Surxondaryoda poyezd Lacetti'ni urib yuborishi oqibatida Lacetti haydovchisi voqea joyida halok bo‘lgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Ushbu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati IIB YHXB matbuot xizmati izoh berdi.
Joriy yilning 6 avgust kuni soat 12:40 atrofida Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumanida 2000 yilda tug‘ilgan haydovchi Lacetti avtomashinasida harakatlanib ketayotib "Qumqo‘rg‘on-Elbayon" temir yo‘l bekati oralig‘idagi temir yo‘l kesishmasida o‘rnatilgan ogohlantiruvchi svetoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmay harakatni davom ettirgan. Shu vaqtda harakatlanib kelayotgan "Sarioiyo-Termiz" yo‘lovchi poyezdi bilan to‘qnashib ketgan.
Ushbu YTH natijasida haydovchi olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Qumqo‘rg‘on tumani IIB Tergov guruhi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.