1

«Bir tom ostida, ammo ayro-ayro…»

SUG'DIYONA 26.11.2016, 12:21
Teglar: Ayol, Oila, Er-xotin, Baxt
«Bir tom ostida, ammo ayro-ayro…»

— Turmush qurganimizga sakkiz yildan oshdi. Ikki qiz, bir o`g`ilni katta qilayapmiz. Turmushimiz boshidan silliq bo`lmagan. Yangi kelinchakligimdayoq erim xiyonat qilgan ekan. Biroq yosh va tajribasiz bo`lganim uchun uning harakatlarini sezmaganman. Bilganimdan keyin esa aqli kirib qolar, deb o`ylaganman. Ustiga-ustak, katta farzandlarim qiz bo`lgani uchun o`g`il tug`ib bersam, hammasi o`zgarishiga umid qilganman-da. Lekin chuchvarani xom sanagan ekanman. Pahlavonimizning dunyoga kelishi ham hech narsani o`zgartirmadi. Erim kunduzi ishlaydi, tunlarni esa kimlarningdir tug`ilgan kuni, gap-gashtak bahonasida ko`chada o`tkazadi. Yana telefoniga turli juvonlar qo`ng`iroq qilib, «Falon joyda ko`rishaylik», deganini eshitib qolaman. Uyga qaytganida esa ayollar ust-boshidan atirining hidi anqib turadi. Albatta, qaynota-qaynonam ham o`g`illarini tartibga chaqirishadi, ammo sira ta`sirini sezganim yo`q. Xo`jayinimning o`zi «Chidasang shu, chidamasang katta ko`cha, o`n sakkiz yoshlisiga uylanib olaveraman. Faqat bolalarni tashlab ketasan, senga ularni berib qo`ymayman», deydi. Farzandlarimning kelajagini o`ylab, bariga ko`z yumayapman. Biroq sabrning ham chegarasi bo`ladi-ku! Turmush o`rtog`imdan xiyonatining sabablarni surishtirsam, «O`zim shunaqa odamman, borim shu», degan javobni olaman. Bilishimcha, ko`chadagi ayollardan biri «Xotining bilan ajrash, senga o`zim o`g`il tug`ib beraman» deganida, rozi bo`lmagan. Hozir xuddi qo`shnilardek yashaymiz. Bolalarni yaxshi ko`rib erkalaydi-yu, menga sira e`tibor bermaydi. Mehr bor-u, muhabbat yo`qdek. Nima qilsam, erimni bu yo`ldan qaytara olaman. Maslahat bering.

Muhayyo, 27 yosh, Navoiy viloyati

 

Qaynonajon: — Qizim, «Mehr bor-u, muhabbat yo`q», debsiz. Mehr qozongan bolajonlarning onasi nechun muhabbat qozonolmas ekan? Hammasi o`z qo`lingizda. Inson nimani niyat qilsa, nimalardan xavfsirab yursa, o`shani chaqirib oladi, deyishadi. Shuning uchun avvalo niyatingizni yaxshi qilib, «ajrashaman» degan so`zlaringizni unuting. Jufti halolingizni yaxshi ko`ring, chiroyli muomala qiling. Erkaklar ko`zi va qulog`i bilan sevadi. Shuning uchun ularning muhabbatini qozonish u qadar mushkul emas aslida. Ayollik mahoratingizni ishga soling. Turmush o`rtog`ingiz ota-onasining so`zlariga quloq solmayotgan bo`lsa, bilingki, uning oiladan ko`ngli qolgan, uydan bezigan. Demak, xonadoningizda yaxshi kayfiyat paydo qilish kerak. O`z ustingizda ishlashdan, yangidan-yangi qirralaringizni kashf qilishdan sira erinmang. Uyning toza, kiyimning dazmollanganligi o`z yo`liga, siz unga yaxshi suhbatdosh, ko`rganda dili yayradigan yor bo`ling. Biz esa doim oilangiz tinchini so`rab duodamiz. 

Barno ILHOMOVA, ruhshunos: — Qars ikki qo`ldan chiqqanidek, munosabatlarining sovushida ham ikki tomonning o`ziga yarasha «hissa»si bo`ladi. So`zlaringizdan yillar davomida hammasi o`z-o`zidan o`nglanib ketishini kutganingizni tushundim. Kutib o`tirish bilan ish bitganida, shu choqqacha turmushingiz a`lo bo`lishi kerak emasmidi? Lekin unday emas, endi harakat qilish, kurashish vaqti etdi. So`zlaridan turmush o`rtog`ingizning o`zgarish niyati yo`q, toki birinchi qadamni siz tashlamas ekansiz, bari o`z holicha qolaveradi. Bilsangiz, erkaklar hayotda o`g`il, xodim, boshliq, ota va er kabi bir qancha vazifalarni bajarishadi. Ammo ulardan bu vazifalarning barini a`lo darajada uddalashni talib qilish kerak emas. U otalikni qoyillatayaptimi, shu qirrasini ko`ra bilish lozim. Axir vazifalaridan hech birini eplay olmaydiganlar ham bor-da hayotda. O`zingizni tushkunlikdan xalos etishga harakat qilishingiz lozim. Odatda ayol kishi o`ziga past baho bera boshlasa, tushkunlikka tushib qoladi. Aksiga olgandek bunday kayfiyatda kishi yaxshi tomonlarini ko`rolmaydi, faqat ojizliklari-yu uddasidan chiqolmagan ishlarini yodda saqlab qoladi. Natijada depressiya ortib boraveradi. Shuning uchun bir kundalik tutib, har kuni yotishdan avval kun davomida uddalagan ishlaringizdan kamida 5 tasini yozib qo`yishni tavsiya qilaman. Tashqi ko`rinishga alohida e`tibor berish va turli kiyim-kechak, pardoz vositalari xaridi ham kishi kayfiyatining ko`tarilishiga sabab bo`ladi.

Saodat OChILOVA yozib oldi.

 

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1