1

Internetdan baxt izlab...

SUG'DIYONA 14.12.2016, 15:49
Teglar: Internet, Baxt, SUGDIYONA, Qiz
Internetdan baxt izlab...

Virtual olamdagi tanishuv ba`zan haqiqiy hayotdagi baxt sari etaklashi ham mumkin. Ammo bu “o`rgimchak to`ri”da adashib qolmasdan, aynan sizga kerakli insonni topish oson ish bo`lmasligi aniq. Ijtimoiy tarmoqlardagi faol qizlar uchun ayrim xavfsizlik qoidalarini eslatib o`tmoqchimiz…

 

Har bir yigitga bo`lajak kuyov sifatida qaramang!

To`g`ri, internet olami tomon qadam tashlar ekansiz, katta imkoniyat hamda ko`p ma`lumotga ega bo`lasiz. Biroq u erdan adashmay chiqishingizga hech kim kafolat bermaydi. Internet orqali bir necha marta qarama-qarshi jins vakillari bilan tanishganlardan ko`pincha “har doimgidek yana xato qildim, aldamchi taassurotga ilinib qoldim” degan gaplarni eshitamiz. Bularning barchasi tasodif emas, albatta. Siz tanishuv uchun talabgorlarni birma-bir ko`rib chiqishga, hammasini sinovdan o`tkazishga shoshasiz. Yigitlarning shaxsiy ma`lumotnomasiga tezgina ko`z yugurtirasiz-u, tezroq suhbatni boshlashga shay turasiz. Siz uchun bu odatiy holga aylanib ulgurgan, axir qisqa vaqt ichida ko`proq nomzodlarni ko`rib chiqishga ulgurishni istaysiz-da. Nazarimizda, xalqimizning “Shoshgan qiz — erga yolchimas” degan purma`no hikmatini unutib qo`ygan ko`rinasiz...

O`z qiziqishlaringizni ham inobatga oling!

Siz qachon notanish inson bilan uzoq suhbat qura olasiz? Qachonki, qiziqishlaringiz o`xshash bo`lsa. Internetdan baxt izlashga kirishar ekansiz, avvalo o`z qiziqishlaringiz ro`yxatini tuzing. Shundan so`ng virtual olamda siz kabi qarashlarga ega insonlar suhbat qurishi mumkin bo`lgan saytlarni aniqlang. Ana shu holatda yangi tanishuvlar davomiy suhbatlarga aylanish ehtimoli yanada oshadi. Samarasiz qidiruvlar charchoqqa, charchoq esa ruhning cho`kishiga, kayfiyatsizlik o`z navbatida omadsizlikning yuzaga kelishiga sabab bo`lmasligi uchun maslahatimiz — baxtli hayot sari yo`llanmani faqatgina internetdan topish mumkin degan fikrga bormang.

Uchrashish kerakmi yoki yo`q?

Virtual olamdagi tanishingiz bilan hayotda ko`rishish masalasi, avvalo, sizning hayotdagi prinsiplaringiz asosida hal etiladi. Deylik, umr yo`ldoshingizni aynan internet orqali topishni maqsad qilib qo`ygan ekansiz, unda uchrashuvni uzoqqa cho`zib o`tirgandan foyda yo`q. Chunki qisqa xabarlar yordamida uzoq davom etgan qiziqarli suhbatdan so`ng, qarshingizdagi inson sizning tasavvuringizdagi kabi emasligidan hafsalangiz pir bo`lishi hech gap emas. Yana bir sababi esa erkak kishini qandayligini so`zlari emas, balki harakatlari oshkor etadi. Shuning uchun real hayotdagi uchrashuv qanchalik erta yuz bersa, o`zingizga mos kelmaydigan insonni deb vaqtdan yutqizmagan bo`lasiz.

Maqsadni aniq qo`ying!

Birinchi uchrashuvdayoq ko`nglingizni zabt etishga urinayotgan yigitning maqsadi bilan sizning rejalaringiz qanchalik mos kelishini aniqlab olish zarar qilmaydi. Masalan, siz oila qurish yoshidagi qizsiz, yigit esa hali bu fikrdan juda uzoqda. Vaziyatga oldindan aniqlik kiritib olsangiz, kelajakdagi tushkunlik va umidlarning puchga chiqishidan o`zingizni asragan bo`lasiz. Jiddiy savollar yordamida ham virtual tanishingizning rejalaridan boxabar bo`lolmadingizmi, unda o`yinni ochiqchasiga olib boring. Mulohazali erkak bu harakatingizni e`tiborsiz qoldirmaydi, balki uning ko`zi o`ngida hurmatingiz yana oshadi.

 

Xavfsizlik qoidalari!

  • Me`yorni biling;

  • Baxtimni izlayapman, degan gap “odob-ahloq” qoidalarini chetlab o`tishga izn bermaydi;

  • Tarjimai hol, shaxsiy telefon raqami, uy manzili kabilarni hamma bilishi shart emas;

  • Dastlabki tanishuv uchun o`zingiz haqingizda umumiy ma`lumotlar etarli bo`ladi;

  • O`z sahifangizga joylashtiradigan rasmingiz bir vaqtning o`zida sizni ham jozibali, ham iboli qilib ko`rsatishi lozim;

  • Istak va imkon bo`lsa, tanishgan insoningiz bergan ma`lumotlarni tekshirib ko`rish mumkin;

  • Agar sizdan o`zi haqidagi oddiy ma`lumotlarni berkitishga harakat qilayotgan bo`lsa, maslahatimiz, muloqotni davom ettirmang!

 

DILNOZA tayyorladi.

Sharhlar

Шохзод 02.11.2021, 22:25
Мен бир рус киз билан мулокот килмокдаман аммо у унча киришимли емас сухбатга
Freedom House internet erkinligi reytingini e`lon qildi. O`zbekiston nechinchi o`rinda?

17.10.2020, 15:59

Freedom House internet erkinligiga oid an`anaviy yillik hisobotini e`lon qildi. Unda O`zbekiston 100 balldan 27 ball to`plab, 65 davlat ichidan 57-o`rinda qayd etilgan.Tadqiqotchilar internetdagi erkinlikka...
Toshkentda qiz sevgilisini pichoqladi, omon qolgan yigit hali ham unga o`ylanish niyatida (video)

16.12.2019, 11:35

Toshkentdayigit va qiz o`rtasida rashk sababli kelib chiqqan janjal oqibatida qiz sevgilini pichoqladi. Yigit esa baxtli tasodif bilan omon qolgan. Bu haqda «Zamon» axborot dasturida...
Kosonda joniga qasd qilgan o`quvchi qizning sumkasidan xayrlashuv maktubi chiqqanmidi?

14.12.2019, 20:26

Koson tumanidagi 6-umumiy o`rta ta`lim maktabining 11-sinf o`quvchisi N.B. 4 dekabr, chorshanba kuni o`z joniga qasd qilish holatlari bilan vafot etgani haqida xabar bergan edik....
​SAMARQANDDA TAShKIL ETILGAN «ELEKTRON POLIKLINIKA»DA Wi-Fi IShGA TUShDI

25.09.2017, 15:49

Samarqand shahridagi 12-son oilaviy poliklinikada aholini onlayn tarzda elektron ro`yxatga olish tizimi ishga tushirildi. «Elektron poliklinika» dasturi bemorlarni yagona elektron ro`yxatga olish va internet tarmog`i...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1