AsosiySUG'DIYONA

«Janjal sabab farzandimiz nobud bo`ldi…»

AMIR, 25 yosh.

Amir yolg`iz o`g`il, opasi allaqachon turmush qurib ketgan. Onasi va xotini Zilola uyda o`tirishadi. Yigit har kuni kechqurun yo onasidan, yo xotinidan diydiyo eshitadi. Onasi mehmon kutishni yaxshi ko`radi, butun mahalla kun davomida ularnikiga kirib-chiqib yuradi. Zilola esa «domning qizlari»dan. Uning uchun bunday bordi-keldidan foyda yo`qdek.   Xullas, kun bo`yi chiqisha olmagan qaynona-kelin Amir ishdan qaytgach, butun alamlarini unga to`kib-solishadi. Bir kuni ishdan charchab keldi, hali malakasi ko`p bo`lmagani uchun xatoga yo`l qo`ygan, dakki eshitgandi. Doimgidek qaynona-kelinlar “birinchi bo`lib ishonarli ma`lumot etkazish” poygasini boshlashdi. Avvaliga ona o`g`li bilan gaplashib olishga ulgurdi: «Xotining ketganingdan keyin telefonini kavlayveradigan odat chiqardi, pichirlashib, kulishib hammomda gaplashib o`tiribdi!». Amir g`azab bilan ichkariga kirdi, xotini yig`lab, shishib ketgandi. Zilola uni ko`rishi bilanoq «Oyingiz telefonimni olib qo`ydi, ovqatimni atay to`kib yubordi», deb yig`ladi. Amir «jonimga tegib ketding hammang» deb xotiniga qo`l ko`tardi. Ikki-uch tepkilagandan keyin yana alam bilan hovliga chiqib, «Oyi, telefon qani?» deb baqirdi. Onasi qo`rqib telefonni berdi. Amir uni devorga otib chil-chil sindirdi. Shu holatda ko`chaga chiqib ketdi. O`n daqiqadan keyin qo`l telefoniga onasi qo`ng`iroq qildi, titrab-qaqshab, «O`g`lim, kelinning mazasi bo`lmayapti, etib kel», dedi. Kelin sho`rlikning 4 haftalik homilasi ko`chib qolgan ekan...

MUHOKAMA: Qaniydi, shu kelingina og`irroq bo`lib, Amirning sevgisiga ishonib, o`ziga ortiqcha baho bermasdan, hamma holatni tabiiydek qabul qilganida... Balki, bir yildan beri intiq kutayotgan to`ng`ich farzandidan judo bo`lmasdi. Ona ham mulohazali bo`lib hovliqmaganida, tarbiyaning erga uradigan usulidan foydalanmaganida, Amirni butun umr vijdon azobiga mahkum qilgan harakatga majbur etmasdi. Bugun Amirga qiyin, chunki onasi kelindan kechirim so`ramayman deyapti. Kelinning ota-onasi esa butun oilangiz bilan kelib kechirim so`rab olib ketsangiz, boradi degan shart qo`yishgan. Amir ishga borolmay, xotinining tepasidan ketolmay o`tiribdi. Onasi bo`lgan ishdan juda siqilsa-da, xuddi o`g`li onasini emas, xotini tanlagandek alam qilayapti, g`ururi yalinib borishga yo`l qo`ymayapti...

FALSAFA: Hamma yirik voqealarning sabablari nihoyatda maishiy va kichik muammolardan boshlanadi. Mayda voqealarni erkakning qulog`idan nari qiling, yirik erkagingizning mitti sabr kosasini xarsang toshdan ko`ra o`sha mayda toshlar zich to`ldirib qo`yadi, toshib ketish tugul naqd yoriladi! Bu sabr kosaning siniqlari esa atrofdagilarni jarohatlaydi.

Boshqa yangiliklar