
«Yangi yil» keksi
Mehmonlaringizga manzur bo`ladi!
Zarur masalliqlar: 300 gr. un, 150 gr. sariyog`, yarim stakandan shakar va suyuq asal, 2 donadan banan va tuxum, 3 osh qoshiq maydalangan yong`oq, 1 osh qoshiq zanjabil, 1 choy qoshiqdan dolchin, iste`mol sodasi va yumshatgich (raxrxlitel), yarim choy qoshiq maydalangan yulduzcha (gvozdika), mayiz, qand upasi tuz.
Tayyorlanishi: 1. Bananni maydalab to`g`rab, ezing.
2. Tuxumni shakar bilan ko`pirtiring. Sariyog`, asal qo`shib, ko`pirtirishda davom eting.
3. Qolgan masalliqlarni aralashtirib, ezilgan banan va oxirida un solib, xamir tayyorlang. Yog`langan keks qolipiga xamirni solib, 160 darajada qizdirilgan gaz pechiga 45 daqiqaga qo`ying. Pishgach, yuziga qand upasi sepasiz.
Tayyorlanish vaqti: 1 soatu 10 daqiqa.

«Olchazor» pirogi
Ortiqcha xarajat talab qilmaydi!
Zarur masalliqlar (4 kishilik): xamiriga: 200 gr. un, 100 gr. margarin, 1 dona tuxum, tuz; ichiga solishga: 150 gr. shakar, 125 gr. un, 100 gr. olcha murabbosi, 75 grammdan sariyog` va yong`oq, 3 dona tuxum.
Tayyorlanishi: 1. Margarinni maydalab to`g`rang. Unni tuz, margarin, tuxum bilan aralashtiring-da, xamir tayyorlang. Xamirni sellofanga o`rab, 1 soatga muzlatkichga qo`ying.
2. Xamirni yoyib, yog`langan qolipga soling. Chetlarini ko`tarib chiqing. 180 darajada qizdirilgan gaz pechiga 15 daqiqaga qo`ying.
3. Yong`oqni maydalab, tuxumni shakar bilan ko`pirtiring. Un, maydalangan yong`oq va olcha murabbosini ko`pirtirilgan tuxumga qo`shing. Olchali aralashmani korj ichiga solib, yana 40 daqiqa gaz pechida qoldiring.
Tayyorlanish vaqti: 1 soatu 20 daqiqa.

Bayramona shirinlik
Ichida olma va mayizi bor!
Zarur masalliqlar: 700 gr. olma, 300 gr. un, 200 gr. shakar, 150 gr. sariyog`, 100 gr. mayiz, 50 gr. maydalangan bodom, 2 dona tuxum sarig`i, 1 ta limon sharbati, 2 osh qoshiq qaymoq, 1 osh qoshiq o`simlik yog`i, 1 choy qoshiq dolchin, non talqoni.
Tayyorlanishi: 1. 50 gr. sariyog`ni eriting. Unni bir joyga uyib, 120 ml. qaynatib sovutilgan suv, tuxum sarig`i va eritilgan sariyog` soling. Xamir qorib, o`simlik yog`i surtib, zuvala yasang. 1 soat tindiring.
2. Olmalarni mayda to`rtburchak qilib to`g`rang. Limon sharbati, mayiz, maydalangan bodom va shakar bilan aralashtiring-da, non talqoni hamda maydalangan dolchinni soling.
3. Xamirni yupqa qilib yoying. 50 gr. sariyog`ni eritib, surtib chiqing. Qaymoq va olmali masalliqni solib, rulet shaklida o`rang. Qolgan sariyog`ni ustiga surtasiz. Yog`lagan qolipga solib, 190 darajada 50 daqiqaga qizdirilgan gaz pechiga qo`ying. Pishgach, yuziga qand upasi sepib, bo`laklarga bo`ling-da, dasturxonga torting.
Tayyorlanish vaqti: 2 soatu 20 daqiqa.

Betakror rulet
Limon bilan yanada xushta`m!
Zarur masalliqlar: xamiriga: 3 stakan un, 1/3 stakan shakar, 50 gr. shokolad, 2 dona tuxum, 4 osh qoshiq sut, 1 osh qoshiq kakao, 1 choy qoshiqdan yumshatgich va vanilin, tuz; kremiga: yarim stakan shakar, 50 gr. smetana, 2 choy qoshiq limon sharbati; bezak uchun: 1 ta limon, maydalangan bodom, 2 osh qoshiq sut, qand upasi.
Tayyorlanishi: 1. Sutga kakao solib, qaynating. Shokoladlarni ham bo`laklab soling-da, past olovda to erib ketguncha qaynating.
2. Tuxumni shakar bilan ko`pirtiring. Keyin shokoladli aralashmani solib, yaxshilab qorishtiring. Un, vanilin, tuz va yumshatgich ham qo`shing.
3. Qolipga pergament qog`oz yoyib, xamirni soling-da, 180 darajada qizdirilgan gaz pechiga 15 daqiqaga qo`ying. Keyin olib, ustidan 1 choy qoshiq shakar va 2 osh qoshiq qaynagan sut aralashmasini seping. Korjni rulet shaklida o`rab, qog`ozi bilan birga gaz pechiga 20 daqiqaga qo`ying.
4. Smetanani ko`pirtiring, shakar va limon sharbati qo`shib, ko`pirtirishda davom eting.
5. Ruletni qog`ozdan ehtiyotkorlik bilan olib, ustiga krem surting. Maydalangan bodom sepib, limon bo`laklari bilan bezang.
Tayyorlanish vaqti: 1 soatu 20 daqiqa.

«Qorqiz» shirinligi
Juda oson va tez tayyor bo`ladi!
Zarur masalliqlar: 400 gr. tvorog, 150 gr. olcha murabbosi va kokos qirindisi, 100 gr. oq shokolad, 5 gr. jelatin, 2 osh qoshiq shakar, 1,5 osh qoshiq sariyog`.
Tayyorlanishi: 1. Yarim stakan suvga jelatinni solib, 10 daqiqa iviting. Shokoladni suv bug`ida eritib, sariyog` bilan aralashtiring.
2. Jelatinning suvini silqitib, shokoladli aralashmaga soling. Tvorog va shakarni yaxshilab aralashtirib, jelatinli shokoladni qo`shing.
3. Pergament qog`oz ustiga kokos qirindisi sepib, ustidan tvorogli aralashmani soling. O`rtasiga olcha murabbosi mevalarini joylab chiqing. Ehtiyotkorlik bilan pergament qog`ozni o`rab, 6 soat muzlatkichda qo`ying. Keyin pergament qog`ozdan olib, bo`laklarga bo`ling.
Tayyorlanish vaqti: 25 daqiqa.

Murabboli «yulduzcha»
Dasturxoningiz ko`rki!
Zarur masalliqlar (20 dona uchun): 300-350 gr. un, 200 gr. margarin yoki sariyog`, 100 gr. shakar, 2 dona tuxum, 2 choy qoshiq yumshatgich (razrxlitel), 1 choy qoshiq vanilinli shakar, istalgan murabbo.
Tayyorlanishi: 1. Sariyog`ni shakar va vanilinli shakar bilan aralashtirib, tuxum qo`shing. Un va yumshatgich solib, xamir tayyorlang.
2. Xamirni 3 mm. qalinlikda yoyib, bir xil kattalikdagi aylanalar kesib oling. Keyin aylanadan yulduzcha shaklini yasang.
3. Yulduzchalarning yarmining o`rtasidan ham kichkina yulduzcha shaklini kesing.
4. Yulduzchalarni yog`langan qolipga terib, 180-190 darajada qizdirilgan gaz pechiga 10-15 daqiqaga qo`ying. Pishgach, birinchi yulduzchalarga murabbodan surtib, ustidan ikkinchi yulduzchani yopishtiring. Yuziga qand upasi seping.
Tayyorlanish vaqti: 40 daqiqa.

«Archajon»
Qizaloqlaringiz bilan birga pishiring!
Zarur masalliqlar (10 dona uchun): 400 gr. un, 200 grammdan shakar va sariyog`, 1 dona tuxum, 1 choy qoshiq dolchin; glazur uchun: 170 gr. shakar, 1 dona tuxum oqi, 1 osh qoshiq limon sharbati.
Tayyorlanishi: 1. Sariyog`ni shakar va dolchin bilan aralashtiring. Tuxum, un qo`shib, xamir qoring. Xamirdan zuvala yasab, yarim soatga muzlatkichga qo`ying.
2. Xamirni un sepgan holda 0,5 sm. qalinlikda yoying. Keyin turli kattalikdagi yulduzchalar kesib oling.
3. Yulduzchalarni yog`langan qolipga terib, 200 darajada qizdirilgan gaz pechiga 15 daqiqaga qo`ying.
4. Muzlatkichda turgan tuxum oqini limon sharbati bilan ko`pirtiring. Keyin shakar qo`shib, yaxshilab aralashtiring.
5. Yulduzchalar o`rtasiga glazur surtib, katta-kichikligiga qarab yopishtirib chiqing. Tayyor archaga qand upasi sepib, bazak bering.
Tayyorlanish vaqti: 1 soat.





