AsosiySiyosat

AQSH O‘zbekistonga ajratilishi kerak bo‘lgan grantni bekor qildi

AQSH davlat kotibi Marko Rubio fuqarolik ishtirokini rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonga ajratilishi rejalashtirilgan 2,5 million dollarlik grantni bekor qilgan.

'AQSH O‘zbekistonga ajratilishi kerak bo‘lgan grantni bekor qildi'ning rasmi

AQSH davlat kotibi Marko Rubio turli mamlakatlarga 215 million dollarlik tashqi yordam ajratishni bekor qildi. Mazkur davlatlar qatorida O‘zbekiston ham bor. Bu haqda Davlat samaradorligi departamenti (DOGE) ma’lum qildi.

“Davlat kotibi Rubio bugungi kunda 215 million dollarlik 139 ta “foydasiz” grantni bekor qilib, davlat departamentining xorijiy yordamini diqqat bilan kuzatib borishda davom etmoqda”, — deyiladi DOGE xabarida.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston, Armaniston, Shri Lanka, Buyuk Britaniya, Moldova, Braziliya, Belarus, Bolgariya, Mavritaniya, Livan va Tunisdagi loyihalar uchun ham grant ajratish to‘xtatilgan. Yevropada 1,7 million dollarlik “Tinchlik va demokratiya uchun mustaqil ommaviy axborot vositalari” loyihasi ham qisqartirilmoqda.

Belarusda ta’sir ko‘rsatgan loyihalardan biri 2,4 million dollarlik “Dezinformatsiyaga kreativ kontent bilan javob berish” deb nomlangan tashabbusdir. Qirg‘iziston uchun esa “Fuqarolik jamiyati barqarorligi va moslashuvini ta’minlash” loyihasi uchun 750 ming dollar ajratilishi kerak edi.

AQSHda hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask hisoblanadi. U ortiqcha qoidalarni, keraksiz xarajatlarni kamaytirish va federal agentliklarni qayta tashkil etish bilan shug‘ullanadi.

Tramp ma’muriyati davlat departamenti byudjetini deyarli ikki baravarga qisqartirishni rejalashtirmoqda. Oq uy davlat departamenti va Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) faoliyati uchun 28,4 milliard dollar ajratishni taklif qilmoqda. Bu Kongress tomonidan 2025-moliya yili uchun tasdiqlanganidan 27 milliard dollarga yoki 48 foizga kam.

Xalqaro tashkilotlarga ajratiladigan mablag‘lar hajmi yanada ko‘proq — deyarli 90 foizga kamayishi kutilmoqda. BMT, NATO va boshqa 20 ta xalqaro institut tinchlikparvar operatsiyalarni moliyalashtirishni butunlay to‘xtatish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, byudjetda Isroil va Misr kabi ba’zi ittifoqchilarga qurolli kuchlarni rivojlantirish uchun 5,1 milliard dollar miqdoridagi grantlarni saqlab qolish ko‘zda tutilmoqda.

AQSH gumanitar yordam xarajatlarini 54 foizga, global sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishni esa 55 foizga qisqartirishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar