O‘zbekiston musulmonlari idorasi oliy diniy ta’lim muassasalari yana bittaga ko‘payganini e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, Shavkat Mirziyoyevning 2019 yilda Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan Termiz shahrida 2020/2021-o‘quv yilidan o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi tashkil etilgan bo‘lib, 2023/2024-o‘quv yilida ilk bitiruvchilar mazkur ta’lim muassasasini tamomladi.
O‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining uzviy davomi sifatida Imom Termiziy nomidagi islom instituti Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ta’lim muassasasida o‘qish muddati 4 yil bo‘lib, bakalavr darajasidagi oliy diniy ma’lumotli hadis ilmlari, diniy fanlar va arab tili bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Imom Termiziy nomidagi islom institutiga 2024/2025-o‘quv yili uchun qabul e’lon qilingan. O‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish 14 avgustdan 20 avgustga (shu kuni ham soat 18:00 gacha) qadar davom etadi.