AsosiySUG'DIYONA
8257

«Omonmisan, olisdagi yaqinim?..»

Ba`zan hayotda shunday paytlar bo`ladiki, ota yoki ona farzandidan ma`lum muddat uzoqda yurishiga to`g`ri keladi. Buning sabablari turlicha: xizmat safari, o`qish, biznes, davolanish... Barchaga ayonki, bola ko`proq onadan ayrilishdan aziyat chekadi va uch yoshgacha bo`lgan bolalarda bu, ayniqsa, qiyin kechadi.

 

Umuman, bola necha yosh bo`lishidan qat`i nazar, u onasi yonida bo`lishni istaydi. Ammo hayot ayriliqni taqozo qilganida bunga ko`nmay-ko`nikmay ilojimiz yo`q...

 

“Turmush o`rtog`im ikkimiz ish yuzasidan chet elga ketishimiz kerak edi. Oila a`zolarimiz bilan maslahatlashdik, bolalarimga qaynonamlar qaraydigan bo`lishdi. Bundan o`z onam biroz gina qildi, ammo bolalar mening onamdan ko`ra, ko`proq qaynonamga bog`lanib qolgan. Hammasidan ham qiyini, bolalarimizga ularni ma`lum muddat tashlab ketayotganimizni tushuntirish edi. O`tirib gaplashdik, bu vaqtincha ekanini, biz qaytib kelgach, hayotimiz yana shunday davom etishini, faqat hozirgi safarimiz kelajak  uchun muhimligini ularga tushuntirdik. Albatta, bu ayriliq azobini aritmagan bo`lsa-da, qaysidir ma`noda engillatdi. Bolalar buvilari qaramog`ida ekanligidan bizning ham ko`nglimiz xotirjam edi”.

Habiba, 27 yosh.

  

 

“Chet elda o`qishimni davom ettirish orzum amalga oshganida qizim maktab o`quvchisi edi. O`quv yilini o`z maktabida tugallashini istadim. Ketayotganimdan sinf rahbarini boxabar qilish uchun maktabiga bordim. Vaziyatni tushuntirib, rejalarimni aytdim, qizimga ko`z‑quloq bo`lib turishini iltimos qildim. Suhbat so`nggida o`qituvchi menga rahmat aytdi, to`g`risi, hayron qoldim. Va buning sababini so`radim. U shunday javob qaytardi: «Ota‑onalar xorijga ketayotganliklarini o`qituvchilarga bildirishni lozim ko`rishmaydi. Bu noto`g`ri. Biz ham bundan xabardor bo`lishimiz kerak. Farzandlari xavfsizligi, ta`lim-tarbiyasini o`ylagan ota-ona buni yaxshi tushunadi.  O`zingiz bilasizki, bola uyda o`zini boshqacha tutadi, maktabda esa umuman o`zgacha odamga aylanadi. Ayniqsa, ota‑onasi olisda bo`lgan o`quvchilarga o`qituvchilar ko`proq ahamiyat berishlari kerak. Qaniydi, boshqa ota‑onalar ham sizdan o`rnak olishsa...”.

Menimcha ham, ota‑onalar bu borada o`qituvchi bilan hamjihatlikda ish ko`rishlari lozim”.

Kavsar, Toshkent.  

 

 

“Magistraturani chet eldagi universitetlarning birida davom ettirdim. Farzandlarimni onamga ishonib qoldirdim. Ular bilan har kuni internet orqali gaplashardik. O`sha payt to`rt yoshli o`g`lim videokamera yoqilishi bilan boshqa xonaga chiqib ketardi. Jiyanim uni ko`tarib olib kelganida, urishib, tepinib: «Gaplashmayman, gaplashmayman, sen bilan!», deb baqirar, yig`lardi. Avvaliga bolam meni yomon ko`rib qoldi, endi qabul qilmaydi, deb ich‑etimni edim. Tushkunlikka tushdim, nazarimda, bu stress bolamning bir umrlik hayotida iz qoldiradigandek edi. Keyin onam: «Bolam, sabr qil, o`g`ling kichik, shuning uchun tushunishi qiyinroq, ko`nikadi sekin-asta”, dedi. Va har kuni o`g`limga: «Qara, oying senga berib yuboribdi», deb kichik-kichik sovg`achalar, rasm qog`oz, qalam, kitobcha kabilarni sotib oladigan bo`ldi. Sekin-asta o`g`limning qaysarliklari barham topdi. U hatto menga turli rasmlar chizib, albom shaklida sovg`a jo`natdi. Keyinroq esa men bilan gaplashish uchun videokamera yoqilganida: «Oyi, rasmlarimni mazza qilib, tomosha qilyapsizmi?», deb so`raydigan bo`ldi. Bular ayriliq azobini engishimizda ikkimizga ham yordam berardi...”

Niso, Toshkent  

 

 

“Chet elga ketdim, ammo bolalarim oldida o`zimni aybdor his etardim. Shu sababdanmi, qo`limga pul tushdi, deguncha ularga turli sovg`a-salom jo`natdim. Avvaliga qaytishimni kutgan bolalarim endi faqat kimga nima jo`natishimni buyurtma beradigan bo`lishdi. Hatto ba`zan «Yaxshimisiz? Sog`-omon yuribsizmi?», deb ham so`rashmaydi. Bu esa menga og`ir botadi: «Sizlarni o`ylab, shu erlarda yuribman-u, bir og`iz yaxshimisiz, demaysizlar-a?..», deb yig`layman ba`zan. Aslida, ularning shunday bo`lib qolishiga sababchi o`zim. Aybimni sovg`a-salom bilan yuvib, bolalarim mehrini sotib olmoqchi bo`ldim”.

Nigora, Andijon.

 

 

Ha, farzandga ota-ona g`amxo`rligi zarur bo`lganidek, biz, kattalarga ham ularning mehri kerak. Shunday ekan, moddiy farovonlik yo`lidagi intilishlarimiz mehr rishtalarini uzishiga zinhor yo`l qo`ymaylik!

Madina ZARIF

Boshqa yangiliklar