Bu haqda Moliya va iqtisodiyot vazirligi xabar berdi.
Mazkur jarayon 1 fevral kuni boshlangan bo‘lib, 20 fevralgacha davom etdi. Ushbu davr mobaynida fuqarolar tomonidan jami 21 049 ta loyiha taklifi taqdim etilgan.
Endilikda jarayonning navbatdagi bosqichi – loyihalarni saralash ishlari boshlanadi. Ushbu bosqich 21 fevraldan 7 martgacha davom etadi. Saralash jarayonida taqdim etilgan tashabbuslarning belgilangan mezon va talablarga muvofiqligi va amalga oshirish imkoniyati o‘rganiladi.
Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan loyihalar keyingi bosqich – ovoz berish jarayoniga qo‘yiladi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra eng ko‘p qo‘llab-quvvatlangan tashabbuslar moliyalashtiriladi va amaliyotga joriy etiladi.
“Tashabbusli byudjet” dasturi aholi faolligini oshirish, hududlardagi muammolarni bevosita fuqarolar ishtirokida hal etish hamda byudjet mablag‘laridan foydalanishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan.






