Jalil aka deraza tagida yotardi. To`shakda. Bolishi baland. Unga suyanib, boshini ko`tarsa, bog`ni ko`radi. O`zi obod qilgan bog` u. Eng qari yong`oq «oltmish»ga kirdi. U bilan bir vaqtda ekilgan tut kesilib ketdi. Kallaklanaverib quridi. Keyin yiqitib, g`o`la qilib olishdi.
Jalil akaning o`zi ham ketish oldida. O`sma bilan og`rigan. Biladi. Doktorlar ko`p vaqt yashirib yurishdi. Lekin Jalil aka ovqatdan qolayottani, ozib ketayotganidan qo`rqib yurardi. Bir kuni sevimli nevarasi — yolg`iz o`g`lining yagona qizi Sadafdan so`radi: «Bolam, dardni kasal odam bilsa, o`ziyam tuzalishiga ko`shish ko`rsatar ekan. Eshittanim bor. Sen begona doktorlardan so`ra, bolam. Dardim nima ekan? Faqat rostini aytasan, xo`pmi?» «Xo`p, bobojon», dedi Sadaf. Oradan bir kun o`tmay Sadaf quti o`chib keldi. Bobosi yoniga cho`kkalab xo`p yig`ladi. Keyin: «Bobojon, aytishga tilim bormaydi-da», — dedi. «Nevaram, men seni o`zim katta qildim… ko`tarib. Meni… bobongni yaxshi ko`rsang, hurmatlasang, borini ayt». «Bobojon, o`zingiz ham unga qarshi… ish qilasiz-a?» «Albatta-da! Nima deb edim senga?». «Bobojon, kasalingiz — rak ekan». Sadaf yana izillab yig`lay boshladi.
Jalil aka, odamlar aytishicha, Jalil ota karaxt tortib qoldi: qayoqdan paydo bo`ldi bu dard? Ko`p-a, hozir… Qariya ancha sukutga tolib yotgach, xo`rsindi. Bu dard — bedavo ekanini eshigtan va chamasi o`zining «kasalligi» ham shunga yaqinroqmikan degan xayollarga ham borgan edi.
«Qismat ekan-da, — dedi. — Vo darig`. Yo`g`-e… O`ksish bekor. Birniki o`tdan, birniki suvdan… Meniki shundan ekan. O`zi bir hisobda yoshimniyam yashab bo`ldim. Men tengi qurdoshlarimdan kimlar qoldi? Ha-a, Mo`min… bor. U mendan ikki-uch yosh katta-ya. Yuragi butun ekan-da! Ha, uning yuragi butun. — Jalil ota g`ashlanib o`ylay boshladi. — U boshqacha… Yomonga, nomardga… o`lim yo`q deydilar-ku! Ha-e, mayli… Uyam yashasin. Bari bir dunyoga ustun bo`lmaydi. Birovga o`lim tilagandan…»
U o`zining rak ekani, ya`ni o`sma kasaliga mubtalo bo`lganini eslab ayanch jilmaydi. Kunlar o`tdi, oy o`tdi.
Qariya ba`zan tongga etishi gumondek sezardi o`zini, ba`zan shu yotishda ming yil yashaydigandek edi. Lekin keyin-keyin o`g`lining ham, kelinining ham o`ziga tikilib-tikilib qarashidan angladiki, kasali nimaligi ularga ham ma`lum. Biroq miq etmadi. Ular… ular otaning hademay turib ketishini bashorat qilishardi.
Bir kuni hovlida yugur-yugur ko`p bo`ldi. Kimlardir kelishdi. Jalil ota kechasi uxlolmagani, o`ylanib chiqqani uchun kunduzi uyqu bosib yotgan edi.
«Ha, birontasi kelgandir-da», deb qo`ydi.
Biroq, kechga tomon hovlida tag`in yugur-yugur bo`lib qoldi-da, keyin hammayoq tinchidi. Keyin qosh qorayganda, o`g`li Shokir novcha qomatini egib, eshikdan kirdi.
— Salom alaykum, ota.
— Ke, o`g`lim, o`tir.
— E, bir-ikki odam keldi. Sizni bezovta qilmasin, deb bu erga kiritmadim.
— Kim ekan ular?
— Sovchilar-da! Nevarangizga.
— A-a, Sadafning ham bo`yi etib qoldi. Shuning to`yini… tinchiganini ko`rsam, armonim yo`q edi.
— E, hali chevarayam ko`rasiz, ota.
— Yo`-o`q, bolam… o`lim — haq. Bir erda gurung bo`lib edi. He, yosh edim o`shanda. Lekin esimda qolgan. Bir komandirimiz bo`lgich edi.
Shokir kulimsiradi.
— Komandir…
— Ha, endi, mullayam bilganini o`qiydi-da, bolam… Bizning yoshlik o`z yo`liga o`tdi. Jang-jadal…
Jalil otaning umri chindan ham «jang-jadallar»da o`tgan. Inqilob g`alaba qilganda o`n besh yoshlarda edi. Iigirmanchi yillarda ko`ngilli bo`lib qizil askarlar safiga qo`shildi: ular xizmatini qilib, otlariga em tashib, tagini kurab yurdi. Etimcha qiyofasida bosmachilar qarorgohlariga necha marta borib keldi. Ammo-lekin bir gal… O`shanda…
Keyin «Qizil kaltakchilar» safiga qo`shildi. Keyin quloqlarni tugatish… Vatan urushi…
Shunisi qiziqki, Jalil… Jalil aka o`sha qilgan xizmatlari haqiga shtifoqo bitta ham nishon taqmadi. Nishon qayda, bir parcha yorliq ham olmadi.
Lekin bu narsalarni orzu qilmagan ham edi: u qilishi lozim degan ishni qilar, aksini qilmas, yo`q: o`zligiga qarshi bormas, bunga kuchi etmas edi. Shuning uchun ba`zi o`rinlarda «tirsaklandi» ham.
Zero, oddiy ish… xushomad qilish, kattalarga ta`zimda bo`lish, kezi kelganda, bir gapdan qolish ham… qo`lidan kelmadi. Aksincha, shunday qilib, obro` topgan, martabaga mingan kishilardan nafratlanadi hamon…
Uning bori — shu ekan.
— Ha, yaxshi gapmidi o`sha gap?
— U-u, dono gap. — Jalil ota shiftga tikildi. — Rahmatli komandirimiz o`zi xo`jalardan chiqqan edi. Lekin yangi hukumatga… sovetga sodiq edi. Nomardlik yomon…
— Uni aytgansiz, — dedi Shokir. — Xo`jasan deb qamashgan.
— Ha, o`z jo`rasi qamadi.
— Haligi gap…
«Shoshilyapti» deb o`yladi Jalil ota va gapni qisqa qildi:
— Shu kishi rahmatli aytgich edi-da: «O`limdan qochish kerak! Lekin o`limniyam bo`yinga olib yurish kerak!»
— Qo`ying, ota, o`limdan gapirmang.
— E, bolam, men ko`rdim…
— Yana…
— Sen ishingdan qolma… Mening dori-darmonim bor. Ishtaham yaxshi… Faqat sizlarga juda qarab qolganimdan xijolatman, o`g`lim. Yo`-yo`q, sen gapirma… Shokir jim qoldi.
— Shunday. Endi, na chora!
— Omonatini olguncha kutaman-da.
Shokir iliqqina kuldi.
— Yoshingiz o`tib, judayam taqvodor bo`lib qoldingiz.
Jalil ota ham kuldi.
— O`zimam hayronman.
— Ota deyman… Haligi…
— Labbay, gapiraver.
— Sadafingiz bu yil o`nni bitiradi. Keyin o`qishga bormoqchi.
— A-a.
— Mayli. Mening qarshiligim yo`q. Lekin unga yordam ham berolmayman.
— Ha-a.
— Lekin qaerga ketsayam boshi bog`liq bo`lib ketsa degandim. Keyin o`qishini sirtqiga o`tkazish mumkin. Qisqasi, qiz bolaning bir shaharga ketishi…
Jalil ota yana kulimsiradi.
— Sen ham mendan qolishmaysan.
— Nimada?
— E…
Shokir o`rnidan turdi.
— Mayli.
Bir haftadan keyin yana hovlida yugur-yugur bo`lib qoldi. Jalil ota hushyor edi. Biroq, bu gal ham mehmonlarni bu xonaga kiritishmadi. Bu gal ham ular ketib bo`lishgach, Shokir kelin bilan kirdi. Otaga qo`sh salom berib, chetga o`tirishdi. Keyin Shokir gap boshladi:
— Ota, siz jang-jadal, urush, komandir… deb bejiz gapirmaysiz, — dedi. — O`sha yillarni siz juda yaxshi bilasiz. Yoshlikdan ko`p narsa boshingizdan o`tgan…
Chol tetiklanib yotgan joyida bosh qimirlatdi.
— Haqiqat, rost.
— O`sha davrdagi tengdosh jo`ralaringiz ham sanoqli qolgan-a?
— Ha, bolam.
— Shu, Mo`min ota bilan qalaysiz?
Chol o`g`liga tikilib qoldi. Keyin, ijirg`anib, ko`zini pastga oldi.
— Nimaga so`rayapsan?
— Endi… sizlarning munday non-qatiq bo`lib o`tirganlaringni hech ko`rmadik-da.
— Ha, ko`rmaysan ham. Shokir sovuq tikildi.
— Nima uchun?
Chol yana birpas sukutga tolib qoldi-da:
— So`rama, — dedi. Keyin yuzi tirishib ketdi. — So`rama… Ont ichganman.
— A?
— Qasam ichganman.
— Tavba!
— Qo`y uni.
— Endi…
— Bolam, ovora bo`lma.
— Qiziq odatlaringiz bor-da.
— Shu-shu.
— Ha. Oqshom yana kiraman.
— Xo`p.
Shu bilan ota-bolaning orasi soviy boshladi. Sho-kir kelib, Mo`min aka haqida gap boshlaydi. Jalil ota ko`zini yumib oladi. O`rtada boshqa gap qolmagandek. Shokir chiqib ketadi, chol xayol surib, ijirg`anib yotadi.
Keyin-keyin tusmollay boshladi. Mo`minda ham ikki-uchta nevara bor. Eng kichigi Sadaf bilan tengdosh, yo undan bir-ikki yosh katta.
O`sha odam qo`yayaptimi Sadafga?
Chol titrab ketdi.
U Mo`min aka bilan bir umrga ajralishgan. To`g`ri, joyi kelganda u bilan so`rashgan bo`ladi. Bir davrada o`tiradi ham. Biroq, begonalardek.
Biroq uning orqasidan… bir og`iz so`z demagan, demas ham.
Uni eslasa bormi, darrov ko`z oldiga Bobotog` yo`llari, Yolg`izkapa o`rkachidagi ovchilarning pistirmasi, qilich, miltiq, o`q-dori, sovuq tunlar, yulduzli osmonlar gavdalanib ketadi. O`ksib jimib qoladi.
O`shanda, tog`dan qaytib tushayotganda, Mo`minga bergan va`dasini eslaydi.
Keyin: «Ha-e, shundayi ham bo`lar ekan-da», deb qo`yadi. Shu, xolos.
…Gap shundaki, Jalil aka Jalilbek bo`lib, Orzixo`ja komandirning otryadida yurganda, bir tun uni o`choq boshiga chaqirib, Orzixo`ja shunday dedi:
— Quyun qo`rboshini bilasan-a?
— Ha, — dedi Jalil.
— Uning ishlarini?
— Eshitganman.
— Bizga topshiriq keldi. Uni tiriklay qo`lga olish kerak.
— Bu qiyin.
— Quloq sol. Qiyinligini men ham bilaman. Lekin uning to`pida Mo`min degan yigitimiz bor…
— Tanimayman.
— Ko`rsang, tanirsan.
— Boramanmi?
— Ha. Quyunning yigitlari ozayib qolgan. Shu kunlarda Bobotog`ning Yolg`izkapa degan dovonida emish. Bir cho`pon ko`ripti. Xabar berdi.
— Uni tutish kerakmi?
— Ha..
Ertasi kuni Jalil janda kiyib, qo`liga tayoq olib, hech qanday qurolsiz holda yo`lga chiqdi. Yo`lakay cho`ponlarning ovulida tunab, o`z kunini ko`rib, Bobotoqqa etdi.
Nihoyat, Yolg`izkapaga ro`para bo`ldi.
Shunda oldidan bir kiyik chiqib qoldi. Keyin bir ovchi ko`rindi. Kiyik Jalildan hurkib, ovchiga burildi. U otib oldi. Jalil chopib borib, kiyikning oyog`ini bosib turdi. Ovchi so`yib halolladi.
Keyin Jalil:
— Og`a, bizdan hurkib sizga yo`liqdi, tanimizni bermaysizmi? — dedi.
— Kimsan o`zing?
— Bu dunyoda otasi o`lmagan kim bor, onasi o`lmagan kim bor?
— Kimsan? Kimlardan bo`lasan? Nima qilib yuribsan?
— Tagi etimman, og`a… Lekin otamiz beli baquvvat odam o`tgan. Undan besh-o`nta ushoq mol bir cho`ponning qo`lida qolgan deb eshitar edim… Mana, fursati etdi deb shuni qidirib chiqdim. Topsam, insof qilsa…
— Bosmachilar eb ketgan bo`lsa-chi?
— Teshib chiqsin.
— Qizillar egan bo`lsa-chi?
— Og`a, etimning haqiga kim ko`z olaytirsa, topadi…
— Oti nima ekan u cho`ponning?
— Shuni bilmayman-da… Bir cho`pon deyishdi. Otam o`lim oldida tildan qolgan edi.
— Shuni izlab yuribsan?
— Ha, qaerda ovul ko`rsam, boraman. Bir kecha yotaman. Cho`ponlarni gapga solaman…
— Bu yoqda ovul yo`q.
— He, tepalikda bir didbon ko`rinadi.
— A, umi? Qani, yur-chi.
— U erda odam yashaydimi?
— Bilmadim.
— Esa, qaytsam…
— Ha, yur-chi.
Ovchi kiyikning oyoqlarini kuliklab, dast ko`tardi. U baland bo`yli, sariq chakmon kiygan, barvasta yigit. Lekin ko`zlari horg`in, zerikkandek edi.
Jalil uning kimligini bilolmay, biroq bosmachilarga aloqasi borligiga ishongan holda ergashdi. Saldan keyin, kiyikni men ko`taray, dedi. Yigit qaramadi.
Pistirma qora suvoq qilingan, toshqalama devorli uycha edi. Atrofda xas-cho`p, suyaklar yotibdi. Nariroqda bir ko`lmak suv. Lekin rangi qora hamda undan sassiq hid kelar edi. Pistirmaning ichi shinamgina. Biroq uch tomonda to`rt-besh qavat qilib ko`rpachalar solingan, ular eskirib ketgan va moy to`kilgan. To`r devoriga uchta pilta miltiq va ikkita qiyshiq qilich osig`liq turardi. O`rtada o`choq.
Quyun qo`rboshi shu ovchining o`zi ekan.
— Uka, balki sen qizillarning odamidirsan, — dedi u kiyikning bir sonini qovurib, o`rtaga qo`ygach. — Mayli… men Quyun qo`rboshi bo`laman. Eshitgan bo`lsang…
Jalil qo`rqib ketib, yoqasini ushladi.
— Agar…
— Qasam ichma. Men dunyoda qasamdan qo`rqaman, uka… Bir vaqtlar qasam ichib edim… «Shuncha qizilni o`ldiryapman. Shuncha musulmonni qiyratdim. Shuncha uyga o`t qo`ydim. Shuncha suruv molni afg`onga o`tkazib, qurolga almashdim…»
— U-o`! — dedi Jalil.
— Yurt ozod bo`lmasa, uka… biz engilsak, o`zim pastga enib boraman deb qasam ichib edim… Qaytar dunyo deydilar. Odam mard bo`lib o`lishi kerak, uka…
— Him…
— Shuytib o`tiribmiz.
— Bir o`zingiz?
— Yo`q.
Mo`min ham ovga ketgan ekan. Ikkita quyonni elkasiga tashlab keldi. U o`rta bo`y, ko`zlari kichkina va chag`ir, sergak va jonsarak yigit edi.
— Bu kim? Senga nima bor? — deb do`q qildi Jalilga.
Quyun qo`rboshi oraga tushdi.
— Qo`y, tegma… Buyam senga o`xshagan bir darvesh-da, Mo`min. Sen ham qalandar bo`lib kelib eding-ku! Tegma bunga… o`tir.
Mo`min Jalilga o`qraya-o`qraya o`tirdi.
— Mening jo`ram, — dedi Quyun qo`rboshi Mo`minni ko`rsatib. — Otgan o`qi tegmaydi-yu, o`zi menga sodiq… Uka, qovurdoqdan ol. Bu halol go`sht… — U g`amgin kuldi. — O`zing ko`rding-ku, o`g`irlikdan kelgan emas…
— Ha, og`a.
Qovurdoqni eb bo`lib, choy ichishdi. Keyin tashqarida gulxan yoqib o`tirishdi. Anavi qora ko`lmakda er-moyi bor ekan. Bir archa shoxini botirib olib, o`tga qo`yilsa, talay vaqt yonib turadi.
Bir mahal tog`dan sovuq shamol esdi.
— Turaylik, — dedi Mo`min. — Lekin shu erda gulxan yoqishimiz ham chakki ish, begim.
Quyun hech narsa demay uyga kirdi. Echinmasdan to`rga o`tib yotdi.
— Sen bu yokda yot, — deb oyoq tomonidagi to`shakni ko`rsatdi Jalilga. Keyin Mo`minga dedi: — Eshikni yopma, jo`ra. Havo kirib tursin.
Kechasi allamahal. Jalil bezovta. Qo`rqadi. Quyundan qo`rqadi. U ho`kizdek kuchli. Eng yomoni — o`zining kimligini sezgandek: juda mayin gapirdi.
Gulxan ham yoqtirdi…
Bir payt Mo`min uyqusirab turib ketdi-da, so`kinib bir muddat o`tirdi. Keyin inqillab tashqariga chiqdi. Eshik og`zida bir oz serraygach, yon tomonga o`tdi.
Jalil turmoqchi. Lekin Quyundan qo`rqadi. Oxiri Mo`min bilan gaplashish uchun bundan qulay payt bo`lmasligiga ishonib, sekin qo`zg`aldi.
Tog`dan izg`irin esardi.
— Ha, qayoqqa? — deb baqirdi Mo`min va lapanglab yurib, Jalilga yaqinlashdi.
— Orzixo`ja aka yubordi meni… — shivirladi Jalil. — Tiriklay tutib borar ekanmiz.
— Jim.
Ular uyga qaytib kirishdi. Mo`min o`z joyiga, Jalil o`z joyiga yotdi.
Jalil endi Mo`mindan qo`rqa boshladi… Biroq, sal vaqt o`tmay uning o`z odami ekaniga ishondi. Lekin u nima qilmoqchi? Bilolmasdi. Quyun qo`rboshini esa, o`ldirmasdan qo`lga olishga ikkisining ham kuchi etmasligi aniq.
Balki kelishib, birdan ustiga tashlanishsa…
Yo`q…
Eshikdan osmon etagidagi yulduzlar ko`rinar, ular ham bu izg`irinda sovqotib, shuning uchun zo`rg`a miltillayotganga o`xshar edi. Quyun qo`rboshi bir tekis nafas olib uxlayapti. Qorong`ida Mo`minning qimirlab qo`ygani ko`rinadi.
Bir payt Jalil uyqu aralash tepasida bir soyani ko`rdi. Ko`zlarini ochdi. Io`q: tepasida emas. Nariroqda. Mo`min!.. Qo`lida qilich. U xiyol tislanib, Quyun qo`rboshiga tikildi. Engashdi. Qilichni ko`tardi-yu:
— Vo-o! — deb yubordi. Jalil turib o`tirdi. Quyun qo`rboshi yonboshlab:
— He, Mo`minboy-e, — dedi.
Jalilni sovuq ter bosib, qalt-qalt titray boshladi.
— Begim, meni afv eting! — Mo`min tiz cho`kkancha boshini erga urib oldi.
Quyun elan-qaran qo`zg`alib, chordana qurdi.
— Ayt, ayt, — dedi. — To`qi endi bir narsa.
— Yo`q, men…
— Nima?
— Manavi bola… — Mo`min burila solib, Jalilga o`qtaldi. — Chopib tashlayman. Bu ayg`oqchi, begim… Meni yo`ldan urdi…
Quyun qo`rboshi kulib, yonidan miltiqni oldi. Qo`ndog`i bilan shiftga qadalib-sollanib turgan qilichni turtdi. Qilich erga tushdi.
— E, Mo`minboy-ey! — dedi. — Tashqarida nari borsa, ikki og`iz gaplashdilaring, shunda aldab oldimi?
— Begim, begim!
— Ha, mayli. Yotinglar… Yo yana o`t yoqamizmi? Tong ham bo`zarib qoldi.
Jalil eng orqada chiqdi. Har narsaga tayyor: jumladan, qochishga ham. Biroq qochib qutila oladimi? Quyun qo`rboshi pastroqqa tushib kerishdi. Keyin ermoyli ko`lmak boshidan qumg`onni olib, pastga endi.
Mo`min burila solib, Jalilga shivirladi.
— Miltiqni opchiq!
— Tiriklay tutish kerak.
— Tur-e!
Mo`min o`zi chopib, uychaga kirdi. Miltiqni olib chiqdi. Lekin pilta miltiqni otish oson emas. Paxtani tutatish uchun chaqmoqni toshga urar ekan, Quyun asta-sekin qaytib chiqdi.
— Nima qilyapsan?
— Shu… tongda ov…
— Ha-ha-ha!
— E-e!
— Shoshilma.
U miltiqni olib, o`q-dorini to`kdi, devorga suyab qo`ydi.
— O`t yoqamiz.
Kiyikning yana bir sonini kabob qilishdi. Og`iz-burunlari, qo`llari qorakuya va moy bo`lib, choy ichisharkan, quyosh ham chiqdi.
— Yigitlar, endi gap munday, — dedi. — Meni Denov bozoriga olib borasizlar.
— Begim?
— Bek yo`q… — kulimsiradi Quyun qo`rboshi. — Qarshingda bir sayoq bevatan turipti.
— Begim…
Quyun qo`rboshi uyga qaradi. Shimolga — tog`larga, cho`qqilarga qaradi. Suyaklar sochilib yotgan erga qaradi. Chakmonini kiyib, o`rnidan turdi.
— Bog`langlar.
U qo`lini orqasiga qildi.
Mo`min Jalilga qaradi, Jalil… Quyun qo`rboshiga qaradi va negadir yig`lagisi keldi. Mo`min ham Quyun qo`rboshiga tikildi-da, asta tislandi.
— E, yigitlar-e, — dedi Quyun qo`rboshi. — Joylaringda men bo`lmadim-da!..
— Endi…
— Rost, — dedi u o`ychanlik bilan. — Vatan qo`ldan ketganiga oldinroq ishonganimda, oldinroq o`zim tushib borar edim. Shahid ketishga nima etsin.
Mo`min bir qadam chetga bosdi.
— Qo`rqma, — dedi Quyun qo`rboshi. — Bog`la, uka. Lekin tag`in bir narsaga ishonishni istayman.
— Ayting, begim!
— Meni sud qilishsin.
— A?
— Bozorda.
Birpasdan keyin Quyun qo`rboshi — oldinda, qo`llari ortida bog`liq holdd, xotirjam ketib borar, uning orqasida — Mo`min, qo`lida bir miltiq, elkasida bir miltiq, shaxdam odim otar, Jalil — eng orqada, kiyikning qolgan go`shti va bir bo`xcha shol ro`mol ko`tarib olgan edi.
Bobotog`dan enaverishda Mo`min ancha o`zgardi. Ovo-zi ham balandlab, Quyun qo`rboshiga:
— Buyoqdan, uyoqdan yuring! — deydigan bo`ldi. Keyin uni senlashga o`tdi.
Ylk qishloqqa yaqinlashganda, Jalilga qarab:
— Ko`rdingmi, bosmachini ushlash qanday bo`ladi? — dedi.
Jalil garangsib:
— Siz ushlaganingiz yo`q, — dedi. Mo`min taqqa to`xtadi.
— Esa senmi?
— Bog`lashga bog`ladingiz. Shunda Quyun qo`rboshi o`girildi.
— Bola ekansan-ku, Jalil, — dedi. — Buni men bilaman… Bu seniyam otib qo`yishi mumkin.
— Bas!
— Shuning uchun, uka, bunga xo`p de… Sendan nima ketdi? Yo sen ham Quyun qo`rboshini tutdim deb…
— Nega?
— Unday bo`lsa, mayli, de.
— O`t oldinga! — baqirib yubordi Mo`min.
Jalil qo`rqa-pisa o`tarkan, Quyun Mo`minga o`girilib:
— Bolaga tegma, — dedi.
— Ishing bo`lmasin!
— Sen bola, qasam ich, — dedi u Jalilga. — Meni bu qo`lga tushirib bog`ladi.
— Nimaga?
Mo`min asta miltiqni unga to`g`riladi.
— Ana, — dedi Quyun qo`rboshi. — Ko`rdingmi? Senga bari bir-ku. To`g`rimi?
— Ha..
— Bo`ldi-da.
— Nima qilay?
— Mo`min aka Quyun qo`rboshini qo`lga tushirdi de.
— Axir…
— Deysan!
Jalil ko`zlari do`layib:
— Xo`p, — dedi.
— U yoqdagi gap-so`zni unut.
— Xo`p.
… Uni to`g`ri qizilkaltakchilarning qurollangan otryadlari qarorgohiga olib bordilar. Orzixo`ja Quyun bilan bemalol gaplashdi. Keyin uni Denovga olib jo`nadi. Sud bo`ladigan kun jar chaqirtirildi. Olomon atrofda devor bo`lib turar ekan, revkom, ChK va qishloq sho`rolari nomidan Orzixo`ja Quyun qo`rboshiga ikkita savol berdi.
— Nima uchun kurashding?
— Din uchun… — dedi Quyun bosmachi. Orzixo`ja vakillar yonida saf tortib turgan domla, so`fi va masjid imomlariga qaradi.
— Quyun qurboshi nima jazoga loyiq?
— O`lim! Ulim! — deyishdi ular qo`rqa-pisa. Orzixo`ja yana Quyundan so`radi:
— Tag`in nima uchun kurashding? Quyun qo`rboshi:
— Ozodlik… uchun, — dedi.
— Xalq! — xitob qildi Orzixo`ja, — Quyun qo`rboshi nima jazoga loyiq?
— O`lim, o`lim…
Quyun qo`rboshi shu erda otildi.
Jalil ota Mo`min aka haqida o`ylaganda, mana shular ko`z o`ngidan… Shokir kirdi.
— Ota, — dedi bir tizzasida cho`kkalab. — Biz shoshishimiz kerak…
Chol yonboshlab unga tikildi.
— Mo`minning nevarasigami? — Ha..
— Yo`q.
— Ota… -Yo`q.
Shokir bir nafas lunjlari tirishib turdi-da:
— Axir, uni yomon ko`rsangiz — o`zingizga, — dedi. — Lekin bizga ma`qul.
— Nimasi?
— Mo`min bobo… grajdan urushining qahramoni… Orden-medallari bor. Respublika ahamiyatiga ega… pensioner. Gapi har erda o`tadi…
— Ha. Mengayam yordami tegadi de?
— Odam sal… orqali bo`lishi kerak-ku!
— O`, bechora bolam.
— Qo`ying kulmang… Siz o`shanday bo`lmagan bo`lsangiz, biz aybdor emas.
— Attang.
— To`g`ri-da… Hozir qaysi qariya bilan gaplashmang, o`zidan sal obro`li tengqurini g`iybat qiladi…
— Men hech narsa demadim-ku!
— Bari bir-da!
Chol to`shakda chalqancha bo`lib yotdi. Uning xo`rligi kelar, lekin allaqanday jirkanchli narsa atrofida bor-u… xo`rlandim desa, u maraz yopishadigandek edi.
Kunlar o`tdi.
Bir kuni yana hovlida yugur-yugur bo`lib qoldi-yu, Sadaf cholning hujrasiga kirdi. nida tiz cho`kib, choynakni ushlab ko`rdi. Issiqqina. Qopqog`ini ochib ko`rdi.
— Bobojon, ichmabsiz-ku!
— Ishtaham yo`q.
— Bobo!
— Gapir.
— Meni…
— Ayt.
— Mo`min boboning kichik nevarasiga… Chol ko`zini ochdi.
— O`zingni ko`ngling bormi?
— Voy, men uni tanimayman ham. Chol birdan yayrab, tabassum qildi.
— Esa…
— Xo`sh?
Chol ko`zini yumdi.
— Bobojon…
— Mendan domangir bo`lmanglar… O`zlaring bilasizlar.
Shu oqshom uyda, hovlida janjal bo`ldi. Shokir baqirib xotinini so`kdi. Xotini itni tesha bilan urib vangillatdi. Sadaf o`zicha yig`ladi.
Tag`in bir oycha vaqt o`tdi.
Jalil chol favqulodda sezib qoldiki, o`g`li bilan kelini behad shoshilyapti.
Sadaf ovqat olib kirganda Jalil ota:
— Bir oz o`tir, — dedi. — Sen menga yolyun gapirmagansan…
— Ha, bobojon.
— Ota-onang nimaga shoshyapti?
— Aytolmayman…
— Yo`q, aytasan… Men xafa bo`lmayman-ku! Boshga tushganini ko`z ko`radi…
— Sizni…
— Nima?
— Termizga yuborishmoqchi.
— Ha-a! — chol hiqillab kulib yubordi. — Ko`zdan panada tursin deb-a?
— Yo`q.
— Ha?
— U yoqda katta doktorlarga ko`rsatishadi.
— He, ona qizim-e, bari bir-da! Sadaf yig`lab yubordi.
— Bari bir emas. Chol boshini ko`tardi.
— Nima?
— Sizni… o`lib qolsa… Jalil ota tushundi.
— To`y orqaga suriladi? — Ha..
— U yigitni ko`rmadingmi?
— Yo`q.
Sadaf zira solingan shovlani cholga surib qo`ydi. Qariya ovqat hididan ishtahasi ochilib burildi-yu, shovladan ko`z uzmay qoldi.
Keyin yana chalqancha bo`ldi.
…Ertalab doktorlar kelishdi. Cholni Termizga jo`natishlarini aytishdi. Jalil ota:
— Men tuzalib qoldim, — dedi.
Doktorlar cholni tekshirib bir-biriga qarashdi.
— Rostdan ham! — dedi biri ostonada turgan Shokirga.
— O`zgarish bor…
— A, unday bo`lsa… — U ikki qadam bosib, otasi qoshiga etdi.
Chol mayin jilmaydi.
— Nimaga kecha ovqat emadingiz?
— Qornim to`q edi.
— Bekor gap!
Doktorlar chiqishdi.
Chol bugungi kun ham ovqat emadi. Keyingi kun ham. Undan keyin…
O`rmalab borib, obrezga to`kadi. Qo`lini yuvgan bo`lib, ustidan suv quyadi.
U… holdan toyib, o`rnidan qimirlolmay qoldi. Shunda ham tuz totmadi. Endi, kelgan ovqatni to`shagi yonida nos tupurish uchun qazib qo`yilgan chuqurchaga ag`daradi.
U karaxt bo`lib qoldi.
Keyin o`g`li, kelini va Sadaf tepasida ko`zyoshi qilib turganda, ketdi.
Hammani dahshatga solgan narsa — uning yuzida qotib qolgan tabassum bo`ldi.
To`y qoldi.
1984
12.02.2024 23:48