Hukumatning tegishli qaroriga asosan vafot etgan shaxslarni dafn etishga ruxsat berish va ro‘yxatga olishni raqamlashtiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, mazkur ishlarni elektron axborot tizimi orqali monitoring qilishga qaratilgan yangi elektron xizmatlar joriy qilinadi. 2026 yil 1 iyunga qadar “FHYDo‘ning yagona elektron arxivi” axborot tizimining “Dafn etish ishlarini ro‘yxatga olish yagona elektron daftari” moduli va uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi.
Kelasi yil 1 martdan vafot etgan shaxsning o‘limi qayd etilgandan so‘ng uning eri yoki xotini, ota-onasi, farzandlarining my.gov.uz'dagi shaxsiy kabinetiga o‘lim qayd etilgani haqida QR-kodli ma’lumotnoma bepul yuboriladi. Ushbu QR-kod tushirilgan ma’lumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi.
2026 yil 1 iyuldan 31 dekabrgacha Toshkent shahrida eksperiment tariqasida dafn etish ishlarini amalga oshirishning quyidagi tartibi joriy etiladi:
- qabriston mudiri (nazoratchisi) tomonidan vafot etgan shaxslarni dafn etishga ruxsat berish faqat elektron modul yoki uning mobil ilovasidan foydalangan holda amalga oshiriladi;
- mudirlar (nazoratchilari) tomonidan dafn etish ishlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni qog‘oz shaklida yuritish tartibi bekor qilinadi.






