Davomi, Boshi
Shunda odamlar bog`dorchilik, chorvachilik, hunarmandlik, kasanachilik, xizmat ko`rsatish, servis va boshqa sohalarda tadbirkorlik bilan shug`ullanib, kichkina bo`lsa ham o`zining korxonasini tashkil etib, qonuniy asosda daromad topadi, o`zini ham, oilasini ham moliyaviy jihatdan mustahkamlab, mahallamiz, tumanimiz va shahrimiz, viloyatimiz va mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo`shadi.
Bu siyosatning asosiy maqsadi shundan iboratki, biz har bir fuqaro o`zining kuch va imkoniyati, qobiliyati va salohiyatini ro`yobga chiqarishi uchun keng sharoit va imkoniyat yaratib berishimiz kerak.
Mana, 2016 yil yakuniga etishiga ham 15 kun vaqt qoldi. Biz yilni muvaffaqiyatli yakunlash, belgilangan maqsadlarga erishish, yangi – 2017 yilda mamlakatimiz barqaror rivojlanishi va jadal o`sish sur`atlarini ta`minlash uchun mustahkam zamin yaratish maqsadida barcha vositalarni safarbar etishimiz lozim.
Vazirlar Mahkamasi rahbariyatidan bu vazifalarni har tomonlama puxta bajarishni va kelgusi yil yanvar oyida o`tkaziladigan Hukumat majlisida bu haqda batafsil hisobot berishni so`rayman.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Mamlakatimiz Asosiy qonunining 78-moddasiga muvofiq, mamlakatni modernizasiya qilish, jamiyatimizni isloh etish va demokratlashtirishni ta`minlashda muhim o`rin va javobgarlik Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatiga yuklangan.
Buning uchun uchta vazifani amalga oshirish zarur.
Birinchi vazifa – 2016 yil 7 dekabrdagi tantanali majlisda belgilab berilgan topshiriqlarning aniq bajarilishini ta`minlash kerak.
Xabaringiz bor, men Konstitusiyamiz qabul qilingan kunga bag`ishlab o`tkazilgan o`sha yig`ilishda deputatlar va senatorlarga bir taklif bilan murojaat qilgan edim. Ya`ni, parlament va jamoatchilik nazoratining ta`sirchan mexanizmlarini shakllantirish maqsadida shahar va tumanlarda haqiqiy ahvolni o`rganib, tegishli rahbarlarning hisobotini xalq deputatlari kengashlari sessiyasi muhokamasiga kiritish tartibini joriy etishni taklif etgan edim.
Buning uchun har qaysi viloyatdan saylangan Oliy Majlis deputatlari va senatorlar har oyda 10-12 kun davomida bir tumanda bo`lib, hokimiyat idoralari, prokuratura va ichki ishlar bo`limining faoliyatini puxta o`rganib, tahlil qilishi hamda tegishli xulosa berishlari lozim bo`ladi. Shu asosda hurmatli Spiker va Senat Raisi joylarda o`zlari bosh bo`lib, mahalliy kengashlarda ana shunday muhokamalar o`tkazish tizimi joriy etilsa, bu ishlar ertaga albatta o`zining ijobiy samarasini beradi.
Ikkinchi vazifa – «Parlament nazorati to`g`risida»gi qonunning amaldagi ijrosini barcha sohalarda monitoring qilish, shuningdek, bu borada xorijiy mamlakatlarning ilg`or tajribasini o`rganish va joriy etish zarur.
Shuning uchun kecha Oliy Majlis Senati yig`ilishida muhim bir masala muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilindi.
Ma`lumki, mamlakatimizning chet davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarini yanada mustahkamlash va xorijda respublikamizning iqtisodiy imkoniyatlarini keng targ`ib qilish orqali uning xalqaro nufuzini yanada oshirish, investisiyalarni jalb qilishni jadallashtirish, turizm sohasini yanada rivojlantirish iqtisodiy sohadagi ustuvor vazifalarimizdan biri hisoblanadi.
Shu bois Tashqi ishlar vazirligi va boshqa davlat idoralarining bu yo`nalishlardagi faoliyati ustidan samarali parlament nazorati tizimini yaratish maqsadida Senat raisining birinchi o`rinbosari lavozimi joriy etildi va bundan buyon Senatning tegishli qo`mitasi faoliyati tubdan takomillashtiriladi.
Uchinchi vazifaning ahamiyati va muhimligini alohida ta`kidlamoqchiman – qonun talablarini bajarmaslik bilan bog`liq har bir holat yuzasidan aniq huquqiy ta`sir choralarini ko`rish kerak.
Joylardagi davlat hokimiyati organlari – barcha darajadagi hokimliklar, xalq deputatlari kengashlari faoliyatini takomillashtirishni davom ettirishimiz zarur. Shuning uchun Oliy Majlis Senati tomonidan har bir viloyatda navbatma-navbat namunaviy xalq deputatlari kengashlari ishini tashkil etish tajribasi joriy etilishi maqsadga muvofiq bo`ladi. Ularning asosiy maqsadi va vazifasi – aholining barcha toifalari bilan doimiy muloqotda bo`lish, fuqarolarning qonuniy talab va ehtiyojlarini nafaqat o`rganish, balki ularni ta`minlashdan iborat.
Mavjud muammolarni amalda hal etish, shuningdek, aholi uchun erkin mehnat qilish, mazmunli dam olish va munosib turmush darajasini ta`minlash bo`yicha har tomonlama qulay sharoitlar yaratish lozim. Aynan ana shu mezonlardan kelib chiqib, mahalliy hokimiyat organlarining mamlakatimiz Konstitusiyasining 100- va 101-moddalari talablarini bajarish bo`yicha faoliyati samaradorligi to`g`risida xulosa chiqarish mumkin va zarur. Shuning uchun ham 2017 yil yurtimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e`lon qilinganini alohida ta`kidlab aytmoqchiman.
Hammamiz yaxshi tushunamizki, oldimizda turgan keng ko`lamli vazifalarni bajarish uchun kadrlar bilan ishlashning butun tizimini takomillashtirishga doir bir qator ishlarni albatta amalga oshirimiz kerak.
Hozirgi vaqtda davlat va hokimiyat idoralarida ko`p hollarda kadrlar salohiyatidan foydalanish, ularning vazifa va vakolatlari taqsimoti oqilona va samarali yo`lga qo`yilmagani sezilmoqda.
Eng yomoni, bu holat ishimizga xalaqit bermoqda. Bir idorani qarasangiz, yuzlab odam nomiga ishlab o`tiribdi. Boshqa idorani qarasangiz, ish ko`p, vazifa ko`p, lekin ishlaydigan odam, kadr etishmaydi.
Bunday noto`g`ri ish taqsimotiga mutlaqo chek qo`yishning vaqti etdi. Har bir davlat xizmatchisi o`zining burchi va majburiyatini aniq-ravshan bilishi, sodda qilib aytganda, o`z aravasini o`zi tortishi lozim.
Bu – zamon talabi. Oldimizga qo`ygan maqsad-muddaolarga etish uchun bu ishlarni o`zimiz qilmasak, boshqa hech kim bizga chetdan kelib qilib bermaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, kadrlarning amaliy zaxirasini shakllantirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlashning muhim masalalarini o`z ichiga oladigan maqsadli dasturni ishlab chiqish vaqti keldi, deb o`ylayman.
Asosiy vazifa – bu yuqori kasb mahorati va zamonaviy tafakkurga ega, puxta o`ylangan, har tomonlama to`g`ri qarorlar qabul qila oladigan, belgilangan maqsadlarga erishadigan rahbarlar va mansabdor shaxslarning yangi tarkibini shakllantirishdan iborat.
Bu borada hududiy boshqaruv organlari, eng avvalo, mamlakatimiz tuman va shaharlari hokimliklari uchun malakali kadrlar tayyorlashga alohida e`tibor qaratish zarur. Buning uchun oliy ta`lim muassasalari tizimi bilan birga, mamlakatimizdagi 6 ta akademiya, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Korporativ boshqaruv ilmiy-ta`lim markazi kabi tashkilotlarning ilmiy-amaliy salohiyati va imkoniyatlarini yanada faol safarbar etish darkor.
Shu o`rinda aytish kerakki, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi o`ziga yuklatilgan vazifani mutlaqo uddalamayapti, desak, to`g`ri bo`ladi. Shuning uchun ushbu akademiyani ham, uning ish uslubini ham tubdan o`zgartirish va rahbar kadrlarini qayta ko`rib chiqish lozim.
Ayni vaqtda mahalliy hokimliklarning vazifa va vakolatlarini ham takomillashtirish talab etilmoqda.
Hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, qonunlar ijrosini ta`minlash, joylardagi davlat boshqaruvi organlari faoliyatini samarali muvofiqlashtirish borasidagi rolini hisobga olib, bugungi kunda mahalliy hokimliklarga qo`shimcha vakolatlar berish borasida tegishli takliflar tayyorlanmoqda.
Hurmatli do`stlar!
Davlatimizning tashqi siyosat sohasidagi yondashuv va pozisiyasi Konstitusiya kuniga bag`ishlangan ma`ruzada atroflicha bayon etilgani sizlarga yaxshi ma`lum.
Ana shu fikrlarga qo`shimcha qilib aytmoqchimanki, biz jahondagi ilg`or tajribalarni chuqur o`rganish va amalda joriy etishni oldimizda turgan keng ko`lamli vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning muhim shartlaridan biri, deb hisoblaymiz.
Biz o`zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish asosida xorijiy davlatlar, eng avvalo, qo`shni davlatlar, shu bilan birga, xalqaro institutlar bilan yaqindan hamkorlik qilishni bugungi kun talablari darajasida tashkil etamiz.
O`zbekistonda o`zini ishonchli sherik sifatida ko`rsatgan ishbilarmonlar bilan hamkorlik munosabatlari albatta davom ettiriladi.
Bu borada yangitdan tashkil etilgan Senat qo`mitasidan zimmasiga yuklangan vazifalarni izchil amalga oshirish talab etiladi.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Hozirgi vaqtda oldimizda naqadar ulkan vazifalar turganini barchamiz yaxshi tushunamiz. Biz Vatanimizning buyuk kelajagini siz, azizlar bilan, mard va olijanob xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz, ko`zlagan maqsadlarimizga albatta erishamiz.
Shu borada barchamizga Yaratganning o`zi madadkor bo`lsin!
Barchangizga mustahkam sog`liq, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz hamisha omon bo`lsin!
E`tiboringiz uchun rahmat.