AsosiyMutolaa

Chexov. Chinovnikning o`limi (hikoya)

'Chexov. Chinovnikning o`limi (hikoya)'ning rasmi

So`lim oqshomlarning birida xuddi shunday so`lim ekzekutor Ivan Dmitrich Chervyakov kreslolalarning ikkinchi qatorida o`tirib, durbin orqali «Kornevil`skie kolokola» degan spektaklni tamosha qilardi. U sahnaga qarab, o`zini eng rohatda o`tirgan his qilardi. Lekin birdaniga… Hikoyalarda «lekin birdaniga» so`zi tez-tez uchrab turadi. Avtorlar shunday deyishga haqli, chunki hayotda tasodifiy hodisalar juda ko`p! Lekin, birdaniga uning yuzi burishdi, ko`zlari olaydi, nafasi to`xtadi… U ko`zidan durbinni oldi, engashdi va… apishu!!! Ko`rib turibsizki, chuchkurdi, chuchkurishning aybi yo`q. Mujiklar ham chuchkuradi, politsmeysterlar, ba`zan hatto tayniy sovetniklar ham chuchkuradi. Hamma chuchkuradi. Chervyakov hechqancha xijolat bo`lmadi, ro`molchasi bilan og`zi burnini artdi va odobli odam bo`lgani uchun chuchkurganim birovga malol kelmadimikan deb atrofiga qaradi. Mana shunda xijolat bo`lib qoldi. Qarasa, oldida o`tirgan chol perchatkasi blan tepakal boshini, bo`ynini artib, do`ng`illayotipti. Chervyakov cholni tanidi: bu chol statskiy general Brizjalov bo`lib, temiryo`l mahkamasida xizmat qilardi. «Men unga tupuk sachratdim,— deb o`yladi Chervyakov. Mening boshlig`im emas, begona, shunday bo`lsa ham yaxshi emas, afv so`rash kerak». Chervyakov yo`taldi, biroz oldinga engashib generalning qulog`iga pichirladi: 

— Kechiring, janobi oliylari, beodobchilik bo`ldi… Men bilmasdan… — Mayli, mayli… 

— Xudo haqi, kechiring. Axir men… Qandoq qilay… 

— Xudo haqi, kechiring. Axir men… o`zimga qolsa shundoq bo`lsin depmanmi! 

— Obbo, tek o`tirsangizchi, azbaroyi xudo! Qo`ying, eshitaylik! 

Chervyakov xijolat bo`ldi, iljaydi va sahnaga qaradi. U sahnaga qararkan, endi rohat qilolmay qoldi. Uning yuragi g`ash bo`la boshladi. Antrakt vaqtida Brizjalovga yaqin keldi, uning oldida biroz yurdi va o`zini dadil tutib g`o`ldiradi: 

— Men sizga bilmasdan tupuk sachratdim, janobi oliylari… Kechiring… Axir men… Nainki…

 — E, qo`ysangiz-chi… Men allaqachon esimdan chiqarib yubordim-u, siz hali ham o`sha gapni gapirib yuribsiz! — dedi general va tajang bo`lib pastki labini qimirlatdi. «Ko`zlari qonga to`lib turibdi-yu, tag`in esidan chiqqan emish, — deb o`yladi Chervyakov, generalga shubha bilan qarab. — Gapirgisi ham kelmaydi. Unga tushuntirishim kerak, o`zimga qolsa… Bu tabiat qonuni, axir. Tushuntirmasam menga tupurdi deb o`ylaydi. Hozir o`ylamasa, keyin o`ylaydi!». Chervyakov qilgan adabsizligini uyiga kelib, xotiniga gapirib berdi. Chervyakovning fahmicha xotini bu voqeaga engiltaklik bilan qaradi: u faqat qo`rqib ketdi-yu, Brizjalov erining nachalnigi emasligini bilganidan keyin, ko`ngli joyiga tusha qoldi. 

— Shunday bo`lsa ham borib uzr so`ra, — dedi u. 

— Bo`lmasa xalq orasida o`zini tutolmas ekan, deb o`ylaydi! 

— Mana shunisi bor-da! Men uzr so`radim, lekin hayronman… Bir og`iz ham durust gap aytmadi. Gaplashishga fursat ham bo`lgani yo`q. Ertasi kuni Chervyakov yangi vitsmundirini kiydi, sochini oldirdi va izoh bergani Brizjalovning oldiga ketdi… Generalning qabulxonasida arzga kelgan birmuncha odam o`tirgan ekan. General arz so`ramoqda edi. U bir necha kishidan arz so`rab bo`lib, Chervyakovga qaradi. 

— Kecha, janobi oliylari, agar eslarida bo`lsa, — deb so`z boshladi ekzekutor,— men «Arkadiya»da chuchkurdim… Bilmasdan janobi oliylariga tupuk sachratdim… Kechira… — Shu ham gap bo`ldi-yu… Tavba! Sizning nima arzingiz bor? — dedi general navbatdagi kishiga. «Gapirgisi ham kelmayapti,—deb o`yladi Chervyakov rangi o`chib, — xafa bo`libdi… yo`q, ko`nglidan chiqarmasam bo`lmaydi… Tushuntiraman…» General odamlardan arz so`rab bulgandan keini ichkari uyga kirib ketayotgan edi. Chervyakov uning ketidan ergashib g`o`ldiradi: 

— Janobi oliylari! Agar janoblarini bezovta qilishga haddim sig`sa, faqat pushaymonligimni izhor qilish vajidan deb bilasiz!.. o`zlariga ma`lum, jo`rttaga qilganim yo`q! General aftini burishtirib, qo`l siltadi va ichkariga kirib ketar ekan: — Siz meni kalaka qilayotibsiz, muhtaram afandi, — dedi. «Kalaka nimasi! — dedi ichida Chervyakov.

— Mening hech bunaqa niyatim yo`q! General bo`la turib, shuni bilmaydi-ya! Bunaqa bo`lsa men bu takabburdan uzr so`rab o`tirmayman! Ming la`nat! Xat yoza qolaman, endi kelib yurmayman. Xudo ursin, kelmayman!» Chervyakov uyga ketayotib shuni ko`nglidan kechirdi. U generalga xat yozmadi. O`ylab-o`ylab nima deb yozishni bilmadi. Ertasiga yana generalning oldiga borishga to`g`ri keldi. 

— Men kecha kelib sizni bezovta qilgan edim, janobi oliylari, — dedi u general boshini ko`tarib unga qaraganda. 

— Siz aytmoqchi, men kalaka qilganim yo`q. Sizga uzr aytgani kelgan edim. Kalaka qilish xayolimga ham kelgan emas. Nahot, kalaka qilgani haddim sig`sa? Agar biz kalaka qiladigan bo`lsak u vaqtda, demak, ulug`larda hurmat qoladimi. 

— Yo`qol! — deb baqirdi birdaniga general ko`karib, titrab-qaqshab. 

— A? — dedi angrayib qolgan Chervyakov sekin. 

— Yo`qol!! — deb qichqirdi general yana, er tepinib. Chervyakovning qornida nimadir uzilib ketdi. U hech nimaga qaramay, hech nimani eshitmay, eshikkacha tisarilib bordi, ko`chaga chiqib, jo`nab qoldi… Uyiga qanday borganini ham bilmay, vitsmundirini ham echmay, divanga yotdi-yu… o`lib qoldi.   

Rus tilidan Abdulla Qahhor tarjimasi

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar