AsosiyJamiyat

Maktab darsliklar ijarasi qayta joriy qilinishi mumkin

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu loyiha keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

'Maktab darsliklar ijarasi qayta joriy qilinishi mumkin'ning rasmi

O‘zbekistonda maktab darsliklari ijarasi qayta joriy qilinishi taklif qilinmoqda. Bu haqida Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 2025-2027 yilgi budjetnomada ma’lum qilingan.

Taklif "maktablarni darsliklar bilan ta’minlashda ota-onalarning faolligini oshirish"ga qaratilgan. 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab 2−11-sinf o‘quvchilari uchun darslik va mashq daftarlari to‘plami uchun ijara to‘lovi undirish tizimini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Loyihada qayd etilishicha, 2024 yilda bir o‘quvchi uchun bitta darslik va ish daftarlarining o‘rtacha narxi 450−500 ming so‘mni (shundan mashq daftarlari — 100−150 ming so‘m) tashkil etgan.

Yig‘ilgan 376,6 mlrd so‘m mablag‘ har yili o‘quvchilarni mashq daftarlari bilan ta’minlash xarajatlarining bir qismini qoplashga yo‘naltiriladi.

Darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq Davlat budjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatlarini keltirib chiqarmoqda, — deyiladi budjetnoma loyihasida.

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu loyiha keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

"Konstitutsiyasiga “bu – ijtimoiy davlat” deb yozib olgan mamlakat maktab o‘quvchilariga berilayotgan darsliklar uchun pul so‘rashdan uyalishi kerak. Hech bo‘lmasa shu – “ijtimoiy davlat” degan yozuv uchun ham uyalishi kerak. Bu yozuv yozilganiga hali ikki yil ham bo‘lgani yo‘q, uni “o‘tgan zamondagi yomonlar yozib ketgan” deb birovga to‘nkashga ham asos yo‘q.

Davlat pul iqtisod qilish va orttirish uchun maktabdan boshqa sohani topolmayotgan bo‘lsa, hay, ishni birdan o‘quvchilarga darslik solig‘i solishdan emas, shu darsliklarni chiqarayotganlarning ishini taftish qilishdan boshlagani ma’qul. Va Amerika kashf qilishni to‘xtatib, bu sohada ham normal dunyo qilayotgan ishni qilgan, normal dunyo yurayotgan yo‘ldan yurgan ma’qul", deydi Muhrim.

Iqtisodchi "bakiroo"ning fikricha, tariflar karrasiga oshirilishidan keyin ham zararkunanda energetika qozonida trillionlab subsidiyalar o‘zlashtirishda davom ettirilar ekan, islohotlar mazmuni va maqsadi bo‘yicha bo‘shagan mablag‘lar inson sifatini oshirishga, ta’limga, tibbiyotga sarflanmagan ekan, bundan buyog‘iga bironta sog‘lom aqli bor o‘zbekistonlik hukumatning "budjet mablag‘larini tejash maqsadida" degan afsonasiga ishonmaydi. 

"Darsliklar ijarasi bilan ham xuddi shunday. Ijara to‘lovlari budjet mablag‘larini tejash uchun emas, bu mablag‘larni boshqa kanallar orqali sovurish uchun tiklanmoqda. 

Bu budjet ma’no mazmuni bo‘yicha inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, teng imkoniyatlar yaratish, inson sifatini yaxshilashga xizmat qilmaydi. Afsuski, biz uchun budjetni muhokama qiladigan, samarali budjet uchun tortishadigan parlamentimiz yo‘q", deydi bloger.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar