Fransuzchadan tarjima qilinganda «engil shabboda» ma`nosini anglatuvchi bu shirinlikni uy sharoitida tayyorlash juda oson. Zefir tayyorlashning bir necha usullari bor. Sizga tuxumning oqini ko`pirtirib o`tirmay, osongina tayyorlanadigan zeyir tayyorlashni o`rgatamiz.
Zarur masalliqlar:
300 gr. shakar, 25 gramm jelatin, 1 choy qoshiq limon kislotasi, 1 choy qoshiq iste`mol sodasi, suv va vanilin.
Tayyorlanish jarayoni:
1. Jelatinga yarim stakan iliq suv quying-da, yarim soatga tindirib qo`ying.
2. Shakarga ham yarim stakan suv solib, olovga qo`ying. qiyomni aralashtirib turgan holda 8-10 daqiqaga qaynating.
3. Qiyomga jelatinni solib aralashtiring.
4. Endi esa mikser yordamida 7-10 daqiqa davomida ko`pirtirib oling.
5. Limon kislotasini solib yana 5 daqiqa ko`pirtiring.
6. Navbat iste`mol sodasi va vanilinga etdi. Ularni solib yana 4 daqiqa ko`pirtiring.
7. Tayyor, qo`yuq oq qorishmani maxsus qolipga soling. Idishga pergament qog`ozi to`shab, so`ng ozroq yog`lang. Agar silikon qoliplaringiz bo`lsa, pergament qog`ozidan foydalanmasangiz ham bo`ladi. Ammo yog`lashni unutmang. Aks holda zefirni ajratish qiyinchilik tug`dirishi mumkin.
8. Zefirni bir kunga muzlatgichga joylashtiring. So`ng ularni olib, har birini shakar upasiga botirib oling, shunda zefirlar bir-biriga yopishib qolmaydi.
9. Yana xuddi shu uslubda mevali zefirlar tayyorlasangiz ham bo`ladi. Buning uchun tayyor mevali jelelardan harid qiling. Betakror zefir tayyorlashni istasangiz, uni ko`pirtirish uchun vaqtingizni ayamang. Shuning uchun ham har bir bosqichda ko`pirtirish vaqtlari aniq belgilangan.





