uchun, agar shunday qilsa, bu unga nisbatan haqorat bo`lgan bo`lardi.
Bir kuni Marta xonim ko`k nuqtali fartugini taqib olib, orqa xonada sariq meva urug`lari va tozalash uchun ishlatiladigan mineraldan o`zining odamlar yuz terini tozalashda ishlatadigan g`aroyib aralashmasini tayyorlayotgan edi. Odatdagidek o`sha xaridor kelib qoldi. U rasta ustiga tangasini qo`yib, qotgan non so`radi. Marta xonim u tomonga borayotganda tashqaridan qattiq signal ovozi va motorning kuchli o`t olgani tovushi eshitildi. Xaridor ko`chaga otildi. Sotuvchi xonim esa imkoniyatdan foydalanib qolmoqchi bo`ldi. Rasta ortidagi pastki tokchadan o`n daqiqa oldin sut fermasi ishchisi tashlab ketgan yangi sariyog`ni oldi. O`tkir pichoq bilan nonlarni chuqur qilib kesib, orasiga sariyog` joylab, yana zichlab yopib qo`ydi. Xaridor do`konga qaytib kirganida u nonlarni o`rayotgan edi. Noodatiy qisqa, ammo yoqimli suhbatdan so`ng, u ketgach Marta xonim o`zicha jilmayib qo`ydi. Biroq ko`nglida biroz hadik bor edi: Nimalar qilib qo`ydim o`zi? Uni yuragiga ozor berib qo`ymadimmikan? Shunaqa bo`lmasin-da, ishqilib.
Shundan keyin biroz vaqt o`tib, Marta xonim bolib o`tgan voqea haqida yana eslab qoldi. Rassomning qotgan non ichida uning hiylasini bilib qolganini tasavvur qildi: U cho`tka va bo`yoqlarini pastga qo`yadi. So`ng rasmtaxta yonida turib chizayotgan suratining ko`rinishi va manzarasini tahlil qilib bo`lgach, qotgan non va suv bilan tushlik qilmoqchi bo`ladi. Nonni kesadi. Oh! Mis Marta qizarib ketdi. U non ichiga sariyog`ni joylab qo`ygan shu qo`llar haqida o`ylarmikan? Ammo shu payt uning xayollarini tumandek tarqatib, eshik qo`ng`irog`i qattiq jiringladi va shovqin solib kimdir kirib keldi. Marta xonim shoshib eshik tomon borganida u erda ikki kishi turardi. Biri tamaki tutayotgan yosh janob, oldin uni hech ko`rmagandi, ikkinchisi esa rassom – uning yuzlari qizargan, sochlari to`zg`igan, shlyapasi boshining orqasida edi. Ikkala qo`li ham musht bo`lib tugilgandi.
“Ahmoq!” deb qichqirdi u baland ovozda va yana nemischada “Tausendorfen!” yoki shunga o`xshash nimadir dedi. Sherigi uni olib chiqishga harakat qildi. Ammo u ko`nmadi.
Hech qaerga bormayman. Hali gapimni tugatmadim, – dedi u g`azabli ohangda. Keyin baqirib yig`lab yubordi. Marta xonim uning qizarib ketgan moviy ko`zlariga qarashga toqat qila olmadi.
– Sen meni xonavayron qilding. Sen hamma narsaga burnini suqaveradigan qari jodugarsan. Marta xonim bir qo`li ko`k nuqtali fartugining etagida, bir qo`li polga tushganicha, tokchalarga holsizgina bo`lib suyanib qoldi. Yosh janob sherigining yoqasidan oldi.
– Bas, etar. Yur men bilan, – dedi va uni sudrab ko`chaga olib chiqib ketib, qaytib kirdi va xonimga yuzlandi.
– Sizga aytilajak navbatdagi gaplar nima bo`lishi mumkinligi haqida bir o`ylab ko`ring, xonim. Hozirgi kishi Blumberger, arxitektura chizmachisi. Biz birga ishlaymiz. U tanlov uchun uch oydan beri yangi shahar zalining rejasi ustida qattiq ishlayotgandi. Kecha yakunladi. Bilasizki, chizmachilar har doim chizmani birinchi qalamda chizishadi. Ishni tugatgach, qalam chiziqlarini qotgan nonning kichik bo`lagi bilan o`chirib chiqishadi. Chunki qotgan non hind o`chirg`ichidan samaraliroq. Blumberger bu erdan non sotib olib yurgan. Ammo bugun sizning allaqanday sariyog`ingiz uning barcha ishlarini barbod qildi.
Marta xonim orqa xonaga kirdi. Ko`k nuqtali fartugini echdi va eski mallarang ko`ylagini kiydi. Keyin sariq meva urug`lari hamda mineral aralashmasini derazadan kul idishi ustiga to`kib yubordi.
Ingliz tilidan Oltinoy HAYITBOEVA tarjimasi