O`sha tunda Mari bu haqda hatto xotira daftarchasiga ham yozib qo`ydi.
Daftarchaning 2155 yil 15 mayga tegishli sahifasida shunday deyilgan edi: «Bugun Tommi uydan kitob topib oldi!»
Kitoblar haqida Mari bobosidan eshitgan edi. Bobosiga ham o`z paytida o`zining bobosi aytib bergan emish. Bobosining aytishicha, bir paytlar yozuvlar qog`ozlarda chop etilgan!
Tommi topib olgan kitob juda eski edi. Aka-singil uni varaqlay boshlashdi.
Kitobda qimirlamay turgan harflarni tomosha qilish ularga haddan ziyod zavqli edi. Chunki ular so`zlarni ekranda o`qishga o`rganib qolishgan edi-da…
— Buni qara! — dedi Tommi, — esizgina… Bunday kitoblarni o`qib bo`lgach, tashlab yuborgan bo`lishsa kerak. Bizning elektron kutubxonamizda millionlab kitoblar bo`lsa ham, bunisi ulardan ming marta yaxshiroqqa o`xshaydi. Uni qo`lda ushlash, hatto yoningda olib yurishing ham mumkin. Men bunaqa kitoblarni tashlab yubormagan bo`lardim.
— Men ham, — dedi Mari kitobni avaylabgina siypalarkan.U endigina o`n bir yoshga kirgan, Tommichalik telekitoblarni ko`p ko`rmagan edi. Tommining yoshi o`n uchda, elektron kutubxonaga kiritilgan kitoblarni ko`p o`qiydi, til o`rganishga qiziqadi, hatto qadimiy tillardan ayrimlarini ham o`zlashtirgan.
— Buni qaerdan topding? — so`radi qizaloq. Bola kitobdan ko`zini uzmagan holda qo`li bilan ishora qildi: «tomdan».
Tommi kitob yozilgan qadimiy tilni uncha-buncha tushunar ekan, uni o`qishga berilib ketdi.
— Nima haqda ekan? — so`radi Mari sabri chidamay.
— Maktab haqida…
Mari bu gapdan burnini jiyirdi. «Maktab? Maktab haqida nimani ham yozish mumkin? Men maktabni yomon ko`raman!»
Qizcha maktabni chindan ham yomon ko`rardi. Negaki, robot «o`qituvchi» qizchaga fanlardan test ustiga test berar, u esa hech yaxshi o`zlashtira olmasdi. Bu holat to uning onasi uyga «o`qituvchi»ning holatini tekshirib ko`rish uchun texnik mutaxassisni chaqirmaguncha davom etdi. Mutaxassis o`zining har xil temir-tersaklarga to`la asboblar qutisi bilan kelib, "o`qituvchi"ni bo`laklab ko`rdi. O`sha tobda Mari «o`qituvchi»sining qayta tiklanmasdan, bir uyum temir-tersak holida qolib ketishini shunday xohladiki… Biroq unday bo`lmadi. Texnik usta hammasi joyida ekanligiga ishonch hosil qildi va bir soat o`tar-o`tmas, Marining qarshisida yana o`sha — bahaybat, qop-qora, savollaru uy vazifalari ko`rsatib boriladigan sovuqqina ekranli «o`qituvchi» turardi.
Mari eng yomon ko`rgan narsa bu "o`qituvchi" ekranidagi test javoblari va uy vazifalarini qo`yish uchun mo`ljallangan ochiq joy edi. U har safar topshiriqlarga olti yoshligida majburan o`rgatilgan kodni kiritishi kerak bo`lardi. Robot «o`qituvchi» esa bahoni darrovgina hisoblab qo`ya qolardi.
O`sha kuni texnik mutaxassis Marining onasiga qarata dedi:
— Ayb qizchada emas, missis Jons. Menimcha, fanlar sektori me`yordan biroz tezroq ishlaydi. Men uni o`n yoshga moslab sekinlashtirib qo`yaman…
Marining umidi puchga chiqdi. U «o`qituvchi»ni olib ketishsa kerak, deb o`ylagandi. Bir safar Tommining «o`qituvchi»sini rosa bir oyga olib ketishgandi-da. Sababi, undagi tarix sektori butunlay yopilib qolgan ekan.
Shularni xayolidan o`tkazarkan, Mari eski qog`oz kitobni berilib o`qiyotgan akasiga dedi:
— Nimaga endi aynan maktab haqida yozishgan ekan? Buning nimasi qiziq?
Tommi singlisiga g`alati qarash qildi va bilag`onlik bilan dedi:
— Bunda biznikiga o`xshagan maktab haqida yozishmagan, tentakvoy! Bu yuzlab yillar oldingi maktab!
Unaqa maktab haqida hech nima bilmasligi Mariga juda alam qildi. U Tommining elkalari osha kitobga ko`z yugurtirar ekan:
— Nima bo`lganda ham u erda o`qituvchilar bo`lgan-ku. Ularning nimasini yozish mumkin? — dedi bo`sh kelmay.
— Ha, albatta, u erda o`qituvchilar bo`lgan. Ammo ular odam bo`lgan!
— Odam?! — Endi Mari chinakamiga hayratda qoldi. — Qanday qilib odam o`qituvchi bo`ladi?
Tommi kulgudan yorilay dedi.
— Men begona odamning uyimizda menga dars berishini istamagan bo`lardim, — dedi Mari bidirlab.
Tommi endi jiddiy tortdi.
— Sen bilmaysan, Mari. O`qituvchi o`quvchilarining uyida yashamagan. Maktab uchun alohida, maxsus binolar qurilgan. Hamma bolalar o`sha erga borib tahsil olishgan.
— Ular bir xil saboq olganlarmi?
— Albatta, tengdoshlar bir sinfda bir xil saboq olishgan…
Endi Mari o`sha qiziq maktablar haqida ko`proq bilish ishtiyoqiga tushib qoldi. Tommidan kitobni ovoz chiqarib o`qishini yalinib so`ray boshladi. Ularning onasi «Bolalar! Maktabga!» deb chaqirganda ular kitobni hali yarmigacha ham o`qib ulgurishmagan edi. Mari Tommiga yolvorgan ohangda dedi:
— Darsdan so`ng kitobni yana o`qiymiz-a?
— Bo`pti, — dedi Tommi. Uning o`zi ham kitobda yozilganlar ta`sirida g`alati ahvolga tushib qolgandi.
Mari uylaridagi maktab deb nomlanadigan xonaga kirdi. Bu xona uning yotoqxonasi ro`parasida edi. Ichkarida robot «o`qituvchi» qizni kutib turgan ekan, Mari kirgach, uning ekrani yorishdi va «Iltimos, kechagi uy vazifalarini kerakli joyga kiriting», degan sovuq temir ovoz yangradi. Mari xo`rsinib, ko`rsatmani bajardi. U hamon bobosining bobosi bola bo`lgan paytlardagi qadimiy maktab haqida o`ylardi. «Barcha bolalar kulishib, o`ynab-kulib maktab hovlisiga kirib kelishgan, — o`ylardi qizcha havas bilan entikib. — Sinf xonasi degan joyda barchalari birga o`tirishgan, ularga bir xilda saboq berilgan. Kun oxirida barcha o`quvchilar uyga ham birga qaytishgan. Uy vazifalarini birga tayyorlashgan, bir-birlariga ko`maklashishgan, bahslashishgan… O`qituvchilari ham odam bo`lgan ekan. Demak, u bilan bemalol gaplashish, maslahat olish, hatto do`stona suhbatlashish mumkin bo`lgan…»
Mari o`sha vaqtda bolalar o`z maktablarini qanchalik sevganlarini tasavvur qilishga urinar, «Maktab ham, o`qituvchilar ham shunchalik yaxshi bo`lishi mumkin ekan-da! O`sha vaqtlarda bolalarga qanday mazza bo`lgan ekan-a!» deya o`ylardi.
Ingliz tilidan Mahbuba Vahobova tarjimasi