Bugun tabiiy ko`rinishdagi yoyilgan qoshlar urfda bo`lib, ingichga terilgan, bo`yalgani yaqqol bilinganlariga talab unchalik emas.
ShAKLINI ANIQLAYMIZ!
Mustaqil ravishda qoshning qanot qismini belgilash mumkin. Buning uchun burun teshigining yuqori qismidan ko`zning o`rta qismigacha chiziq o`tkazing. So`ng chiziqni yuqoriga, ya`ni qosh tarafga qarab davom ettiring.
Kulcha yuzlilarga...
Qirra qanotli qosh shakli mos kelmaydi. Bu holatda yuz qismlari bir-biriga nomutanosib ko`rinishi mumkin. Qoshingizga shakl berayotganda qirrasiz terilishiga diqqat qiling.
Yonoq suyaklari bo`rtib chiqqan...
Bu holatda yumaloq shaklda terilgan qosh shaklini tanlashingiz mumkin. Qoshning boshlang`ich qismi xiyol kengroq, oxiri esa ingichkaroq bo`lgani ma`qul.
Yuz shakli uzunchoq bo`lsa...
Yuzingizni xiyol dumaloq ko`rinishga keltirish uchun qosh shakli qirrasiz, tekisroq bo`lishi kerak. Eng muhimi qosh ingichka terilmasligi lozim
O`ZINGIZGA MOSINI TANLANG!
«Qanotli»
Uchburchak shakldagi yuz tuzilishiga mos bo`lib, diqqat qilsangiz, qoshning boshlanish nuqtasi hamda oxiri bir xil balandlikda ekanini ko`rasiz.
«To`g`ri chiziqda»
Oval shakldagi yuz tuzilishi uchun ayni muddao. Yuqoriga taralgan qoshlar, bir tarafi salgina ko`tarilgan.
«Yoysimon»
Bu kabi qosh ko`rinishi kvadrat yuz shaklini nafisroq qilishi mumkin. Asosiy sharti esa juda ingichga terilmasligidir.
PARVARIShLASh
- Bir haftada bir marta zaytun, kanakunjut hamda o`simlik moyi yordamida qoshlarni parvarishlab turing. Buning uchun yog`lardan birini bug`li vannada ilitib, paxtaga surting. So`ngra qoshlar ustiga qo`ying-da, 10-15 daqiqaga qoldiring.
Har kuni yuzdan pardozni tozalab olgach, qo`l barmoqlari yordamida qosh ustini engil uqalang. Bu muolaja ushbu sohada qon aylanishini yaxshilab, terini yaxshilaydi. Shu bilan birga qosh ko`rinishiga ham ijobiy ta`sir ko`rsatadi.





