AsosiyJamiyat

Poliklinikalarda ayrim tibbiy xizmatlar pulli bo‘ladimi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar qanchalik asosli? Sog‘liqni saqlash vazirligi oydinlik kiritdi.

'Poliklinikalarda ayrim tibbiy xizmatlar pulli bo‘ladimi'ning rasmi

Vazirlikning Tibbiy sug‘urta boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Almardanovning qayd etishicha, Konstitutsiyamizning 48-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli ekanligi ko‘rsatilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘iga ko‘ra, ayni paytda tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatiga oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalardagi 28 ta diagnostik tekshiruv, 22 ta laborator tahlil, 138 turdagi dori vositalari, 57 ta tibbiy buyumlar, eng ko‘p uchraydigan 110 ta tashxis, shuningdek, tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida 28 ta diagnostik tekshiruv, 46 ta laborator tahlil, 235 turdagi dori vositalari, 76 ta tibbiy buyumlar, 27 ta operativ davo hamda eng ko‘p uchraydigan 257 ta tashxis kiritilgan bo‘lib, davlat hisobidan bepul taqdim etiladi.

 Yangi qonun loyihasi bilan “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida aholiga bepul taqdim etiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlaridan tashqari qo‘shimcha xizmat hisoblanadigan tibbiy yordam turlarini belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilmoqda.

Ya’ni bu orqali birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida aholiga davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam paketiga kirmaydigan qo‘shimcha xizmatlarni tartibga solish ko‘zda tutilgan.

Ushbu qonun loyihasiga ko‘ra, kafolatlangan hajmga kiritilgan tibbiy xizmatlarni davlat hisobidan yoki bepul olish uchun bemor belgilangan muddatlarda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tegishli tibbiy ko‘riklardan o‘tishi, oilaviy shifokor yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilishi talab etiladi. Bunga shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish kirmaydi, albatta.

Bemorning tor soha mutaxassisiga borib davolanishi uchun esa oilaviy shifokorning yo‘llanmasi zarur. Shundan so‘ng kafolatlangan hajm doirasida tibbiy xizmatlar bepul ko‘rsatiladi.

Bunda oilaviy shifokor davolash va tashxislash standartlariga muvofiq tor soha shifokorlariga, zarur hollarda shifoxonalarga elektron yo‘llanma beradi hamda bemor mazkur yo‘llanma asosida tor soha shifokori tomonidan ko‘rikdan o‘tkaziladi va (yoki) uning tavsiyasiga ko‘ra, shifoxonaga yotqiziladi. Ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda tibbiy xizmatlar pulli asosda taqdim etiladi.

Bu bilan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida kafolatlangan tibbiy yordam hajmidan ortiqcha tibbiy va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish qo‘shimcha xizmatlar bo‘lib, pulli asosda amalga oshiriladi.

 Bunda oilaviy shifokor yoki tibbiyot brigadasi yo‘llanmasi mavjud bo‘lmasdan murojaat qilgan fuqarolarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam qo‘shimcha xizmat hisoblanishi (bundan shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish mustasno) belgilanmoqda.

Qisqa qilib aytganda, qonunchilikka kiritilayotgan ushbu yangilik davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari samaradorligini oshirish, birlamchi tibbiyot muassasalarida oilaviy shifokorlar yoki tibbiyot brigadalari tomonidan aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmiga kiradigan xizmatlarning bepul va sifatli ko‘rsatilishiga zarur shart-sharoitlar yaratadi.

    Boshqa yangiliklar