1

Kim aybdor: o`g`il tuqqanmi yo turmushga chiqqan?

SUG'DIYONA 13.12.2016, 10:13
Teglar: Ayol, Oila, Er-xotin, SUGDIYONA
Kim aybdor: o`g`il tuqqanmi yo turmushga chiqqan?

Aslida qaynona va kelin kelishmovchiligida hech kim aybdor emas, degim keladi. Chunki, biz o`z xohishimizcha emas, vaziyatlar tufayli bir-birimiz bilan to`qnashamiz. Menda bir fikr, sizda ikkinchi xayol bo`lgandan keyin vaziyatlarga ham o`z holimizcha baho beramiz, to`g`rimi? Mana shundan boshlangan qarama-qarshilik bizni yakdil echimdan uzoqlashtirib, yana boshqa janjallarning ham tashabbuskoriga aylantiradi. Keling, bu gal «Munosabatlar ko`zgusi»da qaynonaning kelinga, kelinning qaynonaga qarashlarini baholaymiz.

                          

«O`g`limga mos emas!»

Gulnora, 21 yosh: — To`yimizdan keyin birinchi haftadayoq qaynonam meni yoqtirmasligini yuzimga aytgan. Hammasiga bittagina, oliy ma`lumotli o`g`lining mendek «o`rta ma`lumotli hamshira»ni sevib qolgani sabab. Biz butun boshli oilamiz bilan «o`rtacha ma`lumotli, o`rtacha ongli» ekanmiz. Shuning uchun ham kelinlik uyimdagilar bilan  tuzukroq gaplasha olmasmishlar. Na qilgan ovqatim, na kiygan kiyimim, na erim bilan munosabatim oyijonimga yoqadi. Men qaynonam bilan qizidek suhbatlashib o`tirishni istayman, ammo u kishining ochiqdan-ochiq sovuq, buyruqnamo munosabatidan qo`rqib qolganman. Erim esa ichki kechinmalarimni, o`zimni qadrsiz his qilishimni tushunayotgani yo`q.

Adolat, 48 yosh: — Ha,  kelin tushirayotganimda o`g`limning ra`yiga qarshi bormay, o`zim o`qitib olarman, degan niyatda kelin tushurdim.  Ba`zilar institutda o`qimagan bo`lsa ham, uquvli, zakovatli bo`ladi. Qizlarim hammasi oliy ma`lumotli bo`lishdi, vaqtida turmushga chiqishdi, bolalari ham bor. Oliy ma`lumotli bo`lishgani uchun turmush o`rtog`iga tirgak bo`lib ishlashayapti, oilani ham eplashayapti. Nega endi shu qizlarim kabi udli-shudli kelin olmadim, deb afsuslanaman. Kelinim yomon emas, ammo nihoyatda qo`rqoq va uquvsiz. Dasturxon tuzashni bilmaydi, to`pdek qilib ovqatni oldimga qo`yadi, yoniga biror salat tayyorlash kerakligini tushunmaydi. Bularni o`rgatsa bo`lar, ammo oddiygina gazetani ham hijjalab o`qishini ko`rib, nahotki, shu qiz o`g`limning tengi bo`lsa, deyman. Uning «bersang-eyman, bo`lmasa-o`laman», deb og`zini ochib o`tirishini istamayman. Hozir qo`lida bolasi yo`q, harakat qilib, o`qishga tayyorlansa bo`ladi-ku! O`zida xohish bo`lmasa, mening urinishlarim bekor ketishi aniq, axir.

Ko`zgu nima deydi? — Har qaynona-kelinning bir-biriga yopishmaydigan tomoni bo`ladi. Bularda farosatning darajasi har xil. Adolat opa o`g`li va kelini o`rtasidagi oilaviy rishtalar adolatli bo`lishni istaydi. Ya`ni, o`g`limga munosib bo`lish uchun kelinim harakat qilishi kerak, deb hisoblaydi va aytish kerakki, bu mulohazada xato yo`q. Yana bir jihati ham ayonki, o`g`li mana shu qizni sevib uylangan, demak, uning qaerdadir ustun jihati bor. Balki, o`qish va ishda faol ayollardan bezigan o`g`liga aynan uning hurkakligi, chinakam zaifaligi yoqar.

Gulnoraning kechinmalariga kelsak, u – qadrsiz emas, turmush o`rtog`i uni o`ziga munosib deb bilgan, muhimi shu! Gulnora balki hech qachon oliy ma`lumotli bo`lololmas, lekin «o`rta ma`lumoti»ni mustahkamlashi mumkin-ku! Tibbiyot kollejini bitirib, bir kun ham hamshira bo`lib ishlamagan qancha kelinlar bor, ular, hatto, qo`shnilarga ukol qilishni ham eplay olmaydi. Shulardan farqli ravishda, agar eri ishlashga ruxsat bermasa ham, mahallaning chaqqongina hamshirasi bo`lib, qaynonasining unga bo`lgan talabini yumshatishi mumkin. Kelinlik, bu — yoshlik. Yoshlik esa odamning o`z ustida ishlash vaqti. Bunda dangasalik yaramaydi.

 

«Kelin zotidan ko`nglim qoldi…»

Bashorat, 57 yosh: — Katta kelinim o`g`limning burnidan ip o`tkazib, aytganini qildirardi. Ikkinchi nevaram tug`ilgach, butun ko`ch-ko`ronini ko`tarib, ijara uyga chiqib ketdi. O`g`lim ham ikki o`t orasida qoldi, oxiri ko`ziga bolalari ko`rinib, uning izidan ketdi. Ikki yilcha ona-o`g`il gaplashmay yurdik. Ikkinchi o`g`lim o`sha paytda hali uylanmagan edi, shu voqealarning barchasidan o`zicha xulosa chiqarib ulg`aydi. «Agar uylansam, keliningiz ovozini sal ko`tarsa ham, joyiga o`tkazib qo`yaman, faqat sizning aytganingiz bo`ladi», derdi. Shunday qilib, men istagan qizga uylandi. To`ydan keyin esa barcha va`dalarini unutdi. Etmaganiga kelinim ham chaqimchi, andishasiz chiqdi. Qaynona-kelin arzimagan narsa tufayli aytishib qolsak, kelinim o`g`limga chaqib berar, u esa men bilan tortishadigan bo`ldi. Ikkala bolamni onasiga qarshilantirib qo`ygan kelin zotidan ko`nglim qolgan. Bu kelinning nimasi menga yoqmaydi? Juda ko`p gapiradi, qo`shni kelinlar, katta ovsini bilan g`iybat qilgani-qilgan. Bolalari sho`xlik qilsa, ayamay uradi. O`g`limning topganini mendan berkitib, singillarining oilasiga yordam beradi. Xullas, gapirsam gap ko`p. Baxtimga uchinchi o`g`lim ham bor, o`shani uylantirsam, oqila, yaxshi kelin kelar uyimga...

Hulkar, 25 yosh: — Ota-onam meni o`qitdi, sarpo-suruq qilib uzatdi. Nahotki onam, yaqinlarimga erimning ruxsati bilan biror yordam bera olmasam? Yaxshi, unda ishlashimga ruxsat berishsin, o`g`lining emas, o`zimning topganimni sarflay. Katta ovsinimning boshida yong`oq chaqqan, xomilador paytida ovqat bermay qiynagan (ovsinimning o`zi aytgan) shu qaynonam meni ham boshidan mahkam ushlamoqchi bo`lgan, ammo sirimni boy bermadim. Ha, erim meni yaxshi ko`radi, yonimni oladi, chunki ko`p holatlarda onasi emas, men haq bo`lib chiqaman. Hamma kelinlar yomon, barcha o`g`illar laqma bo`lsa, o`zlari kimlar? Erimning topish-tutishi yaxshi, agar xohlasam, alohida uyga chiqib ketib, shu to`polonlarning barchasidan qutulishim mumkin. Qaynotam vafot etgan, katta hovlida yolg`iz qolmasin deyman shu ayol...

Ko`zgu nima deydi? — Ikkita kelin olib ham Bashorat opa tavbasiga tayanmabdi-da, dersiz?! Yo`q, shunday gaplar aytayotgan andishasiz Hulkarga o`xshagan kelinlar uyalsin! Yodingizda bo`lsin, erga tekkanning emas, o`g`il tuqqanning hurmati hamma zamonda baland bo`lgan va sog`lom oilaviy munosabatlar shakllanishi uchun ham shunday bo`lishi shart! Sivilizasiya deysiz, mustaqil oila egasimiz, deysiz, boshingizga do`ppi tor kelganda yana o`sha kattalarga borib suyanasiz, to`g`rimi?

Bashorat opa birinchi kelini bilan ko`p xatolarni yo`lga qo`ygani rostdir. Ikkinchi kelini bilan ham kelisholmagani uning aybdor ekanligini isbotlayapti go`yo. Ustiga ustak, har ikki o`g`il ham ona emas, xotini tomonga yon bosayotgani, u ko`p vaziyatlarda nohaq talablar qo`yayotganidan dalolat beradi. Bashorat opaga maslahatimiz – kelinlarning kamchiligini emas, yaxshi fazilatlarni ko`rishga harakat qiling. Xali kuch-quvvatingiz borida ularga yo`l-yo`riq ko`rsating, og`irlik, vazminlikda ularga o`rnak buling.  

 

                                 «Ota uyimga borishga ruxsat yo`q»

Laziza, 22 yosh: — To`yim bo`lganiga uch oy bo`ldi. Ishonsangiz, hali ham ota uyimga borganim yo`q. Qaynonamning aytishicha, deyarli har oy mehmondorchilik, to`y-marosimlar, yana qarindoshlarning chaqiruvlarida onam va singlimni ko`rganimning o`zi etarli ekan. Boshlanishidan shunday bo`lsa, davomi qanday bo`ladi, bilmayman. Hatto uy telefoniga yaqinlasha olmayman, turmush o`rtog`im kelgan paytdagina, qo`l telefonini olib, ota-onam bilan yashirincha gaplashaman. Qaynsinglim bor, u men bilan juda yaxshi munosabatda. Hatto u ham onasidan bir necha marta «Kelinoyim uylariga borib kelsin», deb so`rab ko`rdi. Qaynonam esa «Sen bu ishlarga aralashma», deb urishib berdi. Uyimizda aytarlik qiladigan ish ko`p emas. Tushlikda yotib, dam olishga ruxsat berishadi. Shu sabab nega qaynonam uyimga borishimga ruxsat bermasligiga tushuna olmayman.

Malohat, 49 yosh: — Kelinni bo`sh qo`yish kerak emas! To`g`ri, kelinim andishali, aytganimga ko`nadi, judayam yoqimtoy. Opamning kelini onasinikiga istagan paytda borib kelaverib, na onaning, na qaynonaning qadrini bildi. Onamnikiga ketayapman, deb o`zining eski muhabbati bilan uchrashib yurar ekan, engiltak! Jiyanim ortidan kuzatib, telefonidagi yozishmalarni o`qib bilib qoldi. Oqibatda, bir yilga ham bormay, ajrashib ketishdi. Hozirgi yoshlar hamma narsaga engil qaraydi. Bu qizni o`g`lim emas, o`zim tanlaganman. Ammo orqavarotdan eshitganim bor, qo`shnisining o`g`li bilan uzoq vaqt gaplashib yurgan. O`g`limning bu gaplardan xabari yo`q. Shuning uchun telefonga ortiqcha yaqinlashtirmayman. Onasinikiga ham hozircha yubormayotganim sababi shu. Har xil gap ko`payishining oldini olayapman. O`g`lim bilan birga borishiga roziman, lekin u buni xohlamaydi, kuyov bo`lib borishga uyalar emish.

Ko`zgu nima deydi? — Malohat opaning qat`iyati vaqt o`tishi bilan yumshab boradi, chunki keliniga qo`yayotgan ta`qiqlar boshqalarning gap-so`zi, bergan maslahatlari tufaylidir. Odam esa birovning maslahati va boshqalar hayotidagi voqealardan chiqargan xulosasi ta`sirida ko`p yurmaydi, baribir o`zligiga qaytadi.

Lazizaning qaynonasi xayolidan o`tayotgan gaplardan umuman xabari yo`q. U  qo`shnisining o`g`li bilan allaqachon orani ochiq qilgan, turmush o`rtog`i Abrorni hech kimga alishtirmaydi. Agar Malohat opa kelinni uyga yubormaslik uchun shu bahonani o`ylab topgan bo`lsa, bu yo`ldan voz kechgani ma`qul. Chunki kelinni egib olish uchun egri yo`lni tanlagan qaynonalarning hurmat qozonishi amri mahol. Shuningdek, kelinni uyiga tez-tez jo`natib ham, uning sevimli qaynonasi bo`lolmasligingiz yoki uydan chiqarmagan taqdiringizda ham, onasiga gap tashish odatini yo`q qilolmasligingiz mumkin.  O`rtasini tanlang, Malohat opa.

Lazizaga esa sabr-toqat tilaymiz. Ota uyingizni sog`inishingiz tabiiy. Ammo keyin nima bo`larkin, deb vahimaga tushish ham yaramaydi. Bugungi kuningiz bilan yashashni o`rganing. Kunduzi dam olarkansiz, ishingiz ham ko`p emas ekan. Demak, har ondan lazzat izlab, yangi oilaga el bo`ling. Ko`pincha o`tgan hayotimizdan nolib, bo`lajak kunlarimizda qo`rqib, yashashni, shirin turmushdan bahramand bo`lishni yodimizdan chiqaramiz. 

Aziza QURBONOVA

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1