Tojikiston hukumati mamlakatda istiqomat qilayotgan afg‘on qochqinlarini ommaviy deportatsiya qilish faktini rasman tasdiqladi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “mintaqa va dunyodagi murakkab siyosiy-iqtisodiy vaziyat” tufayli mamlakatga chet elliklar oqimi sezilarli darajada oshgan. Buning ortidan ko‘plab muhojirlar Tojikistonda noqonuniy yashayotgani yoki belgilangan qoidalarni buzayotgani aniqlangan.
“Tekshiruvlar davomida giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi, ekstremizmni targ‘ib qilish, qochqin maqomini olish uchun hujjatlarni qalbakilashtirish, Tojikistondan tranzit hudud sifatida foydalanish holatlari aniqlangan. Shu munosabat bilan, qonunbuzarlarni chiqarib yuborish choralari ko‘rilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Xususan, Afg‘oniston fuqarolarining bir qismini deportatsiya qilish rejalashtirilgan. Iyul oyi boshida mahalliy nashrlardan biri Tojikistondagi afg‘on muhojirlariga 15 kun ichida mamlakatni tark etish to‘g‘risida ultimatum qo‘yilgani haqida xabar bergan edi.
Shundan so‘ng, Dushanbe, Vaxdat va Rudakiy tumanlarida hibsga olish va deportatsiya qilish boshlangani haqida ma’lumotlar tarqalgan. Guvohlar qo‘lga olishlar ko‘pincha ish joylarida sodir bo‘layotganini bildirgan. Tojikistondagi afg‘on muhojirlari qo‘mitasi rahbari Musavvir Bahoduriy deportatsiyalarni mamlakatda yashash qoidalariga rioya qilmaslik bilan bog‘lagan.
Uning keltirlishicha, afg‘onlar “nomaqbul soqol qo‘yish, noo‘rin xatti-harakatlar, spirtli ichimliklar iste’mol qilish, mojarolarda ishtirok etish, ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy fikrlar bildirish, diniy targ‘ibot olib borish, hujjatsiz ishlash va fuqarolarni haqorat qilish” kabi sabablar bilan chiqarib yuborilmoqda.
Shu bilan birga, Bahoduriyning o‘zi iyul oyidagi ommaviy deportatsiya haqidagi xabarlarni asossiz deb atagan. U “qochqinlardan hech biri qo‘mitaga rasman murojaat qilmaganini” aytgan.
Rasmiy statistika (UNHCR — BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi) 2024 yil oxirida Tojikistonda taxminan 9 900 nafar ro‘yxatga olingan afg‘on qochqinlari mavjudligini ko‘rsatadi. Biroq ko‘plab manbalar hozirda bu raqam 10 000–13 000 atrofida yoki undan ham yuqori bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.