Joriy yilda Soliq kodeksiga o`zgartirishlar kiritildi.
Endilikda o`zini o`zi band qilgan shaxslarning daromadi 100 mln so`mdan oshganda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda soliq to`lashga o`tadi.
Ijtimoiy soliqni ixtiyoriy ravishda to`laydi.
O`zini o`zi band qilgan shaxslarning daromadlari tashqi manbalardan olingan ma`lumotlar asosida Soliq qo`mitasi ma`lumotlar bazasida shakllantiriladi.
O`zini o`zi band qilgan shaxslar 100 mln so`mdan 1 mlrd so`mgacha bo`lgan daromadlari uchun AOS to`laydi.
Masalan, joriy yilning mart oyida o`zini o`zi band qilgan shaxsning daromadi 104 mln so`mni tashkil etgan. Bunda uning 100 mln so`m miqdoridagi daromadiga soliq solinmaydi. Qolgan 4 mln so`mdan (daromadning belgilangan me`yoridan oshgan qismi) 4% miqdorida AOS to`laydi (160 ming so`m).
5-toifaga kiruvchi hududlarda faoliyat yuritayotgan va daromadi 100 mln so`mdan oshgan o`zini o`zi band qilgan shaxslar AOSni 1 % stavkada to`laydi.
Elektron savdo maydonchasida tovar (ish, xizmat)lar savdosini amalga oshiruvchi soliq to`lovchilar uchun AOS stavkasi 2 % miqdorida belgilangan. Shundan kelib chiqib, tovarlarini elektron savdo maydonchasida sotgan o`zini o`zi band qilgan shaxslar daromadining 100 mln so`mdan oshgan qismidan 2 % stavkada AOS to`laydi.
O`zini o`zi band qilgan shaxslarning daromadi 1 mlrd so`mdan oshsa, ular QQS va foyda solig`ini to`lashga o`tadi.
O`zbekistonda 2,8 mln nafardan ortiq fuqaro o`zini o`zi band qilgan.