AsosiySiyosat

“Ilgari tinimsiz "tekshir-tekshirlar" sabab 60 foiz yangi tadbirkor faoliyati bir yildayoq to‘xtab qolardi” — Shavkat Mirziyoyev

Xususiy sektorda 5 mln so‘mdan ko‘p oylik oladiganlar soni 1 mln nafardan oshdi.

'“Ilgari tinimsiz "tekshir-tekshirlar" sabab 60 foiz yangi tadbirkor faoliyati bir yildayoq to‘xtab qolardi” — Shavkat Mirziyoyev'ning rasmi

Prezidentdan boshlab Bosh vazir, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, hokimlar, Savdo-sanoat palatasi, Biznes ombudsman – barcha-barcha rahbarlar yil bo‘yi tadbirkor bilan doimiy muloqotda bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Tadbirkorlar ko‘targan 700 dan ortiq masala, tashabbus va yangi loyihalar qo‘llab-quvvatlandi, 8 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar rivoji, tadbirkorlik infratuzilmasi uchun yana 18 trillion so‘m yo‘naltirildi.

Eng muhimi – mahalladagi mikroloyihadan tortib, megaloyihagacha qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yildi.

Ilgari kredit, bozor topish, infratuzilma bilan bog‘liq muammolar, tinimsiz “tekshir-tekshirlar” sababli 60 foiz yangi tadbirkorlar faoliyati birinchi yilning o‘zidayoq to‘xtab qolar edi.

Hozir esa uch yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76 foizni tashkil etib, ilk bor 300 mingtaga yetdi. Yana 100 mingdan ziyod shunday yakka tartibdagi tadbirkorlar bor.

Bu yilning o‘zida tadbirkorlarning tovar aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘payib, 986 trillion so‘mga yetdi. 

Yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan 100 milliard so‘mgacha bo‘lgan o‘rta korxonalar 2 karra ko‘paydi.

Aylanmasi 100 milliard so‘mdan ortiq yirik korxonalar esa 2 ming 200 tadan oshdi. Bu ham o‘tgan yilga nisbatan 2 baravar ko‘p bo‘ldi.

Soliq, bank, moliya, butun iqtisodiyot kompleksi “mahallabay” va “mijozbay” ishlashni boshlagani natijasida oldin zarar bilan ishlagan 16 ming korxona yarim yilda 6,5 trillion so‘m foydaga chiqdi.

Bugungi kunda 100 tadan ortiq ishchisi bor korxonalar 3 mingga yaqinlashib, ulardagi ish o‘rni bir yilda 440 mingga ko‘paydi.

Xususiy sektorda 5 million so‘mdan ko‘p maosh oladigan ishchilar 1 milliondan oshdi. Shundan 370 mingi 10 million so‘mdan ziyod oylik oladi.

Bular tadbirkorlarimiz “soyada” ishlashdan ko‘ra qonuniy faoliyat, sog‘lom raqobatni manfaatli deb bilayotganidan dalolat.

Tadbirkorlik reytingida “A” va “B” – yaxshi toifaga kiruvchi korxonalar 91 mingga ko‘paydi, yana 170 ming korxona “D” – eng yomon toifadan chiqarildi. Buning hisobiga soliq tekshiruvlari o‘tgan yilga nisbatan 2 karra, jumladan, kameral tekshiruvlar 3 karra qisqardi.

Shu davrda yirik soliq to‘lovchilar tushumlari 10 foizga, viloyat darajasidagi korxonalarda 25 foizga, tuman tadbirkorlari to‘layotgan soliqlar 40 foizga o‘sdi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “tekshirsa – qo‘rqadi, qo‘rqsa – soliq to‘laydi”, degan qarash bilan ish yurmasligini hamma, ayniqsa soliqchilar tushunib yetdi. 

Sodda qilib aytganda, mansabdorlar tadbirkor bilan muloqot qilishga o‘rgatilib, biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha tub burilish yasaldi.

Olti oyda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya hajmi o‘tgan yilga nisbatan 2 karra o‘sib, 14 milliard dollarga yetdi.

Bu – investorlarning O‘zbekistonda biznes qilishga ishonchi ortib borayotganidan dalolat.

    Boshqa yangiliklar