1

«Sobiq erim yarashishni taklif qilayapti...»

SUG'DIYONA 12.12.2016, 11:55
Teglar: Ayol, Erkak, Oila, Er-xotin
«Sobiq erim yarashishni taklif qilayapti...»

— Bundan uch yil avval turmushga chiqqandim. O`g`lim tug`ilganidan keyin qaynsingillarim bilan kelisholmay qoldik. Ular meni xiyonatda ayblab, ko`pning ko`zida sharmanda qilishdi. Erim ham yonimni olish o`rniga singillariga qo`shilib, engiltakka chiqardi. Shundan keyin ko`ch-ko`ronimni yig`ishtirib ota uyimga qaytdim. Ko`p o`tmay erim uylanib olibdi. Qaynsinglim va qaynopam bilan bir tashkilotda ishlaymiz. Ular ishxonada ham turli bo`htonlar tarqatib yurishdi. Bariga sabr qildim. Mana, nihoyat haqiqat yuzaga chiqayapti. Sobiq erim yarim yildan buyon qo`ng`iroq qiladi, xatolik bo`lganini aytib, uni kechirishimni so`raydi. Aytishicha, ikkinchi xotinini sevmas ekan. Ustiga-ustak, qonuniy nikohimiz buzilmagan. Qaynsingillarimdan biri meni tushunardi. U bilan ko`rishib gaplashsammi, deyapman. Biroq ota-onam oilamni qayta tiklashimga qarshilik qilishayapti. Men esa farzandim tirik etim bo`lishini istamayman. Aksiga olgandek erimning ikkinchi xotini ham homilador. Tez kunlarda ko`zi yorishi kerak. Arazlab otasinikiga ketib qolibdi. Shuning uchun sobiq umr yo`ldoshim u bilan yashamoqchi emas. Nima qilarimni bilmay arosatda qoldim. Oilamni tiklashim kerakmi yoki barini o`z holicha qoldirishimmi? Bilolmayapman?

Umida, 24 yosh, Navoiy viloyati 

Qaynonajon: — «Ko`z ochib ko`rganidan qo`ymasin» deyishadi-ku, jon qizim. Bolangizning otasi bilan yarashish xayrli ish, nazarimda. Inson o`z taqdirini o`zi hal qiladi. Shu boisdan oilaviy masalada yoshlarning o`ziga qo`yib beraylik, boshqalar aralashmasin, deyiladi-da. Ota-onangizga ham osonmas, qizim. Ular yana xato qilishingizdan qo`rqishadi. Ishonchlarini yo`qotgan odamdan umid qilish nojoiz deb o`ylashadi. Bunday voqealarga bir necha bor guvoh bo`lganmiz. Boshida «o`ldim-kuydim» deb, to`ydan so`ng «o`tirsa o`poq, tursa so`poq»qa chiqarishadi. So`ng shartta ayro yo`lga tushib ketishadi. Ikki o`rtada bola bechora sarson. «Sendan zo`rini topaman, onasi o`pmaganini olaman», deb sodda merov qizga qonuniy nikohsiz uylanib ham olishadi. U «soddagina» qiz boshiga danak chaqqach, «O`zimni xotinim ming marta yaxshi edi-ku», deb pushaymonlar bilan «Kel, endi bir-birimizni qadrlab yashaylik, har holda orada bolamiz bor…» deb qolishadi. Ha, shundaylar kelgusida yaxshi yashab ketishadi. Chunki boshlari devorga taq etib urilganda ko`zlari moshday ochilgan. Endi afsus, ming afsus, rasmiy nikohsiz turmush qurib, homilador holiga onasinikiga qaytgan qizga achinishdan o`zga ilojimiz yo`q. Yarashish taklifi eringizdan chiqqan ekan, oila a`zolari bilan bamaslahat shu qarorga kelishgan, deb umid qilamiz. O`tgan ishga salovat, deydi xalqimiz. Bu yog`iga yaxshiliklar, ahillik va tinch-totuvlik yor bo`lsin.

Shahnoza Xalilova, ruhshunos: — Murojaatingizdan sizni aybdorlik hissi qiynayotganini sezish mumkin. Birinchi galda mana shu his qaerdan paydo bo`lgan va qanchalar asosli ekanligiga oydinlik kiritib olish lozim. Agar o`zingizni ayblashga asosingiz bo`lsa, bu tuyg`u bilan ishlash, undan xalos bo`lishga harakat qilish lozim. Shundan keyingina o`zgarishlar tomon qadam qo`yganingiz afzal. Ammo har qanday holatda ham kim bilan yashashni eringiz hal qilishi shart. Bu mas`uliyatni uning bo`yniga yuklashingiz to`g`ri bo`ladi, menimcha.

Saodat OChILOVA yozib oldi.

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1