AsosiyIqtisodiyot

Jahon banki O`zbekistonga 100 million dollar kredit ajratadi

'Jahon banki O`zbekistonga 100 million dollar kredit ajratadi'ning rasmi

Joriy yil 24 may kuni Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O`zbekistonda "Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiylashuvini ta`minlash uchun innovasion ijtimoiy himoya tizimi" (INSON) loyihasini amalga oshirish maqsadida 100 million dollar miqdorida imtiyozli kreditni tasdiqladi.  Bu haqda “zamon.uz” yozmoqda.

Loyihadan ko`zlangan maqsad aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga mansub odamlar uchun ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini va ularning sifatini yaxshilashdir.

Loyiha qo`shimcha ravishda Jahon banki qoshidagi "Erta yoshdagi ta`lim uchun hamkorlik" ko`p tomonlama donorlik trast jamg`armasi tomonidan taqdim etilgan 2 million dollarlik grant vositasida moliyalashtiriladi. Qayd etilishicha, jamg`arma faoliyati dunyoning turli mamlakatlaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning rivojlanishi va ta`limini qamrab oladi. Ushbu mablag`lar mahalliy jamoalar (mahallalar) darajasida ko`rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning O`zbekistondagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar farovonligiga ta`sirini baholash va ularning sifatini oshirish uchun yo`naltiriladi.

"Loyiha O`zbekistonda «g`amxo`rlik iqtisodiyoti» sektorining huquqiy va institusional asoslarini rivojlantirishga ko`maklashadi. Shuningdek, u minglab odamlar, jumladan, keksa fuqarolar, nogironligi bor shaxslar, oiladagi zo`ravonlik qurbonlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun haligacha mavjud bo`lmagan zarur ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashni qo`llab-quvvatlaydi", — dedi Jahon bankining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

Loyiha doirasida mahallalar darajasida faoliyat yuritadigan 50 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish markazlari tashkil etiladi va aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining mazkur markazlarda sifatli ijtimoiy hamda reabilitasiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaxshilanadi.

Shuningdek, xususiy sektor tomonidan ijtimoiy xizmatlar ko`rsatishning tartibga solinadigan bozorini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi. Loyiha ko`magida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga mansub fuqarolarga individuallashgan ijtimoiy yordam ko`rsatish tizimi ishlab chiqiladi.

    Boshqa yangiliklar