AsosiySiyosat

O‘zbekistonda mikromoliya banklari ochishga ruxsat beriladi

Davlat banklari yirik davlat korxonalariga kredit berishni bosqichma-bosqich to‘xtatadi — prezident.

'O‘zbekistonda mikromoliya banklari ochishga ruxsat beriladi'ning rasmi

O‘zbekistonda davlat banklari yirik davlat korxonalariga kredit berishni bosqichma-bosqich to‘xtatadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 20 avgust kuni Nukusda tadbirkorlar bilan muloqot chog‘ida ma’lum qildi.

Davlat banklari bergan kreditning 92 trln so‘mi yoki 30 foizi 10 ta yirik davlat korxonasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, yirik korxonalar transformatsiya qilinmoqda, moliya bozorlariga mustaqil chiqib, o‘zi mablag‘ jalb qilishga o‘rgatilmoqda.

Masalan, "O‘zbekneftgaz" va "O‘zavtosanoat" 1 mlrd dollardan ortiq yevrobond chiqargan. Navoiy kombinati ham chetdan o‘zi bond olib kelishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Prezident davlat jalb qilgan mablag‘larni yirik korxonalarga berish amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechilishini ma’lum qildi.

Bunday mablag‘larni berish ikki yil ichida kamida 40 foizga qisqaradi. Banklar buning hisobidan kamida 30 trln so‘mni xususiy biznesga yo‘naltiradi.

Hozir ko‘p eksportchilar yirik xorijiy savdo tarmoqlariga 3-4 oy kechiktirib to‘lash sharti bilan mahsulot yetkazib bermoqda. 

Uzluksiz ishlab chiqarish uchun korxonalarda aylanmaga ehtiyoj oshayapti. Lekin, hamma tadbirkorda ham yangi kredit olish, unga garov topish imkoniyati yo‘q.

Tadbirkordan garov talab qilmaydigan eng qulay instrument bu – faktoring. Xalqaro moliya korporatsiyasiga ko‘ra, bizda 10 milliard dollarlik faktoring xizmatiga talab bor. Hozir bu xizmatni faqat banklar, mikromoliya tashkilotlari ko‘rsatayapti.

Bundan buyon bank bo‘lmagan yangi institut – faktoring tashkiloti uchun yo‘l ochiladi. Ular xorijiy valyutada ham xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Bu jarayonda qatnashadigan bank, mikromoliya, faktoring tashkiloti va tadbirkorlar foydalanadigan alohida elektron platforma ishga tushadi. Ya’ni, tadbirkor undan o‘ziga qulay moliyaviy mahsulotni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Umuman, faktoringni ommalashtirish hisobidan tadbirkorlarga aylanma uchun 20 trillion so‘m, eksportchi korxonalarga 1 milliard dollar qo‘shimcha moliyaviy resurslar paydo bo‘ladi.

O‘tkazilgan so‘rovda tadbirkorlarning 38 foizi islom moliyasi asosida resurs olish istagini bildirgan. 

O‘tgan oyda mikromoliya tashkilotlariga islomiy shartlar asosida xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi.

Tayyorlangan yangi qonun loyihasi qabul qilinsa, islom moliyasi bilan banklar ham ishlashi mumkin bo‘ladi.

Bu – yangi moliyaviy xizmatlar taqdim etilishi, ko‘p investorlar kirib kelishi va 5 milliard dollarlik qo‘shimcha resurs paydo bo‘lishiga turtki beradi.

    Boshqa yangiliklar