1

“Yorimning visoliga etdim, ammo...”

SUG'DIYONA 23.12.2016, 11:12
Teglar: Ayol, Erkak, Oila, Er-xotin, SUGDIYONA
“Yorimning visoliga etdim, ammo...”

— Hurmatli tahririyat xodimlari, sizlarga nozik bir masalada maslahat so`rab maktub yo`llayapman. Uylanganimga to`rt oy bo`ldi. Rafiqam bilan sovchi orqali, ammo bir-birimizni yoqtirib turmush qurganmiz. Mana, to`rt oydirki, er-xotinlik munosabatlariga kirisha olmayapmiz. Sababi u bu holatdan qattiq qo`rqib, o`ziga umuman yaqinlashtirmaydi. Avvaliga vaqt o`tib, hammasi iziga tushib ketar, deb sabr qildim. Endi oilamdagi kattalarning ayolimning bo`yida bo`lishini kutishayotgani meni xavotirga solmoqda. Vaziyat oydinlashsa, odamlar meni aybdorga chiqarishlaridan cho`chiyapman. Nazarimda, bu haqda uydagilar bilan maslahatlashishga endi kech. Qanday yo`l tutsam ekan? Muammom yuzasidan mutaxassislar maslahatiga muhtojman…

Hakim, Buxoro viloyati

Aziz mushtariy! Tahririyatimizga yo`llangan har bir maktub biz uchun gazetamizga bo`lgan e`tiboringiz va ishonchingiz dalolatidir. Bilamiz, xatni yozishdan avval uzoq ikkilangansiz. Bu haqda kim bilan maslahatlashishni, kimdan to`g`ri javob olishingizni bilmay boshingiz qotgan. Nihoyat, maktubni yozdingiz. Savolga javob istab his etayotgan intiqligingizni olisdan sezib turibmiz, ishoning. Bugungi mavzu garchi nozik bo`lsa-da, unga parda ortidan nazar tashlashimiz, balki siz sabab boshqalarga ham saboq bo`lar. Shu sabab «Sirlashuv» sahifamiz orqali mutaxassislar fikri va tavsiyalari bilan tanishtiramiz.

«Yangani to`g`ri tanlang

Gulruh ADXAMOVA, ruhshunos:

— Bu holatni turmushga chiqayotgan qizni nikoh kechasiga noto`g`ri tayyorlashning salbiy oqibatlaridan biri deb aytish mumkin. Odatimizga ko`ra, kelinni nikoh kechasiga yangasi tayyorlab boradi. Aslida qizlarga yaqin insoni to`ydan bir kungina avval emas, sal ertaroq bu mavzuda gapirib, ularni nikohga tayyorlab borishi to`g`riroq bo`ladi. Farzandini turmushga uzatayotgan onaxonlar masalaga yuzaki emas, jiddiy e`tibor qaratishlari lozim. Negaki turmushga chiqmagan qizning atrofidagi dugonalari jarayon haqida turli salbiy fikrlar gapirib, kelinni qo`rqitib qo`yishlari mumkin. Natijada kelin ko`p qon ketib qolishi yoki kuchli og`riqdan qo`rqqanidan jarayonni o`z vaqtida ro`y berishiga izn bermaydi. Tabiiyki bu holda ikki yosh masalaga ehtiyotkorlik va e`tibor bilan yondoshgan yanganing maslahatlariga muhtoj bo`ladi.

«Vaqtni isrof qilmang!»

Oliy toifali shifokor, androlog-seksopatolog Ramazon NAZAROV:

— Har bir holat individual. Avvalo juftlik o`rtasida muhabbat rishtalari bo`lishi juda muhim. Kelin kuyovdan cho`chimasligi, uni yaqin insoni deb qabul qilishi kerak. Ba`zi hollarda kelinning  kuyovni yoniga yaqinlashtirmasligi vaginizm kasalligi oqibatida ham bo`ladi. Bu kabi muammo bilan bizga murojaat qilgan juftliklarga avvalo kelinni ginekolog ko`rigiga olib borishni maslahat beramiz. Mutaxassis ko`rigi va tashxisdan keyin har ikkalasi seksopatolog qabuliga kelishlari mumkin. Vaziyat ijobiy tomonga hal bo`lishi uchun masalaga bee`tibor bo`lmang. Yodda tuting, vaqtni o`tkazib yuborishingiz jinsiy yaqinlik ro`y berishini yanada qiyinlashtiradi. Sizga zudlik bilan mutaxassis yordami kerak.

«Qiz bolani stress holatidan saqlang!»

Oliy toifali shifokor-ginekolog Muyassar NAZIROVA:

— Ko`pincha bu kabi vaziyatda ginekolog qabuliga kelinning qizlik pardasini tekshirtirish uchun olib kelishadi. Parda shikastlanmagani aniqlansa, kelin-kuyov androlog qabuliga yuboriladi. Kuyovni ham tibbiy tekshiruvdan o`tkazib qo`yish zarar qilmaydi. Natijani aniqlash uchun zarur ko`rikni androlog belgilab beradi. Tibbiy ko`rikdan tashqari kelindagi bu holat ruhiy ta`sir oqibati bo`lishi ham mumkin ekanini hisobga olish kerak. Balog`at yoshida, yoki voyaga etgan paytda stress holatiga sabab bo`luvchi biror kor-hol yuz bergan bo`lsa, qiz bola jinsiy yaqinlikdan qattiq qo`rqib qoladi. Buni davolashning iloji bor, albatta! Faqat atrofdagi odamlar yoshlarni tushunishi, ularga yumshoq munosabatda bo`lishi muhim. Turli mayda gap-so`z, yangi oilaning vaziyatga bo`lgan salbiy munosabati, kelindagi holatni yanada kuchaytirishi, oqibatda u emosional stressga tushib qolishi mumkin. Ishoning, bu vaqtinchalik holat. Undan chiqib ketish uchun sizdan faqat vaqt va e`tibor talab qilinadi. Xuddi shunga o`xshash vaziyatdagi bir kelinni qabulga olib kelishganida unga iymanish kerak emasligini, istak uyg`onishi uchun balki romantik film, yoki shunga o`xshash muhit yaratilishi muhim ekanini tushuntirgandik. Chunki atrofdagi qo`shimcha muammolar kelin-kuyovning parda ortidagi hayotiga ta`sir qilmasligi lozim.

 

Yangamullodan kuyovlarga tavsiyalar

  • Uzoq kutgan nikoh to`yingiz yoqimli, siz kutgandagidek do`st, yaqinlar davrasida esda qolar darajada o`tdi. Qancha odam bilan muloqotda bo`ldingiz, kun bo`yi sizga hamroh bo`lgan hayajon endi ruhiy charchoqqa aylangan bo`lsa, ajab emas. Modomiki, qattiq charchaganingizni his etayotgan bo`lsangiz, ilk yaqinlikni sal keyinroqqa qoldirganingiz ma`qul.
  •  Kelinginamning sizdan-da ikki karra ko`proq  hayajonlanayotganini esdan chiqarmang. Masalani shu bugunoq hal etishim kerak kabi o`y-xayollarni umuman esdan chiqaring. Kelinning qafasga tushgan qushdek cho`chib turishi sizdan iymanganining belgisi hamdir. Buni hisobga olib unga ohistalik bilan munosabatda bo`ling. Qo`polligingiz masalani yanada chigallashtirishini sizga eslatib qo`yishni lozim topdim.  Nainki nikoh kechasi, balki bir umr kechiradigan hayotingizni aynan ilk marotaba qilgan hatti-harakatlaringiz belgilashini bilarmidingiz?
  • Asta qadam bosgan odam, uzoq yo`l bosadi, bolajonim. Og`riq hissi siz va kelinginaning o`rtasidagi muhabbat rishtalarini biroz unutishga sabab bo`lishi mumkin. Uning og`riq tuyganini sezsangiz, noto`g`ri hatti-harakatdan tiyiling. 

Bu kecha boshqalaridan ajralib turishi yodingizdan ko`tarilmasin. Axir har ikkalangiz his etgan muhabbatni o`zgacha rishta bilan bog`laydigan oqshom bu. Bir-biringizga ehtiyotkor bo`ling. Shu daqiqalarda atrofingizni chiroyli narsalar, yoqimli hissiyotlar o`rab tursin. Shirin so`zingizni kelinginadan ayamang. Ayol kishi shirin so`zga juda o`ch bo`ladi. Unga mehr to`la so`zlar bilan yaqinlashsangiz, iymansa-da, gaplaringizdan erib ketadi.

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1