Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 21 oktyabr kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatimizda har yili 200 million tup daraxt va buta ekib, yashillik miqyosini 2030 yilgacha 30 foizga yetkazish maqsadi belgilangan. So‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich 12 foizga yetdi.
Bu yil bahorda 138 million dona ko‘chat ekildi. Yil boshidan buyon 10 ming gektardan ziyod “yashil belbog‘”, vazirlik va hokimliklar 257 ta bog‘ barpo qildi. Orolbo‘yida yashil qoplama 2 million gektardan oshdi.
Joriy yildan boshlab, yo‘l, daryo va kanallarga tutash 2 ming gektar yer 10 ming aholi va tadbirkorlarga ekish uchun ijaraga berildi. “Mening bog‘im” loyihasi doirasida budjetdan 49 milliard so‘m ajratilib, mahallalarda 215 ta yangi bog‘ yaratilayapti.
Bu sa’y-harakatlar Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi, Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi ijro organi ham e’tirof etmoqda.
Lekin ayrim joylarda shunday xayrli ishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani afsuslanarli. Ba’zi tumanlarda sug‘orish tizimi yo‘q yerga ko‘chat o‘tqazilgan yoki kesilgan daraxtlar o‘rniga ekilmagan.
Yig‘ilishda hozirgi mavsum va kelgusi yilga mo‘ljallangan vazifalar belgilab olindi.
Avvalo, yurtimizning iqlimga mos ko‘chatlarni ko‘paytirish lozimligi ta’kidlandi. Xususan, Fanlar akademiyasi, ekologiya, qishloq, suv va o‘rmon xo‘jaligi, karantin tizimidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, oliy o‘quv yurtlari, in-vitro laboratoriyalari bilan samarali ishlansa, urug‘ va ko‘chat yetishtirishdan 2-3 barobar ko‘p daromad topsa bo‘ladi. Ilm ham rivojlanadi.
Nukus, Arnasoy, Qorako‘l va Muborak tumanlarida keyingi yil suvsizlik va sho‘rga chidamli galofit o‘simligidan iborat 4 ta bog‘ barpo qilinadi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazmning 250 ming gektar cho‘lida suv talab etmaydigan saksovul, qandim, cherkez urug‘lari dron bilan ekiladi.
Bahor mavsumidan o‘rmon xo‘jaliklaridan sog‘lom onalik plantatsiyasini tanlash orqali yiliga 1,5 ming tonna urug‘ tayyorlanadi. Janubiy Koreya tajribasi bo‘yicha suvsizlikka chidamli, iqlim sharoitiga mos yopiq ildizli konteyner va in-vitro usulida 2 million ko‘chat olish yo‘lga qo‘yiladi. Mahmud Mirzayev nomidagi institutning Samarqand, Xorazm, Toshkent va Farg‘ona vodiysidagi yerlarida yiliga 10 million dona mevali nihollar yetishtiriladi.
Ko‘chat ekish ishlarini ham uyushqoqlik bilan tashkil etish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.
Bunda katta kuch mahallalarda. Yashillik, obodlik ham, avvalo, odamlarning o‘ziga kerak. Shu bois “mahalla yettiligi” vakillari o‘ziga biriktirilgan ko‘chalarda 100 tupdan jami 6 million dona manzarali daraxt o‘stiradi. Shuningdek, boshqa ko‘chalar, bo‘sh maydonlar va ko‘p qavatli uylar atrofida 3 million tup ko‘chat ekiladi. Umuman, mahallalarda 20 million dona manzarali va mevali daraxt eksa bo‘ladi.
O‘rmon xo‘jaligi agentligiga barcha mahallalarda yarmarka tashkil qilib, 30 millionta ko‘chat yetkazib berish vazifasi qo‘yildi. 20 mingdan ziyod ta’lim maskanlari va shifoxonalar hududida 2,5 millionta, yoshlarga bo‘lib berilgan 60 ming gektar yerda 1,5 millionta daraxt ekish mumkinligi aytildi.
Hokimliklar va vazirliklar tomonidan kuzda 40 million tup ko‘chat ekilishi rejalashtirilgan.
Xususan, 13 ta xalqaro avtomobil yo‘li bo‘yida 9 million tup ko‘chat ektiradi. Yana 2 ming kilometr yo‘llar yoqasi shu maqsadda 10 ming fuqaro va tadbirkorlarga bo‘lib beriladi. Toshkent-Samarqand va Samarqand-Qarshi temir yo‘li bo‘ylariga ham ko‘chat o‘tqaziladi. Dala chetlarida 21 million tup terak, tut va uzum yetishtiriladi.
Mudofaa vazirligi 200 ming tup, ichki ishlar, milliy gvardiya va favqulodda vaziyatlar tizimlarining har biri 100 ming tupdan ko‘chat ekishga mas’ul bo‘ladi. Chiqindi poligonlari atrofida “yashil belbog‘” barpo etiladi.
Qayd etilganidek, keyingi yilda “Yashil makon” loyihasi uchun 100 milliard so‘m ajratiladi. Endilikda daraxtlarni 3 yil parvarishlash, kasallikdan saqlash, sug‘orish xarajatlari ham investitsiya dasturiga kiritiladi.
Sug‘orish bo‘yicha ikki xil tajriba amalga oshiriladi. Xususan, 27 ta tumanda bittadan quduq qazishga ruxsat beriladi. Bahorda 14 ta tumanning tog‘ va adir qiyaliklarida qavat-qavat qilib, 500 gektar daraxt ekiladi.
Viloyatlarda “Mening bog‘im” loyihasi bo‘yicha yashil hududlar va jamoat parklari barpo etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Bu maydonlar ekish mavsumigacha “Ochiq budjet” portaliga qo‘yilib, daraxt turlari bo‘yicha tavsiya va ularning narxi ko‘rsatiladi. Bunda parvarishlashda mas’uliyatsizlik qilgan shaxslarni mobil ilova orqali ogohlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
So‘nggi vaqtlarda yurtimizda chang bo‘ronlari tez-tez sodir bo‘layotgani qayd etildi. Bunga global iqlim o‘zgarishi bilan birga daraxtlarning noqonuniy kesilishi, suv kamayishi, chorva tartibsiz boqilishi ham sabab bo‘lmoqda. Cho‘llardagi o‘simliklar turlari ham keskin kamaygan.
Davlatimiz rahbari aholi ko‘payib borayotgan hozirgi sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha eng katta zaxira yaylovlar ekanini ta’kidladi.
Shu bois 16 million gektar yaylov yerlarini boshqarish Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga o‘tkazilishi belgilandi. Qo‘mitaga cho‘llarni degradatsiyadan chiqarish bo‘yicha uch yillik dastur tayyorlash topshirildi. Kelgusi yilda bu maqsadlar uchun dastlab 50 million dollar grant mablag‘lari jalb qilinadi.
Sohaga taalluqli yana bir muammo – cho‘l o‘simliklari qoplamasi yo‘qolib ketayotganidir. Shu sababli mutasaddilarga Buxoro va Navoiy viloyatlarining cho‘l va yarim cho‘l hududlarida yashil maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
“O‘zbekkosmos” agentligi bilan birgalikda cho‘llarda ekologik holatni monitoring qilish platformasi yaratiladi. O‘rmon xo‘jaligi agentligining bu yo‘nalishdagi mas’uliyati oshiriladi. Endilikda u cho‘llanishga qarshi kurashish bilan ham shug‘ullanadi, hokimliklar qoshidagi “Yo‘l ko‘kalam” tashkilotlari agentlik tizimiga o‘tadi.
Agentlikka Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 20 gektarda tajriba-sinov maydonchasi qilib, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklaydigan o‘simliklarni yetishtirish vazifasi qo‘yildi.
Prezidentimiz jamiyatda sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi. Aholini jismoniy sog‘lomlashtirish, sport, yurish va to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha yangi-yangi yondashuvlarni joriy qilish muhimligi qayd etildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddilarning axborot va rejalari eshitildi.