Ishlaydigan kelinlar diqqatiga: uydagi gap ostona «hatla»masin!

SUG'DIYONA 05.12.2016, 11:42
Teglar: Ish, Ayol, Oila
Ishlaydigan kelinlar diqqatiga: uydagi gap ostona «hatla»masin!

Bir qarashda, g`iybat bekorchilikdan nima qilarini bilmaydigan ayol (ba`zida erkak)lar mashg`ulotidek ko`rinadi. Biroq tadqiqotlardan ma`lum bo`lishicha, g`iybat urchiydigan asosiy joy – zamonaviy ofislar ekan. Ishxonadagi suhbatlarning uchdan ikki qismi (yarmidan ko`prog`i!) shaxsiy muammolar bilan o`rtoqlashish va g`iybatlashish bilan kecharkan. Eng ko`p g`iybat (85 foiz)lar oila (er, qaynona, ovsin-ajin, qayin-bo`yin) ga bag`ishlanishiga nima deysiz?! Do`stu dugonalar haqida to`rt foiz, notanishlar, ishga yangi kelgan xodimlar, rahbariyat haqida sakkiz foiz, mashhur san`atkorlar to`g`risida esa ikki foiz g`iybatlashilar ekan.

Tan olish kerakki, g`iybat hamisha ham yolg`on gaplardan iborat bo`lavermaydi. Ammo, ko`pincha, aytilmasligi, sir tutilishi lozim bo`lgan axborotni oshkor etadi. Shuningdek, bu axborot so`zlovchining o`z nuqtai nazaridan kelib chiqib talqin qilinishi, biroz o`zgartirilib, bo`yab-bejalishi ehtimoli kuchli.

«Sizga aytmasam, kimga ham yorilaman?..»

Ko`pchiligimiz, ayniqsa, ayollar ofisga faqat ishlash uchun emas, dugonalar bilan chaqchaqlashish uchun kelamiz. Bu odatmi, an`anami yoki mentalitetga xos xususiyatmi, noma`lum. Shunisi aniqki, ish joyida ma`lum chegaralardan o`tmaslikni, o`zimizni jiddiy va sipo tutishni, ko`pincha, eplay olmaymiz. Bir xonada o`tiradigan dugonamizning oilaviy ahvolini, xususan, eri qaerda ishlaydi, bolalari bormi, qaynonasining fe`l-atvori qanday – barini bilishimiz kerak. Qolaversa, bugun ertalab turmush o`rtog`imiz bilan arzimas sababga ko`ra, jiqillashib olganimizni ham tezroq o`rtoqlashgimiz keladi. Bizga shunchaki hamkasb emas, yaqin dugona, sirdosh, o`rni kelganida bepul psixolog kerak. Buni vaqtimizning aksar qismi o`tadigan ishxonadan, hamxonalarimiz orasidan qidiramiz.

Vaziyat

Uch dugona bir ofisda ishlashadi: Nazokat, Malika va Shohsanam. Nazokat turmushga chiqqan, bir farzandi bor, eri juda mehribon, toparmon-tutarmon odam. Malikaning esa turmushi bo`lmagan, ikki farzandi bilan ajrashgan. Shohsanam hali qiz bola. Albatta, ish kuni ertalabki axborot almashinish bilan boshlanadi. Keyin kun bo`yi shu mavzu muhokama qilinadi, gapdan bo`shagan vaqtda yoki ora-chora boshliq ko`rinib qolganida ishlagandek bo`linadi. Qiyin-qiyin, Shohsanamga qiyin: ikki dugonasining umuman bir-biriga zid ikki xil oilaviy tajribasini ko`rib ikkilanadi. Zero, u har kimning o`z taqdiri, peshanasiga bitilgani bo`lishini bilmagani bois dugonalarining oilaviy hayotidan andoza oladi-qo`yadi. Uningcha, erlarning bari Nazokatnikidan sevikli, mehribon, qaynonalar esa Malikanikidek yovuz va zahar. O`zicha erga tegsa, albatta, Nazokat kabi erini o`ziga rom qilishni va tez orada qaynonasidan ro`zg`orini bo`lak qilib chiqib ketishni o`ylaydi...

Va nihoyat, Shohsanam turmushga chiqdi. Avval boshdanoq qaynonasiga ola qarab, undan yomonlik kutib yurdi. Eriga yaxshi ko`rinib, faqat u bilan murosa qilishga urindi. Qaynonasi qanchalik harakat qilmasin, kelinning bir samimiy jilmayishini ko`rmadi. Oxir-oqibat, yosh oila oradan bir yil o`tmay ajrashib ketdi. Chunki Shohsanamning eri yolg`iz o`g`il edi, hech qachon onasini tashlab ketmasdi…

 “Shurochka” sindromi

«Ishdagi ishq mojarosi» filmidagi jamoatchilik ishlari bilan faol shug`ullanadigan, yo`l-yo`lakay g`iybatlarni ham do`ndiradigan Shurochka obrazini yaxshi eslasangiz kerak. Bu juda hayotiy personaj. Ayrim ishxonalarda, haqiqatdan ham, shunday xodimlar bor. Ular o`zlarini jonkuyar hamkasb, yaqin dugona qilib ko`rsatish, birovlarning shaxsiy hayotiga burun suqish, ularning muammosini ipidan-ignasigacha bilishni istashadi. Tap tortmay intim mavzularda ham savollar berishadi, shunday ilmoqli gaplar qilishadiki, beixtiyor sir berib qo`yganingizni bilmay qolasiz. Aslida, ulardan ehtiyot bo`lish kerak. Chunki, ko`pincha, shaxsiy hayotini izga ko`ya olmagan, omadsiz insonlar o`zgalarning baxtiyor yashamayotgani, ularda ham muammolar bisyorligidan taskin axtaradi. Tabiiyki, ular g`iybatga o`ch, g`iybatsiz yashay olmaydi. Xuddi tezoqar suvdagi shiddatli o`rama kabi yoniga yaqinlashgan odamni o`z girdobiga tortib ketaveradi.

Aslida, rahbariyat bunday xodimlarni o`z vaqtida aniqlab, ularning ish jarayoniga salbiy ta`sir o`tkazishiga yo`l qo`ymaslik uchun choralar ko`rishi kerak. Hozir ko`pchilik ofislarda videonazorat o`rnatilgan, kadrlar bo`limi boshliqlari, ayrim hollarda esa hatto boshliqning o`zi ham xodimlarning «diltortar suhbatlari»ga berilmay, maoshni halollab olayotganini ko`rib turishi mumkin. Ammo o`rgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas. G`iybatlar endi virtual olamga ko`chdi: ijtimoiy tarmoqlar, ishxona ichidagi mini-chatlar...

Illat izlaganga illatdir dunyo!

Aslida barchasi o`zingizga bog`liq. Atrofdagilar kimnidir g`iybat qilsa, muammolardan gap boshlasa, mavzuni boshqa o`zanga burib yuborish, hayotingizdagi chiroyli, ibratli voqea-hodisalarni gapirib, odamlarning havasini keltirish o`z qo`lingizda.

Vaziyat

Maftuna eri va qaynonasidan noligani-noligan. Avvaliga xonadoshlari uni jon deb eshitishdi. Keyin taskin-tasalli berishdi. Ammo hammaning o`z hayoti, tashvishlari bor. Nuqul muammolardan gapiraveradigan odam bora-bora hech kimga yoqmay qoladi. Maftunada ham shunday bo`ldi. Dugonalari uni indamay eshitishadi-yu, keyin o`zlarining baxtiyor turmushlarini maqtanib gapirib berishadi. Bunday o`ylab qarasa, Maftunaning ham ulardan kam joyi yo`q. To`g`ri, kamgap, ko`p erkalamaydigan, jiddiy, ammo mehribon, uyim-joyim deydigan, ichmaydigan, chekmaydigan, begona ayollarga qiyo boqmaydigan eri, qattiqqo`l, talabchan bo`lsa-da, o`g`lini xotiniga qarshi qayramaydigan, birovlarga kelinini yomonlamaydigan qaynonasi, shirindan-shakar farzandlari, chiroyli hovli-joyi, to`kis ro`zg`ori bor. Shunday ekan, nega endi birovnikida ijarada yashayotgan yoki befarzandlikdan aziyat chekayotgan hamkasblari undan baxtliroq bo`lishi kerak?! «Ana bo`masa», dedi-da, Maftuna ham o`zining oilaviy hayotini maqtashga o`tdi. Qarasa, anavi ikkisi og`zini ochib uni tinglaydigan, havas qiladigan bo`lishdi. Bu Maftunaga yoqardi. Keyin o`ylab ko`rsa, rostdan ham baxtli ekan. Bora-bora ko`z tegmasin, deb oilaviy hayoti to`g`risida ishxonada ko`p ham gapiravermaydigan bo`ldi.

Shahina

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Germaniyadagi yangi ish o`rinlari haqida ma`lumot berildi

19.08.2021, 09:10

 Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi hamda  Germaniyaning "NoVo Agency e.K." tashkiloti o`rtasidagi hamkorlik kelishuviga asosan tibbiyot sohasida oliy yoki o`rta-maxsus ma`lumotga ega fuqarolar ishga taklif qilmoqda.Bo`sh...
Germaniyada ishlash istagida bo`lganlarga muhim yangilik e`lon qilindi

17.08.2021, 15:33

 Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi hamda Germaniyaning "NoVo Agency e.K." tashkiloti o`rtasidagi hamkorlik kelishuviga asosan tibbiyot sohasida oliy yoki o`rta-maxsus ma`lumotga ega fuqarolar ishga taklif qildi.Bo`sh...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1