AsosiySUG'DIYONA

Aksariyat ayollar qish mavsumida yo`l qo`yadigan 4 xato

Ko`chaga otlandingizmi? Shoshmang! Aksariyat ayollar qish mavsumida yo`l qo`yadigan xatolarni takrorlamadingizmi? Qanaqa xato deysizmi? Mana, ulardan to`rttasi.

 

1. «Krem qancha yog`li bo`lsa, shuncha yaxshi!»

Teringiz aslida yog`li yoki aralash turga mansub bo`lsa, yog`li krem yordamida qo`shimcha muammo orttirib olishingiz turgan gap. Sababi yog`lilik darajasi etarli bo`lgan teri qo`shimcha yog`ni qabul qilolmaydi. Natijada teri kataklarining berkilib qolishi yoki yog` muvozanati buzilishi mumkin. Lekin teri qavati nozik (yupqa) va quruq bo`lsa, yog`li kremlar ziyon qilmaydi.

Siz uchun: teringiz qaysi turga mansubligini bilsangiz, avvaldan foydalanib kelayotgan kremlaringiznigina ishlating. Yagona sharti: sovuq mavsumda bunday kremlarni biroz qalinroq surtish kerak.

 

2. «Yuzim quruqlashmasa bo`lgani...»

Sovuq havo dastlab yuzda sezilgani bois asosiy e`tiborni yuz terisi parvarishiga qaratamiz-u, bo`yin va qo`l terisi haqida unutib qo`yamiz. Aslida esa qo`l va bo`yin terisi yoshga bog`liq o`zgarishlarni birinchi namoyon etuvchi sohalardir. Shu bois qishki parvarishda faqat yuz terisiga e`tibor qaratishning o`zi etarli emas.

Siz uchun: yuzingiz uchun foydalanadigan kremlardan bo`yin sohasiga ham surting. Bu ishni kechqurun uyquga yotishdan avval bajarsangiz, teri kataklari kremdagi kerakli ozuqani yaxshi qabul qiladi. Qo`l terisining parvarishini esa bir kunda bir necha marotaba bajarish mumkin. Bunda sizga qo`l terisini yumshatuvchi va oziqlantiruvchi kremlar (zaytun yog`i, limon, moychechak asosidagi) asqotadi. Qo`lingizni yuvgandan so`ng albatta artib quritish kerakligini unutmang.

 

3. «Qishki quyosh nurlari zararli emas...»

Teriga ta`sir etuvchi quyosh nurining ikki xil ko`rinishi mavjud bo`lib, ularni A va V turga ajratishadi. V turdagi quyosh nuri yozgi mavsumda teri uchun xavfli bo`lsa, A turidagisi qishda terini zararlantiradi. Aynan mana shu A turidagi quyosh nuri yuz terisida yoshga bog`liq o`zgarishlarni yuzaga keltiradi.

Siz uchun: zamonaviy kremlar tarkibida ikki turdagi quyosh nuridan ham himoyalovchi birikmalar mavjud. Kosmetik vositalar sotiladigan do`konlardan doim foydalanadigan kremingizning qishki mavsum uchun mo`ljallanganini surishtirib, xarid qilsangiz, foyda qilasiz. Xarid vaqtida krem tarkibi yozilgan qismiga e`tibor bering. Unda quyosh nuridan himoyalovchi asos mavjudligi ko`rsatilgan bo`lsa, ikkilanmay olavering.

 

3. «Lab bo`yog`i lablarimni quritmaydi…»

Aslida esa quritishi ham mumkin. Chunki hamma lab bo`yoqlari tarkibida ham sovuq mavsumga dosh beradigan birikmalar mavjud emas. Ya`ni tarkibidagi moddalar havo haroratida sifat darajasini saqlab qololmaydi. Ahamiyat bergan bo`lsangiz, ko`chaga chiqishdan avval surtgan lab bo`yog`ingiz bir necha soatdan so`ng lab terisi ustida yig`ilib, quruqlashib qoladi. Sababi esa oddiy: yo lab bo`yog`i sifatsiz, yo lab terisini noto`g`ri parvarishlaysiz. Axir lab bo`yog`ini surtishdan avval lab terisiga ham e`tibor qaratish kerak-da!

Siz uchun: lablaringizga vaqti-vaqti bilan asal surtib turing. U lablar terisini yumshatib, yorilishining oldini oladi. Bu ishni oddiy kosmetik vazelin yordamida ham bajarish mumkin. Barmog`ingizga biroz vazelindan surtib, lablarga ohista ishqalab, singdiring. Muolajani bir kunda ikki marta bajaring. Lab bo`yog`ini ishlatganingizdan so`ng labingizda yig`ilib qolishini sezsangiz, yaxshisi, uni boshqasiga almashtiring.

Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi

Boshqa yangiliklar