Qayd etilishicha, 1997 yilda tug`ilgan yigit 24 yanvar kuni soat 11:30 larda o`zi ishlab kelayotgan Urgut tumanidagi maktabda dars o`tish jarayonida shu maktabning 11 sinfida o`quvchi qizning sha`ni va qadr qimmatini tahqirlaydigan, shahvoniy xususiyatga ega bo`lgan harakatlar bilan haqoratomuz shilqimlik qilgani aniqlanib, ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Sud majlisida jabrlanuvchi qizning ko`rsatuviga ko`ra, o`qituvchisi Sh. M. ularni sinfiga dars o`tish jarayonida, «sen turmush chiqyapsanmi, biroz shoshmay tursang o`zim senga uylanardim» deb aytgan. Ertasi kuni Sh. M. dars jarayonida unga «nega xomush o`tiribsan, hech bo`lmasa men uchun xursand bo`lib o`tir» deb aytgan. Keyin o`quvchilarni daftarlarini tekshirish jarayonida u daftari uyda qolib ketganini aytganida, uni doskaga chiqarib sinfdoshlarining ko`z o`ngidan egnidagi kiyimini aylantirib ko`rsatishni talab qilgan. Lekin qiz uni aytganini qilmagan va unga qarshi biron so`z ayta olmagan. Qiz uyga borib bo`lgan voqeani ota-onasiga aytib bergan. Sudda qiz Sh.M.ni kechirmasligi, sinfdoshlari oldida uni sharmanda qilgani sababli qonuniy chora ko`rishni so`radi.
Sud majlisida so`ralgan huquqbuzar Sh. M. o`z ko`rsatuviga ko`ra, aybiga qisman iqrorlik bildirgan. U haqiqatdan ham o`sha kuni soat 11:30 larda har doimgidek 11 sinf o`quvchilarga dars o`tish jarayonida o`quvchilarga topshiriq berib tashqariga chiqib, birozdan so`ng sinfxonaga qaytib kirganida, qiz va uning uch nafar dugonasi bir joyga to`planib olib, baland ovozda turmushga chiqayotganini aytib, bir birini kiyimlari va bo`lajak turmush o`rtoqlari haqida gaplashib o`tirganini ko`rgan.
Ularga tanbeh berish maqsadida to`rtalasini ham doskaga chiqarib, «hali shoshilmasanglar erga ham tegasanlar, shunaqa kiyimlar kiyasanlar» deb ularni har biriga egnidagi ko`ylagini aylanib ko`rsatishni aytgan, lekin bitta qizdan tashqari hech kim aylanmagan. Ertasi kuni qizni dars vaqtida xomush o`tirganini ko`rib, undan nima sababdan xomushligini so`rab, hazillashib, «xafa bo`lma, yaxshi o`qisang menday kuyov chiqishi mumkin» deb aytgan.
Ayblanuvchi shu vaqtda hech kimga shahvoniy shilqimlik qilmagani, faqat o`quvchisiga tanbeh bergani, hozirgi kunda qilgan ishidan chin ko`ngildan pushaymon ekanini inobatga olib qonuniy engillik berishni so`radi.
Cud Sh. M.ni aybdor deb topib, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan 3 sutka ma`muriy qamoqqa olish jazosi tayinladi.
Huquqbuzar Sh. M. qabul qilish muassasasi foydasiga ma`muriy qamoqning har bir kuni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi, ya`ni 51 ming so`mdan 3 sutka uchun jami 153 ming so`m qamoq xarajatlari undirilishi belgilandi.