Uy bekalarimiz yozda chanqoqbosdi okroshka, qishda esa to`yimli yaxna taom – xolodes tayyorlashadi. Men tayyorlagan xolodes mazali, rangi tiniq va to`yingan bo`ladi. Buning siri esa oddiy:
1. Men doim mol va qo`y go`shtining lahm, suyakli joylarini va tozalangan yangi tuyoqlarni harid qilaman. Go`shtdan ayamay solganim va tuyoqlar yangi bo`lgani uchun jelatindan foydalanishga xojat qolmaydi.
2. Yaxshilab yuvilib, yarim kun ivitilgan tuyoq va go`shtlarni uch marta sovuq suvda qaynatib to`king. Bu usul bilan ortiqcha yog` va ko`piklardan xalos bo`lasiz. Sho`rvaning rangi esa tiniq chiqadi. So`ng boshqa idishda suv qaynatib oling-da, uni go`sht ustiga quying. Shundan so`ggina baland olovda qaynatib olasiz.
3. Endi sizga asosiy sirimni ochaman. Faqat buning uchun gaz pechingiz katta bo`lishi lozim. Yaxna taom etilib, dimlanib pishishi uchun 1 soat qaynaganidan so`ng gaz pechiga 5 soatga, past olovga qo`yasiz. Faqat qattiq qaynashiga va toshishiga yo`l qo`ymang.
4. Sho`rva gaz pechida 3 soat qaynaganidan so`ng unga yaxshilab yuvilgan biroq po`sti tozalanmagan ikki dona qizil sabzi va piyozni solib yuboring. Natijada sho`rvangiz tillarang tusga kiradi. Sabzilar pishganidan so`ng ularni olib qo`yish yoddan chiqmasin.
5. Yaxna taom tayyor bo`lishiga yarim soat qolganidagina unga dafna bargi va ziravorlar soling.
6. So`ng go`shtni suyagidan ajratib, mayda to`g`rang yoki yirik teshikli go`sht qiymalagichdan o`tkazib oling. Sarimsoqpiyozni xush ko`ruvchilar esa sho`rva tayyor bo`lganda, bir nechta yanchilgan sarimsoqpiyoz donasini solishlari mumkin.





