AsosiySUG'DIYONA

Bayram dasturxoningizga salatlar resepti

Sevimli olive

Yangi yilga yangicha usulda tayyorlang!

Zarur masalliqlar: 7 bo`lak qaynatilgan mol go`shti yoki tili, 6 ta tuzlangan bodring, 5 ta qaynatilgan tuxum, 1 ta kichkina bosh piyoz va qaynatilgan kartoshka, 2 osh qoshiq konservalangan ko`k no`xat, un, o`simlik yog`i, mayonez, shivit, tuz.

Tayyorlanishi: 1. Qaynatilgan mol tili bo`laklarini likopchaga aylana shaklida terib chiqing.

2. Piyozni yupqalab halqa shaklida to`g`rang. Un sepib, qizdirilgan o`simlik yog`ida qovurib oling.

3. Qaynatilgan kartoshka, tuzlangan bodring va 2 dona qaynatilgan tuxumni to`rtburchak shaklda maydalab to`g`rang. Shivitni maydalang. Masalliqlarni aralashtirib, konservalangan ko`k no`xat qo`shing. Tuz sepib, mayonez solib aralashtiring.

4. Mol tili ustidan salatni chiroyli qilib solib, atrofini qolgan tuxumlari bilan bezab chiqing.

Tayyorlanish vaqti: 45 daqiqa.

 

«Atirgul» salati

Qishda ham bahoriy kayfiyat

Zarur masalliqlar: 400 gr. qaynatilgan yog`siz go`sht, 250 gr. konservalangan qo`ziqorin, 1 ta qizil bulg`or qalampiri, ko`k piyoz, zaytun mevasi (donaksiz). Qayla uchun: 1 stakandan kamroq smetana, 2 osh qoshiq limon sharbati, maydalangan qalampir, tuz.

Tayyorlanishi: 1. Go`sht va qo`ziqorinni somoncha shaklida yupqalab, bulg`or qalampiri hamda ko`k piyozni maydalab to`g`rang. Keyin masalliqlarni aralashtiring.

2. Smetanaga tuz, maydalangan qalampir va limon sharbati soling.  Qaylani salatga qo`shib, yaxshilab aralashtiring. Salatni zaytun mevasi va tuzlangan qo`ziqorin bilan bezating.

Tayyorlanish vaqti: 50 daqiqa.

 

«1 yanvar» yaxna taomi

Seld balig`i go`shtidan…

Zarur masalliqlar: 100 gr. seld balig`i, 2 donadan kartoshka va tuxum, 1 tadan sabzi va lavlagi, ko`k piyoz.

Tayyorlanishi: 1. Sabzavotlarni qaynatib oling. Po`stlaridan tozalab, ezing. Mayonez qo`shing. Tuxumni ham qaynatib, qirg`ichdan o`tkazing-da, mayonez qo`shing.

2. Sellofan yoyib, ustiga maydallangan ko`k piyoz seping. Keyin seld balig`i bo`laklarini qo`ying. Ustidan sabzavotli bo`tqa va tuxumni soling. Tuz seping. Keyin ehtiyotkorlik bilan o`rab, muztalkichga qo`ying. Qotgach, o`rtacha kattalikda kesib, dasturxonga torting.

Tayyorlanish vaqti: 2 soat.

 

Ajoyib egulik

Baqlajon va go`shtli «duet»

Zarur masalliqlar (4 kishilik): 800 gr. go`sht, 100 gr. pishloq, 2 ta baqlajon, 1 bosh piyoz, 6 osh qoshiq o`simlik yog`i, tuz, qora murch.

Tayyorlanishi: 1. Baqlajonni 1 sm.lik qalinlikda aylana shaklda kesing. Tuz solingan suvga 20 daqiqaga solib qo`ying. Keyin suvini yaxshilab silqitib, 3 osh qoshiq qizdirilgan o`simlik yog`ida qovurib oling.

2. Piyozni halqa, go`shtni kattaroq qilib to`g`rang.

3. Qolgan o`simlik yog`ini qizdirib, go`shtning qovuring. Keyin qopqog`ini pasaytirib, 10 daqiqa past olovda qoldiring.

4. Pishloqni qirg`ichdan o`tkazing. Baqlajonning ustiga go`sht bo`laklarnini qo`yib, tuz, murch seping-da, pishloq qirindisini ham soling. 170 darajada qizdirilgan gaz pechiga 15 daqiqaga qo`yib oling.

Tayyorlanish vaqti: 1 soat.

 

«Ananas» salati

Fantaziyani ishga soling, kelinchaklar!

Zarur masalliqlari (4-6 kishilik): 200 gr. qaynatilgan tovuq go`shti, 4 ta kartoshka, 2 ta qaynatilgan tuxum sarig`i, 1 bosh piyoz, 1 osh qoshiq smetana, o`simlik yog`i. Bezak uchun: 150 sariyog`, 6 ta ko`k piyoz, 2 ta qaynatilgan tuxum oqi, 1 ta qaynatilgan sabzi.

Tayyorlanishi: 1. Kartoshkani qaynatib, tozalab, ezing. Piyozni to`rt bo`lakka bo`ling. Tuxum sarig`i, qaynatilgan tovuq go`shti va piyozni go`shtqiymalagichdan o`tkazing. Kartoshkali bo`tqaga qo`shing-da, smetana solib, aralashtiring. Qo`lingizga o`simlik yog`i surtib, likopchaga aralashmani soling-da, ananas shaklini yasang.

2. Sariyog`ni konditer qopchasiga solib, ananas atrofini kichkina gulchalar bilan bezab chiqing. Sabzini maydalab to`g`rab, sariyog`li gullarga yopishtiring. O`rtasiga esa ko`k piyoz bargini solib qo`ying. Atrofini tuxum oqi bo`laklari, sabzi va shivit bilan bezating.

Tayyorlanish vaqti: 50 daqiqa.

 

«Dengiz yulduzi»

Archagamas, dasturxoningizga bezak!

Zarur masalliqlar (4-6 kishilik): 250 gr. dudlangan go`sht (kolbasa), 200 gr. tuzlangan qo`ziqorin, 100 gr. pishloq, 3 ta qaynatilgan tuxum, 1 tadan pomidor va tuzlangan bodring. Qayla uchun: mayonez, yarim choy qoshiq qalampir. Bezak uchun: salat bargi, yarim banka tuzlangan zaytun mevasi, 4-5 ta qisqichbaqa tayyoqcha.

Tayyorlanishi: 1. Dudlangan go`shtni to`rtburchak shaklda to`g`rang. Qaynatilgan tuxumning sarig`i va oqini ajrating. Pishloq va tuxum oqini qirg`ichdan o`tkazing.

2. Tuzlangan qo`ziqorinlardan bezak uchun olib qo`yib, qolganini maydalab to`g`rang.

3. Pomidor va bodringni to`rtburchak shaklda maydalab to`g`rang. Qalampirni mayonez bilan aralashtiring. Barcha masalliqlarni aralashtirib, mayonezli qaylani soling.

4. Salatni salat bargi ustidan yulduzcha shaklida solib chiqing. Yuziga maydalangan tuxum sarig`i seping. Keyin qisqichbaqa tayyoqchalarini bo`laklab, ular bilan yulduzli salatni bezating. Atrofiga tuzlangan qo`ziqorinlarni qo`yib chiqing.

Tayyorlanish vaqti: 45 daqiqa.

Boshqa yangiliklar