AsosiyDunyo

Donald Tramp AQSHning 47-prezidenti bo‘ldi

Xalqaro munosabatlarda nimalar kutilyapti?

'Donald Tramp AQSHning 47-prezidenti bo‘ldi'ning rasmi

2017-2020 yillarda AQSHni boshqargan Donald Tramp 2024 yil 5 noyabrda o‘tkazilgan saylovlar natijasida 47-prezident sifatida Oq Uyga qaytdi. Yangi prezident ichki siyosatni qanday tashkil etishi amerikaliklarni qiziqtirayotgan bo‘lsa, xorijliklar AQSH bilan navbatdagi 4 yil muddatga aloqalar qay yo‘sinda rivojlanishidan tashvishga tushayotir.

Tramp o‘z lavozimiga 2025 yil 20 yanvardan keyin kirishadi. Garchi “cho‘loq o‘rdak(siyosatda - lavozimidan ketishi aniq bo‘lgan, biroq hali vakolat muddati bor mansabdor – tah.) bo‘lmish Jo Bayden hali ot ustida turgan bo‘lsa-da, hozirdanoq Tramp allaqachon AQSH prezidentidek qabul qilinmoqda va o‘zgarishlar hozirdanoq bo‘y ko‘rsata boshlagan. Ayniqsa Tramp Oq Uyga kelsa, amalga oshirishni va’da qilgan choralar bilan bog‘liq sohalarda bu o‘zgarishlar epkini kuchliroq esmoqda.

Masalan, Trampni ma’nan va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlagan Ilon Maskning yangi ma’muriyatda lavozim olishi kutilmoqda. Hozirdanoq uning kompaniyalari aksiyalari qimmatlab ketgan va uning boyligiga boylik qo‘shgan.

Yoki bo‘lmasa, Tramp kriptovalyutalarga keng e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlagani bois, bitkoinning narxi keskin uchib, o‘z tarxidagiyangi rekord natija – 71000 dollarga chiqdi.

Xitoy bilan munosabatlar

Qayd etish joiz, agar Amerika jahonning iyerarxik tartibini o‘zining yetakchiligida saqlash yo‘lini davom ettirsa (hozircha buning o‘zgarishi uchun asoslar ko‘rinmayapti), unda «bir qutbli dunyo lahzasi»ni uzaytirishning yagona yo‘li  Rossiya va Xitoyni tiyib turish bo‘ladi.

(https://features.csis.org/2024-us-election-global-impact/)

Shu sababli, kelgusi to‘rt yil ichida AQSH va Rossiya yoki AQSH va Xitoy o‘rtasida konstruktiv munosabatlar qayta tiklanishi ehtimoli juda past. Rossiya bilan qarama-qarshilik asosan geosiyosiy tusga ega bo‘lsa, Xitoy bilan raqobat iqtisodiy yo‘nalishda davom etishi kutilmoqda.

Tramp, xuddi birinchi muddatdagidek, Xitoyga nisbatan qarama-qarshi siyosatini davom ettirishi mumkin. Bunga qattiqroq tariflar va sanksiyalar, Xitoy sarmoyasining AQSHga kiritilishini nazorat qilish va Xitoy kompaniyalarining Amerika texnologiyalariga kirishini cheklash kiradi. Trampning Xitoyga munosabati Tayvan va Janubiy Xitoy dengizi bo‘yicha keskinlikni kuchaytirishi, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy va ilmiy aloqalarni murakkablashtirishi mumkin.https://www.chathamhouse.org/publications/the-world-today/2024-09/what-second-trump-presidency-would-mean-world)

Yevropa Ittifoqi bilan aloqalar

Yevropa, agar Tramp g‘alaba qozonsa, katta qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Misol uchun, yangi savdo to‘siqlari va iqlim masalalari bo‘yicha cheklangan hamkorlikka olib kelishi kutilmoqda. Ba’zi tahlilchilarning prognozlariga ko‘ra, Tramp NATOni qo‘llab-quvvatlashni qayta ko‘rib chiqishga yoki hatto kamaytirishga moyil bo‘ladi, bu esa Yevropa mamlakatlariga mudofaa yukini oshiradi.(https://www.theatlantic.com/if-trump-wins/)

Tramp Yevropa Ittifoqi va NATO bilan aloqalarni qayta ko‘rib chiqishga va’da bergani bois, YEI hozirdanoq o‘z mudofaa strategiyasini AQSHga suyanmagan ssenariylarda qayta ko‘rib chiqish harakatlarini boshlagan.

E’tiborlisi, hozirdanoq dollar kursi global miqyosda yevroga nisbatan o‘sa boshlagan. Zero, avvalroq Tramp g‘alaba qozonsa, Yevropadan keladigan qator tovarlarga katta bojlar joriy etishga va’da bergan edi. Tramp, shuningdek, ko‘pgina tovarlarni AQSHda ishlab chiqarish, Xitoy va boshqa davlatlarga chiqib ketgan Amerika kompaniyalarini Amerikaga qaytarishga va’da berib keladi.

Yaqin Sharq

Yaqin Sharqda Tramp “Birinchi navbatda Amerika” yondashuvini davom ettirishi mumkin. Bu sanksiyalar siyosatiga qaytish mumkin bo‘lgan Eron bilan munosabatlarga va mintaqaviy mojarolarda Isroilni qo‘llab-quvvatlashga ta’sir qilishi mumkin. Bundan tashqari, AQSHning Fors ko‘rfazidagi harbiy mavjudligini qayta ko‘rib chiqish yoki cheklash mumkin, bu Xitoy va Rossiya kabi boshqa yirik o‘yinchilarning ta’sirining kuchayishiga olib kelishi mumkin. https://www.chathamhouse.org/publications/the-world-today/2024-09/what-second-trump-presidency-would-mean-world)

Isroil esa hozirdanoq bayramni boshlab yuborgan. Zero, AQSH prezidentlari orasida hech biri Trampchalik Isroilni qo‘llab-quvvatlagan emas. Tramp avvalgi prezidentlik muddatida (2017-2020) AQSH elchixonasini munozarali Quddus shahriga ko‘chirdi. Isroilning Jolan tepaliklariga bo‘lganda’vosini tan oldi. Endigi muddatda esa Isroil BMT rezolyusiyalari hamda xalqaro kelishuvlarga zid ravishda G‘arbiy sohilda bosib olgan yerlarni ham tan olishidan xavotirlar kuchaygan. Bunday bo‘lsa, Falastin uchun ajratilgan yerlarning faqat G‘azo sektori qoladi. G‘azo esa allaqachon Isroil tomonidan vayron qilinib, harbiy iskanjaga olingan. Demakki, mustaqil Falastin davlati tuzish g‘oyasi mantiqsiz bo‘lib qoladi.

Tramp prezidentligi davrida Eron bilan munosabatlar kuchli bosim va sanksiyalar bilan hamrohlikda davom etadi. U Tehronni yadroviy dasturini cheklashga majburlashga, uning mintaqaviy ta’sirini kamaytirishga harakat qiladi. Diplomatik muzokaralar ehtimoli kam, asosiy yo‘nalish sanksiyalar va Eronning iqtisodiy jihatdan zaiflashtirish bo‘ladi.

Turkiya bilan munosabatlarda yaqin aloqalar saqlanib qoladi. Tramp Yaqin Sharqdagi ushbu hamkorlikni saqlagan holda bosim va savdo muzokaralarida o‘z manfaatlarini oldinga suradi, ayniqsa NATO va Suriya masalalarida ehtiyotkorona yondashishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Tramp arab davlatlari bilan strategik hamkorlikni davom ettiradi. Asosiy e’tibor neft, qurol-yarog‘ savdosi va Eronni tiyib turish masalalariga qaratiladi. Mazkur davlatlar bilan yaqin iqtisodiy va harbiy aloqalarni mustahkamlash Tramp siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishi shubhasiz.

Rossiya va Ukraina urushiga ta’sir

Asosiy masalalardan biri - Trampning Rossiyaga nisbatan pozitsiyasi va Ukrainadagi urush bo‘ladi. Uning prezident sifatidagi birinchi muddati Kremlga nisbatan yumshoqroq yondashish tendensiyasini ko‘rsatdi va bu yana yuzaga chiqishi mumkin. Agar Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, ham moliyaviy, ham harbiy jihatdan pasaysa, Yevropa o‘zining sharqiy chegaralarida xavfsizlik va Ukrainani iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga majbur bo‘ladigan vaziyatga tushib qoladi.(https://www.theatlantic.com/if-trump-wins/)

Migrantlarning “Tramp talvasasi”

Tramp avvalgi prezidentlik muddatida AQSHganoqonuniy migrantlar kirib keladigan hudud –Meksika bilan chegaralarni mustahkamlashga kirishgan va baland temir devor qurdirishni boshlagan edi. Hech shubhasiz bu ish yana davom ettiriladi. Shuningdek, Tramp Meksika bilan chegarada noqonuniy migrantlar oqimini to‘xtatish uchun chuqur handaq qazish, migrantlarni oyog‘idan otib bo‘lsa ham to‘xtatish, AQSHdagi  nolegal migrantlarning hammasini haydab chiqarish, biror qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan xorijliklarni ayab o‘tirmasdan haydash kabi g‘oyalari bilan ham mashhur. (https://www.nytimes.com/2019/10/01/us/politics/trump-border-wars.html) Bu siyosatdan hadiksiragan nolegal migrantlar hozirdanoq xavotirga tushgan. Meksika bilan chegaralarda esa haqiqiy “Tramp talvasasi” boshlangan: xorijliklar Tramp rasman prezidentlik lavozimiga o‘tirishigacha, ya’ni 2025 yil 20 yanvargacha AQSHga o‘tib olishga jon-jahdlari bilan harakat qilishmoqda.

Umuman olganda...

Trampning ikkinchi muddati, ehtimol, AQSH ichida millatchilik siyosatining kuchayishiga olib keladi, uning xalqaro maydondagi qarorlarini AQSH manfaatlari shakllantiradi. Bu asosiy iqtisodiy raqobatchilarga nisbatan tajovuzkor siyosatni, ko‘p tomonlama tashabbuslarga kamroq e’tibor berishni va ittifoqchilarga mudofaa budjetlarini oshirish uchun katta bosimni anglatishi mumkin. Jahon siyosatidagi vaziyatni oldindan aytib bo‘lmaydigan holga keladi va global ittifoqlar yanada moslashuvchan bo‘ladi, bu yesa, ayniqsa, Yevropa va Osiyoda ta’sir doiralarining qayta taqsimlanishiga olib keladi.

Bu omillar dunyo siyosiy va iqtisodiy inqirozlar va o‘zgarishlarning yangi to‘lqiniga duch kelishi mumkinligini ko‘rsatadi.

                                     Abdulloh Sayyid

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar