Odamlarning dunyoqarashiga o`rnashgan qolip, bu — ayol uy bekasi. Kamiga, ba`zi erkaklar uni xizmatkor va enaga rolida ko`rishadi. Uy bekalariga karera qilish kerak emas, ular zerikarli, navbatdagi serialni kutishu oshxonada kuymalanish bilan kifoyalanadigandek. Aslida ular ham jamiyatda o`z o`rnini topgan ayollar singari aqlli, o`z so`ziga ega. Ikkovining farqi shundaki, o`z maqsadi sari belgilangan yo`ldan borishga qaror qilishgan. Uy bekasi bo`la turib ham erkak kishining doimiy diqqat-e`tiborida bo`lishni uddalash u qadar muammo emas!
Birinchi sir: tashqi ko`rinish!
Ayol doim ko`zni quvnatadigan darajada go`zal bo`lishi lozim. Biron ishda ishlamasligingiz «yog` tekkan xalatda yurish uchun imkon» degani emas! Sizga birinchi navbatda baho beradigan eringiz. Shunday ekan, u sizni boshqa ayollar bilan qiyoslashiga imkon yaratmang. Go`zallik salonlariga qatnashni kanda qilmang. Uyda bo`lishingizga qaramay, engil pardoz qilib oling.
Ikkinchi sir: istak...
Uy bekalari odatda xohish-istaklarini ichga yutib, o`zi uchun yangi libos, pardoz vositalari xarid qilishdan ko`ra uyga zarur maishiy vositalar sotib olishni afzal ko`rishadi. Bu bilan faqatgina namunali rafiqa bo`lasiz, xolos. Gohida «kerak emas» so`zini «istayman»ga almashtirish zarar emas. Qancha latofatli bo`lsangiz, turmush o`rtog`ingiz atrofingizda shuncha ko`p girdikapalak.
Uchinchi sir: shaxsiy vaqtingiz
Uy bekasida vaqt muammosiz degan fikr ham yo`q emas. Aslida sira oxiri ko`rinmaydigan uy ishlarini bajarish ham ISh! Shunday ekan, shaxsiy vaqtingiz haqida unutmang! Ularni faqat o`zingiz uchun sarflang. Masalan, go`zallik saloniga borishingiz yo dugonangiz bilan kinoga, teatrga tushishingiz mumkin. Turmush o`rtog`ingiz a`lo kayfiyatda yurgan rafiqasini payqamay qolmaydi. Qarshi jins vakillari uy ishlariga ko`milgan emas, balki hushchaqchaq, ochiq chehrali ayolga e`tibor qilishni istashadi.
To`rtinchi sir: qiziqishlaringiz
Aqlli ayol bo`sh vaqtining barini serial ko`rishga sarflamaydi. O`z ustingizda ishlashga, xobbingiz bilan shug`ullanishga ham odatlaning. Bu bilan ijodiy qobiliyatingizni ham shakllantirasiz.
Beshinchi sir: fe`l-atvor
Yana bir qolip — uy bekasi jizzaki va janjalkash yoki o`z fikriga ega bo`lmagan qobilgina rafiqa degan fikr. Mazkur qolipdan chiqish uchun oltin o`rtalikni toping! Turmush o`rtog`ingiz bilan suhbatlashayotganda o`z fikringizda qoling va uning hurmat qilishiga erishing. Biroq buni muloyimlik bilan tushuntiring.
Oltinchi sir: e`tibor
Turmush o`rtog`ingiz uchun mazali taom tayyorlab qo`yasiz, ammo bu uning uchun odatiy hol. Bajargan ishi uchun maosh oladigan farrosh emassiz-ku, shunchaki mehnatingizni shirin so`z bilan e`tirof etilishini istaysiz. Shuning uchun bularning barini majburiyat yuzasidan emas, eringizga bo`lgan muhabbat bilan bajarishingizni tushunishiga imkon bering.
Ettinchi sir: turmush o`rtog`ingiz hayotidagi o`rningiz
Sizning qo`llab-quvvatlashlaringizsiz turmush o`rtog`ingiz tushkunlik botqog`iga botib qolgan bo`lardi. Ba`zida buni uning o`ziga aytish ham zarar qilmaydi. Axir, siz ham rafiqa, ham ona va qiyin vaziyatlarda maslahatgo`ysiz. Uy bekasi sifatida bor kuchingizni oilangizga sarflayapsiz. Demakki, turmush o`rtog`ingizning hayotida muhim rol o`ynaysiz!
Sakkizinchi sir: siz uddaburonsiz!
Uy bekasi bo`lish bilan birga turli yumushlarni bajarish imkoniyatiga ham egasiz. Yaqinlaringizga g`amxo`rlik qilish, o`z ustingizda ishlash, go`zalligingizga urg`u berish... Shunday ekan, har qanday ishbilarmon ayol sizning shaxsiy o`sishingizga havas qiladi! Eng muhimi, hamkasblarsiz ham zerikmaysiz. Bundan chiqdiki, sizni zerikarli uy bekasi deyish noo`rin!
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi





