AsosiyJamiyat

"O‘zbekistonga kartoshka importi faqat Qozog‘istonga bog‘lanib qolmagan"

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qozog‘iston kartoshka eksportini cheklashi ortidan O‘zbekistonda kartoshka narxi oshgani yuzasidan munosabat bildirdi.

'"O‘zbekistonga kartoshka importi faqat Qozog‘istonga bog‘lanib qolmagan"'ning rasmi

Qozog‘iston kartoshka eksportiga cheklov qo‘ygani sabab O‘zbekistonda kartoshka narxi sezilarli darajada oshishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunga munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, O‘zbekiston aholisining kartoshkaga bo‘lgan yillik talabi 4 million tonnani tashkil etadi. 2024 yilda mamlakatda jami 3,7 million tonna, shundan asosiy maydonda 2,7 million tonna va takroriy ekin sifatida 1 million tonna kartoshka  yetishtirilgan. Mazkur hosilning 600 ming tonnasi keyingi mavsumda ekish uchun urug‘lik sifatida zaxira qilingan va tabiiy yo‘qotish 100 ming tonna (3 foiz) atrofida belgilangan.

2024—2025 yil qish va bahor mavsumi uchun mahalliy hokimliklar tomonidan jalb qilingan tayyorlov korxonalari tomonidan 245,5 ming tonna kartoshka zaxiraga jamg‘arilgan va fsp.agro.uz onlayn platformasi orqali subyektlar kesimida monitoring yo‘lga qo‘yilgan.

“Zaxiraga jamg‘arilgan mahsulotni ichki iste’mol bozoriga chiqarish bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har 10 kunlik tarmoq jadvali hududlar kesimida tasdiqlanib, ijrosini ta’minlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yuborilgan”, deyiladi vazirlik xabarida.

2025 yil 20 yanvar holatiga mahalliy hokimliklar tomonidan jalb qilingan tayyorlov korxonalari tomonidan jami 6,3 ming tonna kartoshka ichki bozorlarga savdoga chiqarilgan, zaxira qoldig‘i 239,2 ming tonnani tashkil qiladi. 2024 yilda 703 ming tonna, shundan dekabr oyida 74,4 ming tonna kartoshka import qilingan.

Vazirlik xabarida ta’kidlanishicha, O‘zbekistonga kartoshka importi faqat Qozog‘iston Respublikasiga bog‘lanib qolmagan. Mamlakatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini diversifikatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar samarasi tufayli ayni paytda  qo‘shni Qozog‘istondan tashqari Pokiston, Qirg‘iziston, Afg‘onistondan ham  kartoshka import qilish yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, mamlakatda kartoshka yetishmovchiligining oldini olish va o‘z vaqtida zarur chora-tadbirlar ko‘rish uchun 2024 yil 6—11 dekabr kunlari  Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi  O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi rahbarligida O‘zbekiston delegatsiyasi Eron va Pokistonga yuborildi. Tashrif davomida erishilgan kelishuvga muvofiq, 2025 yil yanvar – may oylarida O‘zbekistonga Erondan 100 ming tonna va Pokistondan 100 ming tonna jami 200 ming tonna kartoshka yetkazib beriladi.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatidagi dala maydonlarida yetishtirilayotgan kartoshka hosili mart oyining ikkinchi yarmi va aprel oylarida  to‘liq mamlakat bozorlariga  chiqariladi.

Ichki bozorni kartoshka bilan ta’minlash hamda narx barqarorligini saqlash uchun quyidagilar amalga oshiriladi:

  • Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birga tayyorlov korxonalarida zaxira qilingan kartoshka hisobidan 239,2 ming tonna mahsulotni grafik asosida har 10 kunda 15-25 ming tonnagacha miqdorda ichki bozorga tizimli chiqariladi;
  • Karantin agentligi tomonidan importyor tadbirkorlar bilan  Pokistondan va Erondan 100 ming tonnadan hamda Afg‘onistondan fitosanitar talablarga muvofiq qo‘shimcha  kartoshka olib kelish tashkil etiladi;
  • Surxondaryo viloyatida yanvar oyida 7,5 ming gektar hamda fevral oyida barcha viloyatlarda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari) 28,5 ming gektar maydonda kartoshka ekilib, aprel oyida 70 ming tonna, may oyida 450 ming tonna hosil yetishtirilib, ichki bozorga yo‘naltiriladi va aholi talabi to‘liq ta’minlanadi.
“Yuqoridagilardan kelib chiqib, yurtdoshlarimizdan mamlakatimizda kartoshka narxi oshishi haqidagi bir tomonlama olingan ma’lumotlardan foydalangan holda tarqatilayotgan xabarlarga aldanib qolmasliklarini so‘raymiz”, deyiladi vazirlik xabarida.

    Boshqa yangiliklar