Turmushimizda har kuni takrorlanadigan voqea-hodisalar borib-borib, odatga, an`anaga aylanib qoladi. Xususan, dasturxon boshiga kelishdan avval qo`llarni yuvish, ertalab va uyqu oldidan tishlarni tozalash, uy ostonasida poyabzalni echish kabi eng sodda odatlarimizdan tortib, to`yu hasham kabi murkkab an`analarimizni ota-onadan o`rganib, kelajakda farzandlarga uqtiramiz. Ammo har bir oilaning o`ziga yarasha yozilmagan qonunlari, urf-odat va an`analari borki, ular oilaning mustahkamligiga, oila a`zolarining bir yoqadan bosh chiqarishlariga hizmat qiladi.
Har bir oilaning o`z an`anasi bor
Deyarli barcha oilada bayramu marosimlar munosabati bilan qavm-qarindoshlar bir erga jamuljam bo`lishadi. Buning uchun o`sha xonadonda bayram munosabati bilan katta dasturxon yoziladi va shu kuni kattayu kichik ushbu xonadonga alohida taklif kutib o`tirmay, o`zi bilib kelaveradi. Chunki bu yillar davomida shakllangan an`ana. Va shunday odatlar har bir oilada mavjud ekanligi, shubhasiz.
Urf-odatlarimiz turlicha
Qo`ldagi barmoqlar bir xil bo`lmaganidek, har bir oiladagi odatlar bir-biridan farq qiladi. Shu bois ham xonadonga kelin bo`lib tushgan qizga oilaviy urf-odatlar haqida batafsil gapirib berish va ularga moslashishda ko`maklashish qaynona va kuyov bolaning zimmasidadir. Chunki kelinchak otasining uyida ko`rib, amal qilgan an`analardan yangi oilaniki butkul farq qilishi mumkin. Ana shunda oilaning yangi a`zosi ikki har xil an`ana orasidagi oltin o`rtalikni anglab, unga amal qila biladi.
Hayotiy misol
...Yaqindagina turmush qurgan ikki yosh taqdir taqozosi bilan ota-ona va qarindoshlarsiz alohida yashay boshlashdi. Kuyovning oilasida kim ishdan nechada qaytsa, shu odam bir o`zi ovqatlanib ketaverar, dam olish kunlarini hamma o`zi istagancha o`tkazardi. Kelin katta bo`lgan oilada esa ota ishdan qaytgan vaqt hamma dasturxon atrofida jam bo`lishi va dam olish kunlari hamda bayramlarni birgalikda o`tkazish odatga aylangandi. Shuning uchun shanba-yakshanba kunlari kelinning qarindoshlari kelib, ulardan xabar olar va bir-ikki soat mehmon bo`lishardi. Bu esa kuyovga sira yoqmasdi. Nima uchun ko`chada ko`rishmay, doim uyimizga kelaverishadi, degan fikr unga tinchlik bermasdi. Axir, uning ota-onasi hadeb kelmayapti-ku?! Yosh kelinga erining bu tariqa fikrlashi erish tuyulardi. U shunday muhitda katta bo`lgani, tarbiya olgani bois, o`zini haq, deb bilardi.
Bu vaziyatda kim haqu, kim nohaq? Ikkisi ham o`zicha to`g`ri. Axir, ular o`rgangan odatlariga qarshi chiqisholmaydi-ku?! Ammo nima bo`lganda ham bunday vaziyatda murosayu madoraga borish kerak.
Yosh kelin-kuyov farzandli bo`lgach, vaziyat o`zgardi. Kelin tug`ruqxonadan chiqdi-yu, tobi qochib yana shifoxonaga tushib qoldi. Chaqaloq parvarishi va uy-ro`zg`or yumushlarini uning qarindoshlari o`z zimmalariga olishdi. Xola chaqaloqqa enaga bo`ldi, singil esa shifoxonaga onaning ko`krak sutini olib kelgani kuniga to`rt mahallab qatnadi. Ishdan uyga qaytgan kuyovni sarishta xonadon, tayyor issiq ovqat va tinch uyqudagi chaqaloq kutib olardi. Vaqt hammasiga da`vo-da, yaxshi an`ana baribir o`z “qadri”ni bildirdi!
Yangi an`analar o`ylab topamiz!
Keling, birgalikda tasavvurimizni ishga solib, oilamiz a`zolarini jamlaydigan va xursand qiladigan kichik an`analar, faqatgina o`z oilamizga tegishli urf-odatlar o`ylab topamiz!
1. Haftaning biror kuni (imkon qadar ish kunlaridan biri)ni “noodatiy kun” sifatida tanlang. Shu sanada jamiki narsalar o`zgacha bo`lsin! Masalan, har kuni tutadigan gulli, dog` tushsa, bilinmaydigan dasturxoningiz o`rniga mehmonga atalgan yangi oxorli dasturxon va sochiqlarni javondan olib, xontaxtani javondagi chinni idishlar bilan bezating. Taomlar ham bayramona bo`lsin! Bu, albatta, oila a`zolaringiz kayfiyatiga ta`sir etib, xonadon jipsligini ta`minlaydi.
2. “Juma kinoteatri”. Uydagilar uchun ish kuni yakuniga atab, ajoyib badiiy film hozirlang. Mazkur film “kattalarbop” sahnalardan holi, barchaga birdek munosib bo`lishi kerak. Bolalaringizga yanada qiziq bo`lishi uchun ba`zan “Juma kinoteatri”da multfilmlar ham namoyish etishingiz mumkin.
3. “Shanba oqshomi”! Tabiat qo`yniga sayr, dala hovlidagi uchrashuvlar, oilaboshi tayyorlagan kabob, bolalar bilan birgalikda o`ynash... Bularning bari farzandlaringizga oila davrasida vaqt o`tkazish naqadar yoqimli ekanligini anglatadi. O`zaro ahil-inoq bo`lish hamda keyinchalik bu an`analarni davom ettirish o`rtadagi mehr-oqibatni asrashda qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini bolalar yoshlikdanoq bilishlari zarur.
4. “Yakshanba musobaqasi”. O`yinni oilangiz qiziqishlari va istaklaridan kelib chiqqan holda tanlashingiz mumkin. Loto, shashka, shaxmat va domino kabilarni hamma qiziqib o`ynaydi. Shu ma`noda ko`ngilochar mashg`ulotni uydagilarning qiziqishidan kelib chiqqan holda tanlang. Ha, aytgancha, o`yin “shirinchoy marosimi”ga ulanib ketsa, yanada yoqimli bo`ladi.
5. Tavallud ayyomi! Oiladagi har bir kishining tug`ilgan kunini alohida tayyorgarlik va quvonch bilan qarshi olishga odatlanish kerak. Bayram sababchisi qanday taomlarni yoqtirsa, shularni pishirib, imkon qadar dasturxonni bezating. Bu o`zgarmas an`anaga, shodiyona sanaga aylanib qolsin!
6. Quvonchli hodisalar. Hayotimizda quvonchli voqea-hodisalar, shukrki, juda ko`p. Masalan, kimdir yangi ishga joylashadi, xizmat pog`onasidan yuksaladi, imtihonlarni a`lo bahoga topshiradi... Shunga o`xshash hodisalar, albatta, bayram qilish uchun etarli asos bo`la oladi! Bunday shodlikni qimmatbaho restoranlarga borib nishonlash shart emas. Shinamgina kafeda oilaviy o`tirib yoki uyda mazali taom va shirinliklar pishirib ham quvonish mumkin.
7. Oilaviy “Olimpiya o`yinlari”. Qishning sovuq kunlari hamda yozning jaziramasida qarindoshlaringiz bilan dala hovli yoki shunchaki istirohat bog`ida ko`rishib oilaviy “Olimpiya o`yinlari”ni o`tkazib turing. Bu jismonan sog`lom bo`lishga, oiladagilarning umumiy qiziqish va intilishlari paydo bo`lishiga sababdir. O`yinlarda barcha birdek ishtirok eta olsin. Masalan, volleybol, badminton, futbol, shashka kabilar ayni muddao. Guruhlarga bo`linish yodingizdan chiqmasin. G`oliblar uchun avvaldan sovg`a tayyorlab qo`yishni ham unutmang!
8. “Uy yumushlarini birgalikda bajaramiz!” Har bir oilada o`g`ilu qiz farzandlar ulg`ayyapti. Kichik yordamchilarni ro`zg`or yumushlarini bajarishga o`rgatish, oilada har bir kishining o`z o`rni va vazifasi borligini tushuntirish uchun birgalikda harakat qilgan ma`qul. Qizingizni uylarni saranjomlash va ovqat tayyorlashga o`rgatib boring. Har kunning bir soatini u bilan birgalikda ovqat tayyorlashga ajrating. O`g`il bola esa, albatta, otasining ko`makchisi bo`ladi. Ro`zg`orning og`ir yumushlari, bozor-o`charni o`rganishiga imkon yarating.
9. “Mehmonga boramiz!”. Bir oyda kamida ikki marotaba bobo-buvilar, qarindoshlarnikida mehmon bo`lish yoki ularni uyda kutib olishni odatga aylantiring. Qarindoshlar va yoshi ulug`larning bir erda jam bo`lishi bolalarga yaqinlarni e`zozlash tuyg`usini o`rgatadi.
10. Ayollar, o`zingizga ham vaqt ajrating! Bir oyda bir marta bo`lsa-da, oiladagi xotin-qizlar o`zi uchun vaqt va mablag` ajratib, ko`chada sayr qilish, go`zallik saloniga borish yoki shinamgina qahvaxonada o`tirib, dam olishi lozim. Bunday ko`ngilxushlik qaynona-kelin va ona-bola o`rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga xizmat qilishi, shubhasiz. Erkaklar ham shu kuni xuddi sizlarga o`xshab, o`zlari yoqtirgan mashg`ulotlar bilan band bo`lishsin.
Asosiysi, an`analar oilaning har bir a`zosiga quvonch bag`ishlasin. Ana shunda xursandchilik va birdamlik xonadoningizni aslo tark etmaydi!
Dilnoza MIRTOLIPOVA





