AsosiySUG'DIYONA

Niqob, loson va kompress – hammasi qahvadan tayyorlanadi!

Bu mahsulotni sevib iste`mol qilamiz. Ayniqsa, ertalab tetiklashish uchun qahvadan yaxshisi yo`q. Qolaversa, qahva barchamizning ro`zg`orimizda topiladi. Buni qarangki, bu mazali ichimlikni go`zallik muolajalarida ham ishlatishimiz mumkin ekan.

 

Ajinlarga qarshi...

Yuz teringiz ta`sirchan bo`lmasa, quyidagi niqobni sinab ko`rishingiz mumkin. 3 choy qoshiq qora bug`doy uniga yarim piyola achchiq qahvani (u sovuq bo`lishi kerak) aralashtiring. Aralashma bo`tqa ko`rinishiga kelishi kerak. So`ng bir dona tuxum sarig`ini qo`shing. hosil bo`lgan niqobni yuzga surtib, 15 daqiqaga qoldiring. Keyin iliq suvda chayib oling.

 

Ko`z qovoqlari uchun kompress

Kopressni boshlashdan avval ko`z qovoqlariga terini namlantiruvchi kremdan surting. 1 choy qoshiq qahvani 2 osh qoshiq qaynatilgan suvga damlab, sovuting. So`ng ikkita paxtani qahvada namlab, ko`z qovoqlari ustidan qo`ying. 15 daqiqadan so`ng paxtani olib tashlab, qovoqdagi ortiqcha namlikni quruq paxta bilan artib olasiz.

 

Soch uchun loson

Bo`yalgan sochlarga tovlanuvchi jilo berish uchun qahvadan loson tayyorlaymiz. 1 osh qoshiq maydalangan qahvani yarim litr qaynagan suvda damlab, tindiring. So`ngra sochni yuvib bo`lgach, qahvali damlama bilan chayib oling.

 

Ildizini mustahkamlaymiz

1 choy qoshiq maydalangan qahvani 1 osh qoshiq qaynatilgan suvda damlang. Damlamaga 1 choy qoshiq kanakunjut yog`i va bir dona tuxum sarig`ini qo`shing. Barcha masalliqlarni aralashtirib, namlangan soch ildiziga surting. 15 daqiqadan keyin shampun bilan chayib oling.

 

Quyoshda toblanganday bo`lmoqchimisiz?

Buning uchun soatlab quyoshli vanna qabul qilish shart emas. Shunchaki 1 osh qoshiq  qahvani 50 gr qaynatilgan suv bilan aralashtiring. Hosil bo`lgan eritmaga yumshoq gubkani xo`llang-da, badaningizga engil surtib chiqing. 10 daqiqadan so`ng chayinishingiz mumkin. Qahva teri bilan ta`sirga kirishib, toblanganlik ko`rinishini paydo qiladi.

 

Universal skrab

Teri kataklarini tozalashda qahva va shakar aralashmasidan skrab tayyorlash mumkin. Buning uchun 1 choy qoshiq qahvaga shuncha miqdorda mayda shakarni aralashtiring. So`ngra namlangan yuz terisiga surtib, engil ishqalang. Skrabni iliq suvda yuvib tashlab, teriga namlantiruvchi krem surtib oling.

 

+ 45

1 choy qoshiq maydalangan qahvaga shuncha miqdorda maydalangan yong`oqni qo`shing. Ozroq suv bilan aralashtiring. Niqobni yuz terisiga surtib, engil ishqalang. 15 daqiqadan so`ng iliq suvda chayib oling.

Mazkur niqob toliqqan yuz terisini jonlantiradi. 

Boshqa yangiliklar