Ijtimoiy tarmoqlarda Solixon domla nomi bilan tanilgan Solixon Ortiqxo`jaev 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari Darakchi.uz ga xabar berdi.
2024 yil 30 mart Toshkent shahar jinoyat ishlari bo`yicha Sergeli tuman sudida Solixon domla taxallusi bilan tanilgan Solixon Ortiqxo`jaev ustidan sud bo`lib o`tdi.
Qayd etilishicha, 2024 yil 30 mart kuni Sergeli tumani IIO FMB xodimlari va DXX xodimlari jinoyatda gumon qilinib, qidiruvda bo`lgan fuqaro bo`yicha qidiruv ishlari olib borish davomida, tintuv o`tkazish to`g`risidagi qarorga asosan Solixon Ortiqho`jaevning uyiga borganda xodimlarga nisbatan nosamimiy munosabatda bo`lgan.
Baland ovozda “terrorchi emasman, siyosatga qarshi emasman, jinoyatchi emasman” deb shovqin qilib, shu erdan o`tib ketayotgan fuqarolarning tinchiligini buzgan. Shuningdek, IIO xodimlari tomonidan o`ziga tegishli bo`lgan telefon apparatini taqdim qilish so`ralganida, ularga telefon apparatini taqdim etmasdan, IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan.
Sud majlisida Solixon Ortiqxo`jaev huquqbuzarlik harakatiga qisman iqrorlik bildirib, lekin baqir-chaqir qilmaganini aytib suddan unga nisbatan engillik berishni so`ragan.
Fuqaro Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan, deb topildi va unga:
183-moddasi bilan 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi. Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 194-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, ya`ni 340 000 jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 34-moddasi tartibida Ortiqxo`jaev Solixon Maxkamovichga uzil-kesil 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Bundan tashqari, saqlash bilan bog`liq xarajatlar uchun ma`muriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida, ya`ni 765 000 so`m undirilishi belgilandi.