AsosiyJamiyat

Noqonuniy kontent: bunga qat’iy chora ko‘rish kerak!

Ijtimoiy tarmoqlarda kontent tayyorlash ayni kunda zamonaviy kasb darajasiga chiqishga ulgurdi. Biroq…

'Noqonuniy kontent: bunga qat’iy chora ko‘rish kerak!'ning rasmi

Raqamli platformalar, ijtimoiy tarmoq va messenjerlar bugun yoshlar o‘rtasida ommalashgani hech kimga sir emas. Ijtimoiy mediada insonlar o‘z kasb faoliyati yoki qiziqishi va tijoriy maqsadlar yo‘lida o‘zining shaxsiy blogini yuritmoqda. Kontent tayyorlash ayni kunda zamonaviy kasb darajasiga chiqishga ham ulgurdi. Insonlar uchun o‘z maqsadlarini amalga oshirishda ijtimoiy tarmoqlar orqali kontent tayyorlash eng samarali usullardan biri hisoblanadi. Foydalanuvchilar tarmoqdagi har bir kontentning maqsadi, ahamiyati, manipulyatsiyaviy ta’siri va propaganda alomatlarini ongli ravishda anglashi zarur.

Bugun mediada noqonuniy kontentlar soni tobora ortib bormoqda. Bularga behayolik, zo‘ravonlik, tavakkalchilikka asoslangan qimor o‘yinlarini, giyohvand moddalarini targ‘ib qilish, taqiqlangan diniy mazmundagi, diniy, irqiy, jinsiy adovat uyg‘otuvchi materiallarni tayyorlash va tarqatish, tegishli ruxsatnomasiz (litsenziya) onlayn trening darslar o‘tkazish, psixolog xizmatlarini taklif qilish, yolg‘on xabarlarni(feyk) uzatish hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydanlangan holda, shaxslarning ovozi va tasviridan foydalangan holda ularning nomidan video, foto, audio materiallar tayyorlash va tarqatishni misol qilib keltirishimiz mumkin.

Mana shunday holatlardan biri haqida Toshkent shahar IIBB xabar berdi. O‘zbekiston xalq artisti, Yalla guruhi yakkaxon xonandasi Farrux Zokirov nomidan uning ovozi, video tasviridan foydalangan holda, video tarqalgan. Videoda F.Zokirov intervyu davomida kurakda turmaydigan so‘zlar ishlatib, behayo so‘zlardan foydalangani, tibbiyot xodimlarini haqorat qilgani aks etgan. Shuningdek, turli xildagi dori vositalarining reklama qilinganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Bir qarashda video haqiqiydek tasavvur uyg‘otadi, shu bilan birga,shaxsni obro‘sizlantirish, uning mavqeidan foydalanib, nomini qoralash kabi jinoyat alomatlarini ko‘rish mumkin.

Yoshlar orasida ommalashgan blogerlik, qiziqarli video oluvchi vaynerlar ham ba’zan tajribasizligi yoki ilmsizligi ortidan mana shunday noqonuniy kontent tayyorlab, jinoiy hamda ma’muriy javobgarlikka tortilmoqda. Fuqarolarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga va atrof-muhitga zarar yetkazuvchi yoxud zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan, milliy va oilaviy an’analar, shuningdek, axloq va ma’naviyatning umumqabul qilingan normalariga zid bo‘lgan, ochiq-sochiq kiyingan qizlar ishtirokida behayolikni targ‘ibqiluvchi, hamda tegishli ruxsatnomasiz diniy mazmundagi videolari orqali jamoatchilik e’tiboriga, aniqroq qilib aytganda, e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tuhmat, haqorat, shaxsiy hayotga tajovuz, zararli hamda yolg‘on axborotlarni tarqatish ma’muriy javobgarlikka, terrorizmni targ‘ib qilish, diniy adovat qo‘zg‘ash, pornografik material tarqatish tegishli tartibda jinoiy javobgarlikka, shuningdek, mana shu kabi materiallarning izohlarida qo‘llab-quvvatlash, saqlash, ulashish, layk bosish ham javobgarlikka tortilishga sabab bo‘ladi. Qonunni bilmaslik esa javobgarlikdan ozod qilmaydi.

Internetdan bir foydalanuvchi sifatida noqonuniy kontent tarqalishiga qarshi tezkor choralar ko‘rish uchun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va boshqa idoralarning bu boradagi vakolat va faoliyatlarini qayta ko‘rib chiqish kerak. Bu, o‘z navbatida, ularning huquqiy mexanizmlarini kuchaytirish, Internetda xavfsiz muhit yaratish va inson huquqlarini muhofaza qilishni ta’minlashga qaratilgan bo‘lishi kerak.

Dilshod FAYZULLAYEV,                                   O‘zMU Jurnalistika va o‘zbek filologiyasifakulteti talabasi

    Boshqa yangiliklar