Tataristonning Malorechenskiy qishlog‘idagi chorvachilik majmuasi hududida ishchilarning vaqtinchalik yashash uyi yonib ketdi. Bu haqda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bino ichida 39 kishi bo‘lgan. 33 kishi mustaqil ravishda tashqariga chiqa olgan, ulardan biri jarohatlangan. O‘t o‘chirish vaqtida 6 nafar erkakning jasadi topilgan.
O‘zbekiston TIV matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, halok bo‘lganlar orasida 5 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan. Yaqin orada hodisa yuzasidan bayonot berilishi qo‘shimcha qilindi.
Rossiya FVVning 14 nafar mutaxassisi va 4 ta texnika vositasi 300 kvadrat metr maydondagi yong‘inni bartaraf etdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq.
Bir hafta oldin Rossiyaning Ulyanovsk viloyatidagi YTHda 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan.