Dushanbega davlat tashrifi doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 19 aprel kuni Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O`zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari kecha Ittifoqchilik munosabatlari to`g`risida tarixiy shartnoma imzolanganini ta`kidladi. Shu ma`noda, oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlar ikki mamlakat hukumatlari tomonidan so`zsiz amalga oshirilishi muhim ekani qayd etildi.

Shu maqsadda qo`shma “yo`l xaritasi”ni ishlab chiqish va Bosh vazirlarning uchrashuvlarini tizimli ravishda tashkil etib borish zarur.
Tovar ayirboshlashni oshirish, chegaraoldi savdoni va savdo infratuzilmasini rivojlantirish, avtomobilsozlik, energetika, elektrotexnika, qazib chiqarish, to`qimachilik, farmasevtika, qishloq xo`jaligi va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperasiyasini chuqurlashtirish ustuvor vazifalar sifatida ko`rsatib o`tildi.

Ikki mamlakat hududlarining salohiyatidan to`liq foydalanish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish muhimligi alohida ta`kidlandi.
Bundan tashqari, Prezidentning Tojikistonga davlat tashrifi doirasida mamlakatimizning Dushanbe shahridagi elchixonasi yangi binosining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.

Davlat rahbarlari ramziy tasmani kesib, O`zbekiston diplomatik vakolatxonasi binosini ochib berdilar. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi.
Prezidentlar elchixona binosida diplomatlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.

Elchixonada mamlakatlarimiz o`rtasidagi ko`p qirrali strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan ishlarni samarali tashkil etish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Shavkat Mirziyoev va Emomali Rahmon elchixona Faxriy mehmonlar kitobiga o`z tilaklarini yozib qoldirdilar.





