1

«Erimga mashina, qaynonamga tilla, menga esa baxt kerak!»

SUG'DIYONA 19.12.2016, 11:52
Teglar: Ayol, Oila, Baxt, SUGDIYONA
«Erimga mashina, qaynonamga tilla, menga esa baxt kerak!»

«Oyingizga ayting, qovurdoqqa qo`shib, muzlatkich ham olib kelsin», «Dadang mashina olib bermasmikan?..» «Falonchining qudasi shunday depti, noinsof!» Odamlar orasida yurgan va quloqqa, afsuski, tez-tez chalinayotgan bunday gaplarning ildizi tamagirlik deb atalmish bir illatga borib taqaladi. Biz oila tinchligiga rahna soluvchi shu illat muhokamasiga bel bog`ladik.

Tamagir qaynona

— Qaynonam sovg`alarni so`rab, bermasangiz, talab qilib, hatto kerak bo`lsa, buning uchun katta janjalni boshlab ham, oladi. Masalan, bir taqinchoq yoqib qoldi unga. Avvaliga «Falonchining farzandi juda zo`r-da, onasiga oltin zirak olib beribdi», deb gap boshlanadi. Ertasiga shu zirakni olib bermagan o`g`il qobil farzand emasligi aytiladi. Agar o`g`li do`kondan o`sha buyumni olib kelsa kelgani, bo`lmasa, keyingi kun kosa tovoqqa urilgan, qovoqdan qor yoqqan, o`g`ilning salomiga til uchida alik olinganu bor zug`um kelinga qilingan... Xudoga shukr, erimning topish-tutishi yaxshi, ammo bir o`zining zimmasida butun oila tashvishi (qaynotam olamdan o`tgan) — singillarni uzatish, ukasining o`qishiga pul to`lash, ikki farzandi va xotinini ta`minlash...

Manzura, Navoiy viloyati

Maslahat! Qaynonangizning xatti-harakatlariga ikki xil izoh berish mumkin. Birinchisi, u yoshligidanoq istagan hamma narsasiga erishgan, erka ayol bo`lgan. Ikkinchisi, qaynotangiz olamdan o`tgach, e`tibortalab bo`lib qolgan. Ya`ni u sovg`alar orqali o`ziga e`tibor talab qilayapti. Agar birinchi holat bo`lsa, «bukrini go`r tuzatadi», ya`ni chidashdan boshqa chorangiz yo`q. Ikkinchi holatni esa amallasa bo`ladi. Buning uchun ozgina tadbirkorroq bo`lasiz. Qaynonangiz katta sovg`a talab qilishigacha kutib o`tirmay, tez-tez uni kichik tuhfalar, konsert yoki kinoga takliflar, shirin taomlaru mehmondorchiliklar bilan siylab turasiz. Shunda qaynonangiz o`ziga nisbatan e`tibor tanqisligini sezmaydi. Bir marta qilinadigan qimmatbaho tuhfaning pulini bo`lib-bo`lib, o`n marta sovg`a qilishingiz mumkin va bu borada ancha foyda ko`rasiz. Yana bir usul bor: qaynonangizga so`ragan narsasini o`rniga o`xshash, ammo arzonrog`ini olib bering. Bir-ikki marta sovg`aga o`zi istamagan narsani olsa, boshqa so`ramay qo`yishi ham mumkin.

Tamagir kelin

— Kelinimning dastidan yangi kiyim kiyolmay qoldim. Ko`zi olma-kesak teradi, biror yangi narsamga ko`zi tushsa, darrov eriga aytib, o`ziga ham oldirish payiga tushadi. Sandig`imni ochsam, tepamga kelib turadi va albatta, nimanidir o`ziniki qilishning yo`lini topadi. Ba`zida «Shu narsangiz chiroyli ekan», deb ishora qilsa, ba`zan «Manavini menga bering, oyijon», deb ochiq so`raydi. Bermasam, araz-gina, janjal... Bolamning qulog`i tinch bo`lsin deb, olti yildan beri chidab kelayapman. Ammo ba`zida farzandlarimning  shu kelindan berkitib sovg`alar olib kelishayotganini ko`rib, ezilib ketaman.

Kamola aya, Qo`qon shahri

Maslahat! Keliningizning bu xatti-harakati — noto`g`ri tarbiya mahsuli. Aslida bolalikda bu odat hammada uchraydi. Akasi yo singlisiga narsa olsangiz, menga qani deb to`palon qilmaydigan bola kam. Lekin vaqt o`tishi bilan ota-ona farzandidagi bu odatga qarshi kurashishi kerak. Qudalaringiz esa qizini ko`p taltaytirishgan ko`rinadi. Inson ba`zi narsalardan mahrumlikka yoshlikdan ko`nikib borishi kerak. Qolaversa, birovdan tekinga nimanidir undirib olishga intilish keliningizda kuchli. Bu insonlararo sog`lom munosabatga o`rganmaganidan dalolat. Іamma narsaning o`z bahosi bo`lishini nahotki shu yoshgacha bilmagan bo`lsa? Keliningizdagi bu illat bilan kurashish yo shunga ko`nib yashash sizning zimmangizda qolibdi. Birinchidan, unga so`ragan narsasini beravermang. Janjal chiqmasin deb, yon berish yaramaydi, aslida, muammoni janjalsiz ham hal qilish mumkin. So`radimi, evaziga berishni ham bilsin. Shunda o`ylab gapiradigan bo`ladi. Masalan, sandig`ingizdagi biror matoga egalik qilgisi kelib qoldi deylik. Aytingki, sizga ham bu narsa yoqadi va o`zingizga kerak. Bordi-yu so`rab qo`ymasa, «Mayli, faqat oyligingizdan o`rnini to`ldirib qo`yasiz», deng. Xullas, qattiqqo`lroq bo`ling.

Tamagir quda

— Qiz uzatdim-u baloga qoldim. Voy bu qudalarning nafsini... Іali yassi ekranli televizor, hali avtomat kir yuvish mashinasi, hali stol-stul. Biror bayram yoki tug`ilgan kun yaqinlashsa, bezillab turaman bu safar qudam nima tama qilarkan, deb. To`ydan bir yarim yil o`tgach, turmush o`rtog`im qarzlar ko`pligidan siqilib yurak xurujini boshdan o`tkazdi. U kishini avaylayman desam, qizim, qizimning turmushini asrayman desam, erim... Ikki o`t orasida qoldim.

Gulzoda opa, Toshkent shahri

Maslahat! Tassufki, bu jamiyatimizda chuqur ildiz otayotgan va oilalarimizni ichdan emirayotgan jirkanch illatdir. Іozir mahalla faollari, Xotin-qizlar qo`mitalari bu illat bilan kurash yo`lida harakat qilishayapti, ammo baribir yuqoridagi holatlar uchrab turibdi. Oila tinchligi, farzandlari baxtini narsa-buyumlar bilan o`lchaydigan qaynonalarga qarshi bir necha kurash turlari bor, lekin onalar qizining tinchini o`ylab, ko`pincha murosa yo`lini tutishadi. Ularni tushunsa bo`ladi. Faqat murosa boshqa-yu, butkul bo`ysunish boshqa. Yosh oilaning totuv va baxtli hayotidan nafaqat siz, qudangiz ham manfaatdor. Buni unga anglatish kerak. Balki erkak qudalar o`zaro gaplashib, masalani hal etishar. Yoki kuyovingiz bilan gaplashib ko`rasizmi? Xullas, ishni «xo`p-xo`p» bilan hal etib bo`lmayaptimi, endi muzokaralar vaqti etdi. Quda-andachilikni yangi bosqichga ko`taring, qudangiz bilan dildan gaplashib ko`ring. Imkoniyatingiz yo`qligini, turmush o`rtog`ingizning salomatligi yomonlashganini tushuntiring. Balki tushunar. Ko`pincha qaynonalarga yoshi katta kayvoni xotinlar, otinoyilarning gapi o`tadi. Ularga murojaat etish mumkin. Xullas, oqim bo`ylab suzavermay, qudangizning ongiga ta`sir o`tkazish yo`llarini izlang.

Tamagir kuyov

— Qizim viloyatdan kelgan bir yigit bilan sevishib turmush qurdi. Ichkuyov qildim. Lekin kuyovim juda tamagir chiqdi. Uyimda turib, ro`zg`orga qarashmagani etmagandek, hali mashina mingisi keladi, hali dang`illama hovli istab qoladi. Bu istaklarini qizim orqali qulog`imga shunday etkazadiki, go`yo men shularning hammasini olib berishim kerak. Gumon qilishimcha, bu yigit qizimga ko`ngil qo`ymagan, shunchaki moddiy imkoniyatlarimni chamalab, o`zicha bir rejalar bilan uylangan. Chunki ishi yildan-yilga rivojlanayotgan tadbirkor ekanimni, qizim yakkayu yolg`iz farzandligini u yaxshi biladi.

Oynisa opa, Toshkent shahri

Maslahat! Kuyovingiz chindan ham shunday niyatda oila qurganiga aminmisiz? Bu jiddiy ayblov. Uni tilga olish uchun taxminlar emas, dalillar kerak. Chunki qizingizning baxti shunga bog`liq. Kuyovingizning tamalarini jiddiy qabul qilmasligingiz mumkin. Lekin agar imkoningiz ko`tarsa, yosh oilaga alohida (mayli, dang`illama hovli emas, chog`roq kvartira) olib, ro`zg`orini bo`lak qilib bering. Kuyovingiz oilani o`z kuchi bilan boqa oladimi, sizning yordamingizsiz biron narsaga erisha oladimi — shularning bariga javob topasiz. Ajab emaski, gumonlaringiz tarqab, qizingiz baxtli bo`lib ketsa.

Tajribali qaynona Marg`uba Komilova tavsiyalari asosida Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorlandi.

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1