Ushbu muhim ilmiy-ma’rifiy tashabbus maktab o‘quvchilari, talabalar va ilmiy jamoatchilik orasida kvant texnologiyalarini ommalashtirishga qaratilgan. Tadbirda bir qator xorijiy mutaxassislar, jumladan, Rossiya kvant markazi bosh direktori M.Ostras, “Rosatom” vakillari – G.Palchikov va D.Sokol ishtirok etdi.
“Rosatom”ning “Kvant haftalari” – bu ekotizimli loyiha bo‘lib, u ta’lim muassasalari, mahalliy hokimiyat vakillari, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining kunlik faoliyatida zamonaviy kvant texnologiyalarini keng joriy etishga qaratilgan.
“Kvant haftaligi” dasturi turli hil ilmiy-ma’rifiy tadbirlarga boy bo‘lib, unda talabalar va mutaxassislarni qiziqtirgan fizika, texnika va yangi texnologiyalar sohasidagi ma’ruzalar, mahorat darslari va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ishtirokchilar kvant hisoblash, kvant kommunikatsiyalari va kvant kriptografiyasi sohasidagi zamonaviy ishlanmalar bilan yaqindan tanishish hamda ularni sanoat va ilmiy tadqiqotlarda qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston va Rossiyaning yuqori texnologiyalar sohasidagi o‘zaro hamkorligiga, shuningdek, fan va ta’lim muassasalarining kvant tadqiqotlarini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasiga alohida e’tibor qaratildi. Tadbir doirasida bir qator ma’ruzalar tinglandi, jumladan, kvant texnologiyalarining global fan va ta’limdagi ahamiyati haqida.
Olmaliq shahridagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun maxsus dastur tashkil etilib, ular oddiy va tushunarli misollar orqali kvant fizikasi asoslari bilan tanishtirildi. Maktab o‘quvchilari va olimlar o‘rtasidagi ochiq muloqot tadbirning muhim qismi bo‘lib, navqiron avlodni fan-texnika yo‘nalishi bo‘yicha kasb tanlashga undashda yana bir omil bo‘ldi.
Tadbir doirasida nafaqat kvant texnologiyalari asoslari bilan tanishish, balki O‘zbekistonda ta’lim va fanni rivojlantirishni rag‘batlantirishga bag‘ishlangan tadbirlar ham o‘tkazildi. “Kvant haftaligi” O‘zbekiston va Rossiya olimlari o‘rtasida mustahkam aloqalar o‘rnatish, shuningdek, yuqori texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur loyihaning amalga oshirilishi 2024 yilda boshlangan bo‘lib, “Rosatom” tomonidan birinchi xalqaro tadbir aynan O‘zbekistonda tashkil etildi.