Haqiqiy ayol? U qanday bo`ladi? Ojizami yo qat`iyatli, sovuqqonmi yo jo`shqin? Balki har kuni har xildir? Bizning nafosatitimizga soya solib, atrofdagilarga mehr va go`zallik ulashishimizga qo`ymaydigan to`siqlar ham bor. Xo`sh, ular qaysilar?
- Siz aksessuarlardan foydalanmaysiz. Bekor qilasiz! Ajoyib, boshqa hech kimda yo`q ziraklar va bilaguzuklar, sumkayu sharflar – bular shunchaki libosni to`ldiruvchi, yordamchi vositalar emas, ular sizdagi o`ziga xoslikni, kayfiyatni ifodalaydi. Ular yordamida har kuni har xil ko`rinishingiz mumkin.
- Eringiz yoki bolalaringizni shunchaki quchoqlab qo`ymaysiz. Vaqt yo`qmi? Bo`lmagan gap! Axborotingiz uchun, har qanday insonda kuniga kamida 8 marta quchoqlashish ehtiyoji bor. Bu o`zimizni xavfdan holi va qulay his qilishimiz uchun kerak. Demak, yaqinlaringizni ko`proq quchoqlang va ularning quchog`ida bo`ling.
- Kuylash va raqs tushishdan uyalasiz. Hatto yolg`iz qolganingizda hammi? Bilsangiz, raqs va qo`shiq o`zingizni, his tuyg`ularingizni ifoda etishning ajoyib usuli. Ular stresslar va vahimadan qutulish hamda ichki imkoniyatlaringizning yangi qirralarini kashf qilish uchun ham ajoyib vositadir.
- Eringizga yori emas, onasidek munosabatda bo`lasiz. “Boshingizga kiyib oling!”, “Tezroq, kech qolyapsiz!!!”, “Ovqatlandingizmi?” hadeb shunaqa tergab so`rayverishingiz uning joniga tegadi. Axir, yosh bola emas-ku.
- Hamma narsani nazoratda ushlab turish istagingiz tufayli doim asabiysiz. Nazorat qilishga juda ko`p kuch va ruhiy quvvat kerak. Lekin baribir hamma narsani idora qilish qiyin. Bu bilan naqadar muhim, tengi yo`q beka (xodima, ona, ayol) ekanligingizni doim isbotlagingiz keladi. Bu esa o`zingizga nisbatan ishonchning kamligini ko`rsatadi.
- Oxirgi bir yil davomida siz biron yangi ishni qilib ko`rmadingiz, yangi hech nima o`rganmadingiz. Ammo yangi hissiyotlar, taassurotlar va imkoniyatlar – yoshlikni bardavom qilishning eng yaxshi usuli. O`z-o`zingiz bilan musoboqa hayotiy quvvat beradi.
- Uyquga muntazam to`ymaysiz. Uyquga to`ymaslik xarakter uchun ham, tashqi ko`rinish uchun ham zarar, sizga aytsam. Unutmang, tungi soat 24 gacha bo`lgan vaqt uyquning eng foydali qismidir.
- Siz oilada lidersiz. Eringizdan ustun bo`lishga intilasiz. Ushbu hol tashqaridan qaraganda ham shundoq ayon. Bu sizni ojiza, nozik va nafosatli, mehribon ayol degan obrazingizga hecham yopishmaydi. Tizginni turmush o`rtog`ingizning qo`liga topshiring.
- Doim oxirgi so`zni aytishni istaysiz. Yaqinlaringiz sizni qattiqqo`l o`qituvchi yoki komandir obrazida ko`rishadi, ammo aslo mehribon ona va sevimli yor emas. Mustaqillik, kuch, qattiqqo`llik – erkaklarga xos sifatlar. Buni unutmang.
- Uy ishlarini yomon ko`rasiz. Ammo toza va sarishta uyda fayz bo`ladi, odamlar bu uyga talpinadi, uning bekasiga tasannolar o`qiydi. Bu ham ayollikning yaxshi sifatlaridan biri.
- Hayotingizda ijodkorlikka umuman o`rin yo`q! Ammo xobbilar va qiziqishlar hayotimizni yanada yorqinroq qiladi. Albatta, uy yumushlari ko`p vaqt va kuchingizni olib qo`yadi, ammo shuning uchun ham o`zingizga quvonch baxsh etadigan mashg`ulot topishingiz kerak. Qani, o`ylab ko`ring-chi, sizga nima yoqadi? Rasm chizishmi, to`qishmi, ovqat pishirishmi yo suratga olish?
- Doim biron narsadan nolib yurasiz. Pessemizm tufayli faqat muammolarni ko`rasiz. Bundan qoshlaringiz o`rtasiga ajin tushib qolishini bilasizmi?
- Tanangizning o`ziga xos ishoralarini tushunmaysiz. Qorningiz ochdimi, charchadingizmi – sezmaysiz, ishlayverasiz. Ammo hech kim sizning o`rningizga ovqatlanib yo dam olib berolmaydi. Tanangizga quloq soling, uni avaylang.
- Ishingizdan zavq olmaysiz. Balki kasbni ota-onangizning qistovi bilan tanlagandirsiz, balki ish avvalo pul, keyin zavq olib kelishi kerak, deb o`ylarsiz. Ammo kuch-quvvatni quvonch va baxt baxsh etadigan ishga sarflasang arziydi. Ko`ngilga yoqadigan ishni tanlashga hech qachon kech emas.
- Hissiyotlaringizni oshkor etmaysiz. Hammasini ichingizda saqlashga urinasiz. Qichqirmaysiz, yig`lamaysiz, bor ovozda maza qilib kulmaysiz. “Buncha sershovqin bo`lmasa bu” deyishlaridan cho`chiysiz. Biroq ayolning kuchi uning hissiyotlarida, aniqrog`i, ularni qay darajada va qay yo`sinda ifodalay olishida. Gap shundaki, hissiyotlarni ichingizda muzlatib qo`yganingiz bilan ular yo`qolib qolmaydi, sizni quvonchdan mahrum etadi.
- Tanqid – sizning qurolingiz. Yaqinlaringizdan doim norozisiz. Ularning xatti-harakatlari, tanlovlari, qarorlarini hech qachon ma`qullamaysiz. Ammo turmush o`rtog`ingizga ham, farzandlaringizga ham sizning madadingiz va qo`llab-quvvatlashingiz juda kerak. Ularning fazilatlarini tez-tez e`tirof etib turing.
- Uyqudan oldin bolalaringiz bilan gaplashib yotmaysiz va oilaviy yaqinlikni hamda mehrga to`liq bo`lgan eng yaxshi daqiqalarni boy berasiz.
- Dugonalaringiz yo`q, umuman, dugonalikning ma`nisi nima – bilmaysiz. Balki bolaligingizdanoq tengdosh qizchalar sizga ahmoq va engiltakdek tuyulgandir? Ammo atrofingizga yaxshilab boqsangiz, dunyoqarashi va fikrlari siznikiga yaqin insonlarni uchratasiz. Ayollar bilan muloqot – bu faqat bola-chaqayu ro`zg`or haqidagi suhbat emas, balki sizni yaxshi tushunadigan odam bilan fikr almashinuvidir. Axir, ikkingiz ham ayolsiz-ku!
- Faqat o`tmish yoki kelajak bilan yashaysiz. O`tmishdagi barcha xatoyu gunohlaringizni ikir-chikirlarigacha yodda saqlab, nuqul aybdorlik hissini ortmoqlab yurasiz, bugungi kundagi omadsizliklaringizning bosh sababchisi ham, nazaringizda, sizning o`zingiz. Bugun bilan yashang, bu ruhiyat uchun juda foydali. “Hozir va shu damda” degan so`zlar shioringiz bo`lsin: diqqatingizni ayni paytda sodir bo`layotgan ishlarga jamlang. Reallik doim qiziqroq-da.
- Tashqi ko`rinishingizga kam e`tibor qaratasiz. Garderobingizda tasodifiy buyumlar juda ko`p, kosmetolog va sartaroshga borishga esa doim vaqtingiz etmaydi. Noto`g`ri yondashuv! O`zingizni parvarishlashni kundalik odatlar sirasiga kiriting va buni hech qachon kanda qilmang.
Ko`rib turganingizdek, bu 20 to`siqning birontasi ham siz uchun yangilik emas. Ular sizdan ayollik nafosatini, demakki, ayollik baxtini ham tortib olyapti. Ayrimlari shunchaki ikir-chikir bo`lib ko`rinar. Biroq ularni yo`ldan olib tashlashga nima to`sqinlik qiladi? Buni hoziroq amalga oshiring, to`siqlarsiz yashang!
Shahnoza TO`RAXO`JAEVA





