Qaynona kelinga zug`um qilganda...

SUG'DIYONA 16.12.2016, 15:28
Teglar: Ayol, Oila, Er-xotin, SUGDIYONA
Qaynona kelinga zug`um qilganda...

Nasiba ikkinchi farzandiga homilador, beshinchi oyda. Qaynonasi hovliga yotqizilgan koshinlarni yuvishni buyurdi. “Iliq suvda xiralashib qoladi, sovuq suvda yuving”. Bunga javoban: “Kun sovuq-ku, oyijon” deyishga kelinning tili aylanmadi. Axir ertaga ota uyiga borishga ruxsat olishi kerak. Singlisi, opalari kelisharkan. Maza qilib o`tirishadi, bugun shu ishlardan qutilib olsa, bo`ldi. Xullas, qaynonaning aytganini qildi. Kechqurunga borib, behollanayotganini sezdi, a`zoi badani qaqshab og`rirdi. Isitmasi ko`tarildi. Qaynona na “tez yordam” chaqirishga, na biror dori ichishga qo`ydi (homilaga zarar, dedi). Ertasiga doktorga chiqishga ham ruxsat tegmadi, tabiiyki, ota uyiga borishga ham izn berilmadi. Ustiga-ustak, o`g`li betoblanib qoldi. Xullas, u bo`ldi, bu bo`ldi, oradan bir muddat o`tib, kelinning ahvoli juda og`irlashdi. Shifoxonada homila allaqachon nobud bo`lgani, bachadon yiringlab ketganini aytib, homilani ham, bachadonni ham olib tashlashdi. Nasibaning hayotini zo`rg`a saqlab qolishdi.

Nimaga shunday bo`ldi? Qaynonalar bu qadar zulmkor bo`lishmasa? Yo kelinlar noziklashib ketyaptimi? Kelin qaynonaning zulmidan nolisa, qaynona kelinning dangasayu betgachoparligidan arz qiladi. Oraga tushib bo`lmaydi. Ammo indamay tursang ham bo`lmayapti: qancha jonlar azobda, necha oilalar barbod... Keling, vaziyatga biz emas, mutaxassislar baho berishsin.

Go`zal RO`ZMATOVA, “Sug`diyona” ayollar klubi ruhshunosi:

— Tasavvur qiling, bir ayolning oyog`ida juda chiroyli, taniqli markadagi, bejirim tufli. Hamma unga havas bilan qaraydi, shunaqa tuflisi bo`lishini orzu qiladi. Lekin bu poyabzal egasining qaysi barmog`ini qisyapti-yu, oyog`ining qaerini uryapti – buni faqat ayolning o`zi biladi. Agar ayol shu tuflini ne azobda kiyib turganini aytmasa, hech nima o`zgarmaydi, o`z joniga jabr qilib yuraveradi. Aytsa, balki atrofdagilarning unga munosabati o`zgarar. Qaynona kelinga biron ishni buyurganda, o`z nuqtai nazaridan vaziyatga baho beradi: shu ish kelinga munosib, uni bajara oladi, deb hisoblaydi. Ataydan kelinga zarar etkazish uchun og`ir ish buyurmaydi-ku. Kelinning holi esa faqat o`ziga ma`lum. Joni azobdami, unga qilinayotgan munosabat jismoniy yoki ruhiy bosim, zulm darajasiga borib etdimi, u o`z ahvolini bayon qilishi, bayon qilganda ham birovni ayblamay, jahl qilmay, kulib turib aytishi kerak. “Oyijon, hozir ahvolim bunday, shu ishni ertaga yoki boshqa biron ob-havo yaxshi kuni bajarsam maylimi?” deyish mumkin-ku. Qolaversa, kelinning eri ham uning ahvolidan xabardor. Tobim yo`q, doktorga olib boring, desin. Juda bo`lmasa, do`konga borib kelay, deb ham shifokorga ko`rinish mumkin-ku, shunday emasmi? Shunchaki, qaynona bir vaqtlar o`zi qilgan ishlarni endi kelinim ham qila oladi deb o`ylaydi. Biroq hozirgi qizlar nozik, xuddi issiqxonada etishtirilgan gulga o`xshaydi. Ular onalarimiz kabi yoshlikdan o`choqqa o`t yoqib, sovuq suvda kir chayib, chiniqishmagan. Demak, qaynonani ayblamasdan, odam o`z ahvoli uchun o`zi qayg`urishi lozim. Ahvolini bildirsin, muammoni yotig`i bilan aytib, uni muhokama qilsin. Oila a`zolari uni tushunishadi. Bordi-yu tushunmasalar, kelin va bo`lajak farzandining hayoti haqida qayg`urmasalar, umuman, birovning bolasiga jonlari achimasa, uni inson sifatida hurmat qilmasalar, qadrlamasalar, bunday oilani jonni tikib bo`lsa ham saqlab qolish to`g`rimikan? Shunga arzirmikan bu oila? Bu haqda jiddiy o`ylab ko`rish kerak.

Mohira Sodiqova, shifokor-ginekolog:

— Afsuski, bunday vaziyatlarga tajribamda bir necha bor duch kelganman. Yanayam kelinning joni omon qolibdi. Ba`zida ish o`limgacha borib etadi. Hozir mahallalarda ayollar shifokorlari qaynonalar va kelinlarga tushuntiruv ishlarini olib borishyapti, kelinning salomatligi – bu bo`lajak avlod salomatligi ekanini anglatishga urinishyapti. Ammo, afsuski, ba`zi-ba`zida bo`lsa ham yuqoridagi holatlar uchrab turibdi. Qaynonalarga aytadigan gapimiz shuki, kelinni homiladorlikning ma`lum davrida emas (kimdir bola tushib qolmasin deb, faqat davr boshida, yana birov barvaqt tug`ib qo`ymasin deb oxirgi haftalarda urintirmaydilar, ammo boshqa payt uning salomatligi va ruhiy ahvoliga befarq bo`ladilar), boshidan oxirigacha asrab avaylash zarur. Homilador ayol uchun to`g`ri ovqatlanish, mehnat va dam olish tartibiga rioya qilish, asablarni asrash, ochiq havoda sayr qilish, kamqonlik yoki boshqa biron betoblik alomatlari paydo bo`lsa, shifokorga uchrash, lozim topilsa, stasionarga yotib davolanish shart. Ko`pincha kelinlarimiz qaynonam ruxsat bermadi, deb shifoxonaga yotishmaydi. Axir, qaynonalar bor-yo`g`i to`qqiz oy kelinning o`ziga xos, alohida holatiga chidab berishsa kifoya-ku. Bu nosog`lom bola bilan bir umr qiynalgandan ko`ra yaxshiroq emasmi? Har bir qaynona ana shu savolni o`ziga berib ko`rsin.

Feruza G`oyibova, yosh qaynona:

— Qaynona-kelin munosabatlaridan gap ochilsa, nuqul qaynonalar yomon, zulmkor, bemehr deb ta`riflanadi. Lekin hozirgi kelinlar ham anoyi emas, o`zlarini mazlum qilib qo`ymaydilar. Hozirgi yoshlar besabr, tegmanozik va betgachopar. Shu sababli ham oilalar ko`p buzilyapti. To`g`ri, qaynona ona emas, u kelinni qizidek ko`rmaydi, ko`rolmaydi. Chunki o`zi tuqqan va tug`magan bola o`rtasida farq bor, buni har qanday ayol fahmlaydi, bu tabiat qonuni. Kelinning betobligi, biron ishni qilishga kuchi etmasligini qaynona sezmaydi. Unga aytish, bildirish kerak. Keyin ozgina mehnatsevarlik, uquv degan narsalar ham zarar qilmasdi yoshlarimizga.

Marg`uba Komilova, ikki kelinlik kayvoni onaxon:

— Shu yoshga kirib, anglagan narsam bu bo`ldi: hech qachon faqat bir tomon aybdor bo`lmaydi. Biz ko`rib chiqayotgan holatda ham, umuman, qaynona-kelin mojarolarida ham sabablar, aybdorlar bir nechta. Qaynona kelinni yosh demaydi, homilador demaydi, so`zini o`tkazgisi keladi. Kelin ham qaynonaning ko`ngliga yo`l topsa, bo`ladi-ku. Sovuq hovlida ish qilgisi kelmayaptimi, issiq oshxonaga kirib qaynonaning og`ziga yoqadigan biron narsa pishirsin. Shirin taom va shirin so`z bilan aldasin, iydirsin. Qizlarni egiluvchan, moslashuvchan, tadbirli, shirintil va ishchan qilib tarbiyalash kerak. Qaynonalar esa bir emas, ikki jonni qiynayotganlarini tushunishlari lozim. O`sha hovlidagi koshinlar eriyu o`g`lining peshona terisi evaziga kelgani uchun joni achiyotgandir ona sho`rlikning. Biroq ertaga kelini nosog`lom bola tug`sa, o`g`liga yaxshi bo`lmaydi-ku. Xullas, murosa, shirin til va tadbir bilan yashash kerak bu hayotda.

Bir ayanchli taqdir misolida azal ayyomdan mavjud muammoni yana ko`tardik. Maqsad uni echib berish emasdi. Shunchaki bu o`tkinchi dunyoning hech o`tib ketmayotgan, yo`qolmayotgan muammosiga jamoatchilik e`tiborini yana bir bor qaratmoq qasdida edik. Xulosa o`zingizdan...

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1